Aksiyadorlarning huquqlari

Aksiyadorlarning huquqlari

16-09-2020 | Ижтимоий | 46

Kapital bozorini rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi o‘zining ish faoliyatini “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”    2019 yil 24 yanvardagi PQ-4127-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 avgustdagi 650-sonli  qarorlarida belgilangan vazifalar asosida amalga oshirmoqda.

Boshqarma tomonidan qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash yuzasidan 2020 yilning o‘tgan davrida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, “Kasbi paxta tozalash” AJning bir guruh aksiyadorlari jamiyat aksiyadorlarining kun tartibiga yirik bitim tuzish masalasi kiritilgan umumiy yig‘ilishida qarshi ovoz berganligi, lekin aksiyadorlarga ularning talabnomalariga asosan ularning aksiyalari jamiyat tomonidan bozori qiymatida sotib olinmayotganligi, shu sababli aksiyalarini jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish mobaynida haqiqatdan ham “Kasbi paxta tozalash” AJ aksiyadorlarining 28.06.2019 yilda bo‘lib o‘tgan umumiy yig‘ilishi kun tartibida yirik bitim tuzishga doir masala kiritilganligi, 1 dona aksiyaning bozor qiymati 7874,16 so‘mga baholanganligi, murojaat etgan aksiyadorlar O‘zbekiston Respubikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 40- va 41-moddasida belgilangan muddatlarda aksiyalarining bozor qiymatini to‘lab berish to‘g‘risida jamiyatga murojaat qilganligi, lekin jamiyat tomonidan ushbu Qonunning 40-, 41-moddalari talablari bajarilmasdan ushbu aksiyadorlarning aksiyalarini bozor qiymati to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Dastlab boshqarma tomonidan belgilangan tartibda “Kasbi paxta tozalash” AJga Qonun talablarini bajarishi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. “Kasbi paxta tozalash” AJ tomonidan ko‘rsatma ijrosi taʼminlanmaganligi sababli, aksiyadorlarning huquqlarini tiklash  maqsadida Kasbi tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

Birinchi instansiya sudida Kapital bozorini rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan kiritilgan daʼvo ariza rad etildi.

Shunday bo‘lsada, hududiy boshqarma  tomonidan birinchi instansiya hal qiluv qarori ustidan Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudiga appelyatsiya shikoyati kiritildi va apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan birinchi instansiya sudi qarori bekor qilinib, boshqarmaning daʼvo arizasi qanoatlantirildi va aksiyadorlarga 850 millionga yaqin mablag‘lar undirilishi bo‘yicha sud qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari, 2016 yilda Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati “Mashina traktor parklari birlashmasi” AJning yangi taʼsis etilgan “MCHJga taʼsischi bo‘lib kirmagan sobiq 3512 nafar aksiyadorlarining nominal qiymati 1 (bir) so‘mlik jami 531967115 so‘mlik aksiyalari qiymatini bozor bahosida to‘lab berish majburiyatini yuklash to‘g‘risida kiritilgan daʼvo arizasi Qashqadaryo viloyat Xo‘jalik sudining 02.03.2017 yildagi 18-1704/1911-sonli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilgan bo‘lib, javobgar “Qashqadaryo AgroservisMCHJ (huquqiy voris) zimmasiga Qashqadaryo viloyati “Mashina traktor parklari birlashmasi” AJning 3512 nafar aksiyadorlarining nominal qiymati 1 (bir) so‘mlik jami 531967115 so‘mlik aksiyalarining bozor qiymatini aniqlab, bozor qiymatida to‘lab berish majburiyati yuklangan.

Lekin, sud qarorini ijro qiluvchi organlar tomonidan javobgar aksiyalarning bozor qiymatini aniqlamaganligi sababli sud qarori ijrosi taʼminlanmay kelayotgan edi.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi - Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining huquqiy vorisi sifatida Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudiga, yuqorida ko‘rsatilgan sud qarori ijro usulini o‘zgartirish, yaʼni aksiyalarning bozor qiymatini aniqlash uchun mustaqil baholovchi jalb qilishni va aniqlangan summa bo‘yicha undiruvni javobgarning mol-mulkiga qaratish  to‘g‘risida daʼvo ariza kiritdi.

Sud tomonidan ekspert sifatida ishga mustaqil baholovchi jalb etildi va aksiyalarning bozor qiymati aniqlanib, sud ijro usulini o‘zgartirishga va javobgardan 3512 nafar aksiyador foydasiga 4 574 917 ming so‘m undirishga ajrim chiqarildi.

Aksiyalar sotib olish bilan bog‘liq tushunmovchiliklar yoki muammolarga duch kelsangiz O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qiling.

Manzil: Qarshi shahri, A.Temur ko‘chasi, 43-uy.

Telefon raqamlari: (75) – 225-05-18, (75) – 225-01-97.

Ro‘ziqulov Samariddin Ziyodulloyevich,
O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish
agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i

 

Foto galereya