Kо‘p vaqt о‘tmadi: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi tegishli qaroriga asosan mamlakatimizda fermer xо‘jaliklari va boshqa qishloq xо‘jaligi korxonalarining yer maydonlari maqbullashtirildi. Xususan, viloyatimizda ham shu maqsadda bir qator, asosan samarasiz faoliyat yuritib kelayotgan fermer xо‘jaliklari tugatilib, ularning о‘rnida yangilari tashkil etilgan yoki yerlari boshqa ilg‘or xо‘jaliklarga qо‘shib berilgan.

Ammo tan olish joiz, mazkur jarayonda kо‘plab ziddiyatli vaziyatlar, manfaatlar tо‘qnashgan holatlar yuzaga kelgani sir emas. Yeri olib qо‘yilgan fermerlar tomonidan turli idora va tashkilotlarga yо‘llanayotgan shikoyatlar salmog‘i ham shundan dalolat. Natijada Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i bilan Respublika ishchi guruhi tuzilib, shu turdagi murojaatlar bо‘yicha о‘rganish о‘tkazmoqda. Jumladan, ishchi guruh tо‘rt kun davomida Qashqadaryoda bо‘lib, viloyat hokimligi vakillari, Xalq qabulxonasi, shuningdek hududlardagi sektorlar rahbarlari,  tegishli idora va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida fermer xо‘jaliklarining yer maydonlarini maqbullashtirish bilan  bog‘liq ariza va shikoyatlarni о‘rganib chiqdi.

О‘rganish davomida 39 ta ana shunday murojaat mualliflari bilan yuzma-yuz suhbat о‘tkazildi. Bildirilgan e’tirozlar о‘rganilib, muammoni shaffof va adolatli tarzda hal etish choralari kо‘rildi.

Misol uchun, Qamashilik sobiq fermer Chorshanbi Qoraxonovning 1 gektar bog‘ maydoni hududdagi "Berdimurodov Xudoyqul" fermer xо‘jaligiga qо‘shib berilgan. Murojaat muallifi yeri olib qо‘yilishidan norozi emas, ammo boshqa fermerga berilishi tarafdori. Agar shunday qilinsa, u о‘z yerida hechqursa ishchi bо‘lib ishlashi mumkin. Ammo hozirgi fermer bilan murosa qila olmayapti.

Nishonlik Rahimjon Maksimov "Aknazarov Yunus Rajabovich" fermer xо‘jaligining 100 gektar yer maydonidan 10 gektari "Yusupov Ibragim bobo" va "Choriyev Baxriddin" fermer xо‘jaliklari tomonidan noqonuniy egallab olinganligi bо‘yicha murojaat qilgan.

Ishchi guruh tomonidan mutasaddilarga 3 kun ichida joyiga chiqib, fermer xо‘jaliklari yer maydonlarini о‘lchovdan о‘tkazish hamda chegaralarini aniq belgilab berish topshirildi.

Shuningdek, yana bir qator shikoyatlar borki, fermer yillar davomida yerga egalik qilgan, ammo rivojlanish yо‘q. Yerdan samarasiz foydalangan, shartnoma rejalari bajarilmagan. Yana yeri olib qо‘yilganidan norozi.

Misol uchun, G‘uzor tumanilik Humoyun Buxorov "Abror О‘ral о‘g‘li" fermer xо‘jaligining paxta-g‘allachilika ixtisoslashgan  100 gektar maydoni noqonuniy ravishda tuman zaxirasiga olinganini bildirgan. Ammo ishchi guruh ishtirokida holat tо‘liq о‘rganilganda, ushbu xо‘jalikda yerdan samarasiz foydalanib kelinayotgani, jumladan, 2019 yil hosili uchun chigit ekilishi rejalashtirilgan 8,5 maydonga boshqa ekinlar joylashtirgani aniqlandi. YA’ni yerlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilganligi uchun yer maydoni qonuniy asos bilan qaytarib olingan. Fermerga bu haqda tushuncha berildi.

Yoki Shahrisabz tumanidagi "Avazov Ilxom Suyunovich" bog‘dorchilik fermer xо‘jaligini olaylik.

Fuqaro Badiyeva Zebuniso mazkur xо‘jalikning 4,5 gektar yer maydoni Fermerlar kengashi xulosasi asosida olib qо‘yilganligidan norozi. Holat о‘rganilganda, fermer ushbu bog‘dan samarasiz foydalanilgani, jumladan, 0,01 gektar maydonda noqonuniy qurilish qurgani aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Umumiy hisobda, ishchi guruh о‘rgangan murojaatlarning 34 tasida fermer xо‘jaliklari yer maydoni noqonuniy ravishda qaytarib olinganligi, 1 tasida yer maydoni qaytarib olingan, lekin xarajatlari qoplab berilmaganligi bildirilgan. Yana 4 ta murojaat esa bunga qadar hal etilganligi uchun kо‘rilmasdan qoldirildi.

9 ta murojaat esa о‘z isbotini topmadi. YA’ni sobiq fermer xо‘jaligi rahbarlarining о‘z arizasi yoki ekin maydonidan maqsadsiz va samarasiz foydalanishi oqibatida yeri qaytarib olingani aniqlandi.

Yana 26 ta murojaat bо‘yicha esa fuqarolar haq. Ular kо‘targan muammolar yechimi bо‘yicha aniq takliflar о‘rtaga tashlanib, shular yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh tomonidan kо‘rilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilot va rahbarlarga yuklatilgan vazifalarning о‘z muddatida bajarilishi nazoratga olingan.

M.RAXMATOV,

О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat

majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi  katta inspektori

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-07-2019 |
Foto galereya