20 iyul - Xalqaro shaxmat kuni

- Shaxmat shunchaki о‘yin emas, - degan edi kubalik grossmeyster Raul Kapablanka. - Bu vaqt о‘tkazishning ma’lum darajada badiiylik va ilmiylikka asoslangan intellektual foydali usuli. Jismoniy mukammallik uchun sport qanchalik muhim bо‘lsa, aqliy salohiyat uchun shaxmat shunchalik muhimdir. U insonga xos bо‘lgan alohida xususiyatlarni rivojlantirish va aqlni mashq qildirishning qiziqarli hamda qulay yо‘lidir.

- Darhaqiqat, shaxmat о‘ynaydigan bola maktabda ham a’lo baholar oladi, ayniqsa, aniq fanlarni о‘rganish borasidagi salohiyati yuqori bо‘ladi, bekorga uni "aql gimnastikasi" deyishmagan-da, - deydi viloyat "Barkamol avlod" bolalar markazi shaxmat tо‘garagi murabbiysi Rahim Rajabov. - Viloyatimizda shaxmat federatsiyasi 1993 yilda tuzilgan bо‘lsa, о‘sha paytdagi a’zolar barmoq bilan sanarli edi. Natijalarimiz bilan ham unchalik maqtanib bо‘lmasdi. О‘zimiz uchun, iqtidorimizni о‘stirish uchungina shaxmat о‘ynardik gо‘yo. Sо‘nggi о‘n-о‘n besh yilda esa odamlar orasida bu о‘yinga bо‘lgan e’tibor tubdan о‘zgardi.

Bugun viloyat sportning о‘yin turlari va yengil atletika bо‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-о‘smirlar sport maktabi, Shahrisabz, Chiroqchi, G‘uzor, Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi bolalar-о‘smirlar  sport maktablarida faoliyat olib borayotgan tо‘garaklarda jami 200 nafarga yaqin yosh shaxmatchi   mashg‘ulot olib borayapti. Bundan tashqari, Qarshi shahridagi "Chess House" klubi  va "Geolog" sport-sog‘lomlashtirish markazida  xususiy tо‘garaklar tashkil etilgan. Ularda ham 50 nafardan ortiq shaxmat ishqibozi dona suradi. Sо‘nggi yillarda viloyatimizdan Akmal Fayzullayev, Nodira Nodirjonova, Umida Chorshanbiyeva, Irina Toshmurodova kabi oliy ligada dona suradigan sportchilar, о‘nlab xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bо‘lgan shaxmat ustalari yetishib chiqdi.

Viloyat sportning о‘yin turlari va yengil atletika bо‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-о‘smirlar sport maktabidagi shaxmat tо‘garagida murabbiylik qiladigan Nargiza Saidova 4 yoshdan 14 yoshgacha bо‘lgan bolalarga aql gimnastikasi bо‘yicha mashg‘ulotlar о‘tkazadi.

- 4 yashar shogirdimni ham katta musobaqalarga olib yuraman, albatta, ota-onasi bilan kelishgan holda, - deydi Nargiza Saidova. - U g‘olib bо‘lishi shart emas, muhimi, jarayonni kо‘rsin, kо‘zi qotsin. Keyingi musobaqagacha unga g‘olib bо‘lish uchun nimalar qilishi kerakligini aytishim shart bо‘lmay qoladi.

Nargiza Saidova murabbiylik qiladigan tо‘garakda 30 nafarga yaqin yosh shaxmatchi ham bor. Ularning hammasi viloyat chempionlari. Ayrimlari О‘zbekiston chempionatida  g‘olib va sovrindor bо‘lishgan. Shu bilan birga, Sultonbek Tursunov (2016 yilda Toshkentda bо‘lib о‘tgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bо‘lgan, 2017 yilda Sochida о‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashib, 6-о‘rinni egallagan), Abdumalik Xalilov (2017 yilda Xitoyda о‘tkazilgan Osiyo chempionatida 8-о‘rin, 2017-2018 yillarda viloyatimizda Ismat Shukurov xotirasiga bag‘ishlab о‘tkazilgan xalqaro turnirlarda 1-о‘rin), Shahzod Islamov (2018 yil Tailandda bо‘lib о‘tgan Osiyo chempionatida 8-о‘rin, о‘sha yilning noyabrida Toshkent shahrida о‘tkazilgan G‘arbiy Osiyo chempionatida chempion) tо‘garakning faxriga aylanib, tengdoshlari uchun о‘rnak bо‘lmoqda.

- Shaxmat - sehrli о‘yin, - deydi tо‘garak a’zosi, joriy yilning mart oyida Bо‘stonliqda Yoshlar ittifoqi tomonidan о‘tkazilgan "Yoshlar shaxmat taxtasi" respublika turnirida 3-о‘rinni egallagan Gulhida Ilhomova. - Uni о‘ynaydigan odam, ustozimiz aytganidek, yetti о‘lchab, bir kesadigan bо‘lishi kerak.  Menga bu о‘yin mas’uliyatli bо‘lishni, tо‘g‘ri qaror qabul qilishni о‘rgatdi. Kelajakda professional sportchi   bо‘lish niyatim yо‘q, lekin shaxmat о‘ynashdan tо‘xtamayman.

Bolalarning diqqatni bо‘lmay dona surishlariga qarab turib, shaxmat - insonni ulg‘aytiradi, og‘ir-bosiq qiladi, degan xayolga borasan kishi. Ular о‘zlari aytganidek, sehrli о‘yinning  sirli diyorida yurishibdi.

- Shaxmat taxtasining har bir katagida sirli olam yashiringan, - deydi Nargiza Saidova. - U kishini mushohadaga, jо‘shqin hislar girdobiga, kurash maydoniga yetaklaydi. Shaxmat о‘t-olovi yо‘q ulkan jang maydoniga о‘xshaydi. Manbalarda shaxmatni о‘ylab topishganiga besh ming yil bо‘lgan, deb yozishadi. Shuncha yildan beri 64 katakda 32 dona bilan jang qilinadi, uning muammolari cheksiz, hali hech kim adog‘iga yetmagan.

Shaxmat haqida kо‘p gapirish mumkin. Lekin uni bir bora о‘ynamagan, his qilmagan kishi uchun bu gaplar ahamiyatsizdek. Bu sport turiga kirishib ketish qiyin, kirishib ketgandan keyin chiqib ketish undan-da qiyin. G‘alabaga bо‘lgan ishtiyoq odamni yana va yana shaxmat taxtasi hamda oq va qora donalar sari yetaklayveradi.

Zebuniso NAZIROVA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

20-07-2019 |
Foto galereya