Qashqadaryo viloyati hokimligida Prezidentimizning joriy yil 12-13 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini о‘z vaqtida ta’minlash va hududni kompleks rivojlantirish masalalariga  bag‘ishlangan yig‘ilish о‘tkazildi.

Ma’lumot о‘rnida, Davlatimiz rahbari tashrif davomida bugungi bozor talabi va “о‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yо‘nalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Xususan, Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. G‘uzor va Muborak tumanlarida neft-gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari bо‘yicha kо‘plab korxonalar tashkil etish mumkin. 

Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

Aholining ichimlik suvi ta’minoti viloyat bо‘yicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi ta’mirtalab bо‘lib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yо‘llarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.

Viloyatning 88 maktabida “smena” kо‘rsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani kо‘rsatib о‘tildi. Qashqadaryo yoshlari oliy ta’limga kirish kо‘rsatkichi bо‘yicha mamlakatda 13-о‘rinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy о‘quv yurtlariga kira olmagan. Chekka hududlardagi maktablar ayrimlari hashar yо‘li bilan paxsadan qurilgan.

- Prezidentimiz "Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish bо‘yicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo о‘zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning kо‘pgina hududlaridan ancha orqada", deya ta’kidlaganlari bejiz emas, - dedi yig‘ilishga rahbarlik qilgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. - Maktablar yanada zamonaviylashadi va 2021 yilda birorta paxsa devorli ta’lim muassasalari qolmaydi. Kerak bо‘lsa, filial maktablar ham alohida ajralib chiqadi. Shuningdek, viloyatdagi 39 ta kо‘prik qayta ta’mirlanadi.

Yig‘ilish yakunida har bir sohani nazorat qilish bо‘yicha ishchi guruhlar tuzilib, ular orqali mablag‘larni maqsadli va eng qoloq nuqtalarga yо‘naltirishga kelishib olindi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Foto galereya