Fuqarolar yig‘ini xodimlarini ishga olish tartibi о‘zgaradi

Joriy yilning 1 iyun sanasidan boshlab fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi о‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bu tartib О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 apreldagi "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmonida belgilangan.

Ta’kidlab о‘tish joiz, ayni paytga qadar bu vazifani fuqarolar yig‘ini va uning kengashi nomidan fuqarolar yig‘ini raisi amalga oshirib kelayotgan edi.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 maydagi farmoniga kо‘ra, shu yil 1 iyundan boshlab mahalliy zargarlarga tijorat banklaridan milliy valyutada olgan bank kreditlari bо‘yicha foiz xarajatlarini qoplashi uchun davlat tomonidan kо‘mak kо‘rsatiladi.

Mahalliy zargarlar davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlanadi

Ya’ni, mahalliy zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallarni sotib olish uchun tijorat banklaridan milliy valyutada kredit olganda, kredit foiz xarajatlarining Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq kreditlar bо‘yicha 5 foizlik punktdan ortiq bо‘lmagan qismi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qо‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali qoplanishi mumkin.

Buning uchun, 2019-2020 yillarda zaruratga qarab Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qо‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga mazkur bandda kо‘rsatilgan maqsadlar uchun Davlat byudjeti mablag‘laridan 40 milliard sо‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Qator mahsulotlar eksporti yanada soddalashadi

2019 yil 1 iyundan boshlab tirik holdagi tovuq, quyon va baliq hamda ularni sо‘yib ishlangan mahsulotlar eksporti uchunО‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.

Bu tartib О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi "Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.

DXM endi hudud tanlamaydi

2019 yil 1 iyundan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar istalgan joydagi Davlat xizmatlari markazlariga (propiska va pochta manzilidan qat’i nazar) murojaat qilishi mumkin.

Bu tartib О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi "Davlat xizmatlari kо‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida"gi qarorida belgilangan.

Ijro tizimida о‘zgarishlar yuz beradi

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 martdagi qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 iyundan boshlab ijro ishi yuritish tizimida qator о‘zgarishlar bо‘ladi.

Jumladan, endilikda ijro ishi yuritishni qо‘zg‘atish tо‘g‘risidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi. Shuningdek, ijro harakatlarini amalga oshirishga tо‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bо‘lgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining о‘z tashabbusiga kо‘ra kо‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi mumkin.

Avval ijro harakatlarining necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda kо‘rsatilmagan edi.

JAHONGIR tayyorladi.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

31-05-2019 |
Foto galereya