2 yil avval 50 dan ziyod edi, endi 150 dan kо‘p

2 yil avval 50 dan ziyod edi, endi 150 dan kо‘p

Chet el investitsiyasisiz iqtisodiyotni faol rivojlantirish ancha mushkul ish. Shu bois dunyoning eng oldi davlatlari ham bu masalaga о‘ta jiddiy qaraydi. Chetdan bо‘ladigan sarmoyaviy faoliyat har tomonlama rag‘batlantiriladi. Negaki, investitsiya bu faqat mablag‘ emas, balki ilg‘or texnologiyalar, malakali kadrlar, xullas, ishlab chiqarishga doir muhim yangiliklar ham deganidir. Shunday ekan, iqtisodiyotining yuqori raqobatbardoshliligini ta’minlamoqchi bо‘lgan har qanday mamlakat xorijiy sarmoyadan aslo voz kechmaydi, balki uni kо‘proq jalb qilish payida bо‘ladi.

Yurtimizda ham hozirda ayni yо‘nalishda qizg‘in ishlar ketayapti. О‘zbekiston chet ellik investorlarga о‘z eshiklarini keng ochgan. Reklamayu targ‘ibot bormi, hamma chorasi kо‘rilayapti. Asosiysi, ajnabiy tadbirkorda mustahkam ishonch uyg‘otuvchi biznes muhiti bir qadar shakllantirildi. Ba’zan kutib о‘tirmay, hatto о‘zlari borib olib kelishayapti о‘sha xorijlik ishbilarmonni. Maqsad - xalq xо‘jaligining oqsayotgan sohalarini kо‘tarish, jon kirgizish, mavjud imkoniyatni oqilona ishga solish.

Astoydil qilingan ish natija bermay qolmaydi, albatta. Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatimizda 1715 ta yangi xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona tashkil etilgani bunga yorqin misol. Birgina viloyatimizda esa ushbu kо‘rsatkich 61 taga teng bо‘lgani, о‘tgan yilning mos davriga nisbatan bu subyektlar 89 taga kо‘paygani ham kо‘p narsaga ishora. Uzoqqa bormaylik, bor-yо‘g‘i 2 yil avval vohamizda chet el sarmoyasi asosida ishlayotgan korxonalar soni nari borsa 50 tadan oshardi, xolos. Endi ular 150 tadan ortiq. Samarali ishlash uchun qulay sharoit, maqbul ishchi kuchi, muhimi, yetarli  xomashyo bazasi mavjudligi kabi omillar ham investorlarni shunchaki befarq bо‘lishga qо‘ymayapti.

Ma’lumotlarga kо‘ra, viloyatimizda investitsiyaviy faoliyat yuritish borasida Xitoy (mazkur mamlakat sarmoyasi ishtirokida 24 ta korxona ishlayapti), Rossiya (21), Afg‘oniston (14), Koreya (13) va Qozog‘iston (11) sarmoyadorlari yetakchilik qilayapti. Sо‘nggi vaqtda ular safiga Yevropaning qator mamlakatlari, uzoq yurtlar ishbilarmonlari ham qо‘shilayotgani ahamiyatlidir. Hozirda hududdagi 115 ta korxonada qо‘shma faoliyat, ya’ni mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda hamkorlik olib borilayotgan bо‘lsa, 36 ta korxona ishi tо‘liq xorijiy sarmoyaga asoslangan.

Hududlar kesimida olsak, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi (43 tasi) Qarshi shahrida joylashgan. Salmoqdorlik bо‘yicha keyingi о‘rinda Kitob (13 ta) va Nishon (12 ta) tumanlari borayapti. Ilgari Mirishkor tumani bunday korxona umuman tashkil etilmagan yagona hudud sanalgan bо‘lsa, hozirda bu yerda ham davlat rо‘yxatidan о‘tgan 4 ta tadbirkorlik subyektiga xorijiy sarmoya jalb etilmoqda. Shuningdek, Qarshi tumanida bultur shu paytda xorijiy sarmoya qatnashgan 6 ta korxona mavjud edi. Endilikda bu miqdor ijobiy tomonga jiddiy yaxshilangan.

- Bugungi kunda hududimizda  davlat rо‘yxatidan о‘tgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi 12 ta korxona bor, - deydi Qarshi tumani hokimining о‘rinbosari Farrux Sharopov. - Ularning bir qismi tо‘laqonli faoliyat kо‘rsatayapti, ayrimlari ish boshlash arafasida. Ushbu korxonalarning hudud iqtisodiyotida beqiyos о‘rin tutayotganini rad etib bо‘lmaydi. Aytaylik, tuman bо‘yicha amalga oshirilayotgan eksport hajmi, sanoat ishlab chiqarishi katta ulushi ular hissasiga tо‘g‘ri keladi. Bunday korxonalar kо‘paygani hududga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar sur’ati о‘sishiga ham turtki berayapti. Ayni vaqtga qadar shu turdagi subyektlar tomonidan jami 11,7 million AQSH dollari miqdorida tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri investitsiya jalb qilingani fikrimiz tasdig‘idir.

Mutasaddining sо‘zlariga qaraganda, mazkur sarmoyaning salmoqli qismi nafaqat viloyat, balki respublika yengil sanoatida о‘zini kо‘rsatishga ulgurgan "LT Textile International" korxonasiga tegishli. Qiymati bir necha yuz million AQSH dollariga baholangan istiqbolli loyihaning ilk bosqichida paxta tolasini qayta ishlab, ip-kalava ishlab chiqarish yо‘lga qо‘yilgan korxonada keyingi jarayonlarni faollashtirishga kirishilgan. YA’ni 2020 yilda zamonaviy tekstil majmuasida aralash mato tayyorlash quvvati ishga tushirilishi lozim. Buning uchun 120 million AQSH dollari sarflash mо‘ljal qilingan. Qо‘shimcha ravishda 650 ta yangi ish о‘rni yaratiladi. Ma’lum bо‘lishicha, xorijlik sarmoyadorlar mato tо‘qish fabrikasi qurilishini allaqachon boshlab yuborishgan. E’tiborlisi, loyihaning bu bosqichi tо‘la bajarilsa, xorijiy korxonada yiliga 12 million kvadrat metr yarim tayyor mahsulot - mato ishlab chiqarish imkoni paydo bо‘ladi.

Bundan tashqari, Qarshi tumanida Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirok etgan "Century-JV" qо‘shma korxonasi tomonidan sovutish va isitish tizimi (chiller) ishlab chiqarishni tashkil qilish, zamonaviy andaza asosida xizmat kо‘rsatuvchi mehmonxona, savdo va о‘quv markazini barpo etish kо‘zda tutilgan. Loyihaga 2,5 million AQSH dollari ekvivalentida tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Qolaversa, Tojikiston sarmoyasi negizida tashkil etilgan "Elpay"  qо‘shma korxonasida savdo terminallari ishlab chiqarish, Turkiya kapitali asosida ish boshlagan "Benefit gisht" qо‘shma korxonasida g‘isht zavodini foydalanishga topshirish maqsad qilingan. Yana bir yangi subyekt - "Sof xizmat kо‘rsatish kompleksi" qо‘shma korxonasi ham Turkiya sarmoyadorlari bilan olib borilgan samarali hamkorlik mahsulidir. Investorlar xizmat kо‘rsatishni asosiy faoliyat yо‘nalishi etib tanlagan. Qariyb 7,5 milliard sо‘m mablag‘ evaziga hududda avtokemping xizmati tashkil etilishi lozim. Chet el ishbilarmoni bunga о‘zidan 300 ming AQSH dollari qо‘shayapti. Zamonaviy quvvat Qarshi tumani Bog‘obod mahallasi hududida qad rostlaydi.

Chet el investorlari asosan viloyat iqtisodiyotining qaysi sohalariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotgani ham qiziq, albatta. Statistika kо‘rsatishicha, vohamizda ish olib borayotgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalarning qariyb 90 tasi faoliyati sanoat tarmog‘iga ixtisoslashgan. 22 ta subyekt esa agrar sektorni о‘zi uchun ustuvor yо‘nalish etib belgilagan. 17 ta korxona savdodan, 8 tasi qurilishdan, 6 tasi yashash va ovqatlanish xizmati kо‘rsatib daromad topayapti. 3 ta korxona esa tashish va saqlash faoliyati bilan mashg‘ul.

2019 yil mayida davlat rо‘yxatidan о‘tgan "Global agro industrial invest" xorijiy korxonasi istiqboldagi faoliyati qamrovi faqat bir yо‘nalish bilan cheklanmagan. Germaniyaning yirik kompaniyasi sarmoyasi asosida ta’sis etilgan ushbu tadbirkorlik subyekti tomonidan ilgari surilgan bir qator loyihalar shunday deyishimizga asos bо‘ladi.

- Avvalo, xorijlik investorni olib    kelib, keyin uni biror biznes boshlashga kо‘ndirish oson ish emas, - deydi xorijiy korxona bosh direktori Sherzod Qahhorov. - Buning zamirida о‘zaro ishonch, tinimsiz say-harakatlar yotibdi. Boz ustiga, bugun yurtimizda chet el sarmoyadoriga keng imkoniyat taqdim etilgan. Investorlarni yirik tashabbusni amalga oshirishdek qat’iy tо‘xtamga kelishga undagan narsalar ham shular. Ayni paytgacha 6 ta loyiha berganmiz. Umumiy hisobda 150 million yevro atrofida kapital yо‘naltiriladi. Biznes yuritish uchun Qarshi tumani maqbul deb topilgan.

Ishbilarmonning aytishicha, 3 yil davomida bosqichma-bosqich sut va gо‘shtni qayta ishlash tashkil etiladi. 18 million AQSH dollariga yaqin mablag‘ sarflab esa ulkan sovutkichli sig‘im qurish ham rejada bor.  Dastlabki 2 yirik quvvat ishga tushsa, xomashyo muammo bо‘lmaydi. Chunki navbatdagi loyihada buning chorasi kо‘rilgan. Korxona tasarrufida 4 ming bosh zotli qoramol boqishga mо‘ljallangan majmua barpo etiladi. Bundan tashqari, qandolat mahsulotlari tayyorlash va qishloq xо‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bо‘yicha loyihalar ham ishlab chiqilgan. Bir sо‘z bilan aytganda, klaster tizimida ishlanadi. Investorlar bu bilan kifoyalanmay, bundan ham kо‘proq rejalarni amalga oshirishmoqchi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, oxirgi bir yilda viloyatimizda xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar salmog‘i sezilarli о‘sdi. Biroq respublika miqyosida olsak, bu kо‘rsatkich о‘rtamiyonadan biroz yaxshi, xolos. Umumiy son hamda sifat borasida Toshkent shahri, vodiy viloyatlari, Samarqand va Buxorodan hamon ortda qolayapmiz. Vohamiz investitsiyaviy salohiyati va imkoniyati ushbu hududlardan hecham kam emasligi, aksincha zarur xomashyo va tabiiy resurslarga boy ekani hisobga olinsa, hali qilinishi lozim ishlar kо‘p ekani oydinlashadi. Infratuzilmani yanada yaxshilash, viloyat imijini jahonda kengroq targ‘ib qilish talab etiladi. Bu pirovardida aholi manfaati, hudud ravnaqi uchun zarur.

Mirzohid JО‘RAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

  • Telefon: (75) 221-12-88, (75) 221-03-81

  • Pochta indeksi: 180100

  • Faks: (375)221-13-40

  • Elektron pochta: info@qashqadaryo.uz

  • Manzil: Qashqadaryo viloyati,
    Qarshi shahri, Mustaqillik maydoni,1

  • Yaqin jamoat transport to`xtash joylari Milliy bank va Mustaqillik maydoni bekati avtomashrut: 1, 4, 5, 7, 10, 18, 20, 22, 23, 27, 37, 44, 462, 11, 21, 37, 33