wrapper

SAMARQAND (Turon24) – 11 sentyabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumani va Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanini bog'lab turuvchi Taxtaqoracha dovonida sayyohlik axborot markazi ochildi. Bu haqda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati Turon24ga ma'lum qildi.
Dovon maydonida avtonom tipdagi mobil sanitariya va gigiena shoxobchalari bunyod etildi. Ushbu tashkiliy ishlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig'i asosida amalga oshirildi.
Dovonga yaqin masofada joylashgan Urgutning Omonqo'ton qishlog'i va Kitobning tog' yonbag'ridagi Qaynar qishlog'i o'zining tabiati, joylashuvi, o'rmon manzaralari bilan sayyohlarni jalb etib keladi.
Zarafshon tizmalaridan o'tuvchi Taxtaqoracha dovoni yo'li Samarqand va Qashqadaryo orasidagi masofani tez bosib o'tish imkonini beradi.
Turon24.uz ma'lumotlari asosida

Tog' yon bag'rida tug'ilgan Feruz Murodinovning bolalikdan hayvonotu nabotot olamiga mehri bo'lakcha edi. U ilm-fan va texnikaga bo'lgan qiziqishi bilan tengqurlaridan ajralib turardi.
2013 yilda u “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar tanlovining respublika bosqichida g'olib bo'ldi.
Besh yillik tinimsiz izlanishlari natijasida yosh ixtirochi akkumulyatorli yoqilg'i tizimini yaratib, ishlanmaga patent oldi.
"Mazkur tizim bir vaqtning o'zida sanoat korxonalari hamda avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazlarni kislorodga aylantirib beradi va yoqilg'i sarfini tejaydi, – ta'kidlaydi Feruz Murodinov. – Aytaylik, avtomobil 10 litr yoqilg'i bilan bosib o'tadigan masofaga atigi 2-3 litr kifoya qilishi mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, innovasiyaning hayotga tatbiq etilishi atmosferaga ajralayotgan zaharli gazlarni naq 75 foizga kamaytirish imkonini beradi.
"Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar biz yaratgan qurilma bilan ta'minlansa, jahon bozorida betakror brendga aylanishiga ishonaman", deydi ixtirochi.
                                       Turon24.uz ma'lumotlari asosida


Jamiyatdagi mavjud munosabatlarni tartibga solish, davlat oldidagi masalalar va muammolarni hal qilish maqsadida qonunlar, qonun osti hujjatlari va boshqa idoraviy hujjatlar qabul qilinadi. Aslida qonunlar yaxshi ishlasa, qonun osti hujjatlari va davlat organlarining ichki idoraviy hujjatlari qabul qilinishiga zarurat qolmaydi.
Bir-biriga to'g'ri kelmaydigan, jamiyat va davlat boshqaruvida ta'siri bo'lmaydigan “ojiz” va “o'lik” qonunlarning ko'p bo'lishi, barqaror bo'lmasligi, ulardan ko'ra qonun osti hujjatlari va boshqa idoraviy hujjatlarning ustun bo'lishi nafaqat qonunlar, hatto davlatga bo'lgan ishonch va hurmatga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Albatta, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ko'p jihatdan ana shu omilga bog'liq. Xo'sh, qonunlar va qonun osti hujjatlarining mukammalligi, o'zaro muvofiqligi va nuqsonsiz ishlashiga erishish uchun nima qilmoq kerak?
Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilinganini aytish o'rinli. Bunda qonunchilik bazasini tizimlashtirish, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish va ijrosini ta'minlash jarayonlari sifatini oshirishga e'tibor qaratildi. Norma ijodkorligini tartibga solish va bu jarayonga innovasiyalarni jalb etish ko'zda tutildi.
Farmon bilan nimalar belgilandi va u qanday yangiliklarga asos bo'ldi?
Birinchidan,  qonunlar va qonun osti hujjatlarini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, shu hujjatni qabul qilishga ehtiyoj bormi, amaldagi qonunlar bilan bu munosabatlarni tartibga solish imkoni yo'qmi, degan savol qo'yiladigan, so'ngra yangi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish yoki qilmaslik masalasi hal qilinadigan bo'ldi.
Ikkinchidan,  qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlarini qo'llashda qo'shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilish amaliyotiga barham berish kerakligi ta'kidlandi.
Uchinchidan,  endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini kiritish chog'ida unga, qonun va qonun osti hujjatlarini takomillashtirish, tashkiliy texnik va targ'ib qilish masalalari qamrab olingan tadbirlar rejasi ham ilova qilinadigan bo'ldi. Tadbirlar rejasi Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanadi.
To'rtinchidan, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingandan keyin alohida tadbirlar va nazorat rejalarini hamda “yo'l xaritalari”ni qo'shimcha tarzda tasdiqlash bekor qilinadi. Bu narsalar o'sha qarorning o'zida nazarda tutiladi. Farmon va qarorlarda topshiriqlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi normalar, muddatlar va mas'ul ijrochilar aniq ko'rsatilishi majburiy qilib qo'yildi.
Beshinchidan, yangi qonun va qonun osti hujjatlarini qabul qilish o'xshash munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatni bekor qilish yoki o'zgartirishlar kiritish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, farmon bilan norma ijodkorligi sohasini takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiya tasdiqlandi. Xo'sh, ushbu konsepsiya qanday yo'nalish va masalalarni o'z ichiga oladi?
Birinchidan, qonun hujjatlaridan bir-birini takrorlovchi, ziddiyatli, o'z ahamiyatini yo'qotgan va ishlamayotgan normalar chiqarib tashlanadi, idoraviy qonun hujjatlari kamayadi, qonun hujjatlarini qo'llashni tushuntirish bo'yicha Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish tartibi takomillashadi.
Ikkinchidan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida jamoatchilik muhokamalarining ta'sirini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlar ko'radigan zararni hisobga olish hamda uning o'rnini qoplash tartibini joriy etish, Konstitusiya normalariga zid ravishda qabul qilingan qonun hujjatlarini zudlik bilan bekor qilish mexanizmini yaratish nazarda tutildi.
Uchinchidan,  normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini 2019 yil 1 yanvariga qadar ishlab chiqish belgilandi. Shuningdek, fuqarolarga qonun loyihalarini barcha bosqichlarda ko'rib chiqish jarayonida axborot olish imkoniyati yaratiladi. O'zbek va rus tilida qabul qilingan qonun hujjati matnidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo'yicha choralar ko'riladi. Nazarimizda qonunlarimizni davlat tilida qabul qilish, alifbomiz bo'yicha yakuniy to'xtamga kelish vaqti etib keldi.
To'rtinchidan, norma ijodkorligi jarayoniga “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo'llashga e'tibor qaratiladi. Bu elementlar fuqarolar va tadbirkorlar foydasini ko'zlash, murakkablashtiruvchi tartib-taomillarning amal qilish muddatini cheklashdan iboratligi ko'rsatib o'tildi.
Beshinchidan, norma ijodkorligida fan va amaliyot o'zaro hamkorligining maqbul modelini shakllantirish, malakali kadrlarni tayyorlash zarurligi belgilab olindi.
Asosiysi, aholining huquqiy ong va madaniyatini oshirishga erishish eng muhim vazifalardan biri bo'lib qolaveradi. Shu vazifani bajara olsak, har birimiz boshlayotgan harakat yoki harakatsizligimizning huquqiy oqibatini yaxshi anglaymiz, shunga qarab ish yuritamiz. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilaridan huquqlarimizni qonuniy hamda asosli talab qilishga erishamiz. Asossiz shikoyatbozlik, noqonuniy talab va keraksiz iltimoslar hamda huquqiy nigilizmga chek qo'yiladi.
Abdishukur OMONOV,
viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari
qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida


Bandlik muammosi global ahamiyat kasb etayotgan dunyoning ko'plab davlatlarida mavsumiy ishlar aholining moddiy ehtiyojlarini ta'minlashda muhim manba bo'lib xizmat qilmoqda.
 
Ma'lumotlarga ko'ra,  Braziliya, Kolumbiya, Indoneziya, Vetnam, Efiopiya, Nikaragua, Gvatemala va yana bir qator davlatlarda qariyb 50 millionga yaqin odam qahva hosili yig'iladigan vaqtni orziqib kutadi. Chunki, hozir ham aksariyat mamlakatlarda qahva hosilini yig'ish, qolaversa, qahva donlarini navlarga ajratish qo'l mehnati yordamida bajariladi. Ya'ni, har qanday zamonaviy texnikadan farqli ravishda, faqat inson qo'llarigina sifatsiz, mog'or bosgan qora yoki nordon donlarni bir chetda qoldirib, eng sara qahva donlarini tanlab olishi mumkin. Shu bois, fermerlar qahva hosilini yig'ish va uni saralash ishiga ko'plab mavsumiy ishchilarni jalb etadi. Ular esa bundan unumli foydalanib, yaxshigina mablag' ishlab topadi. Shuningdek, O'rta YEr dengizi bo'yida joylashgan va “YEvropaning bog'i” hisoblanadigan Gresiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya kabi davlatlarda ham juda ko'p aholi apelsin, mandarin, zaytun, yong'oq, bodom, uzum va shu kabi mevalar hosilini yig'ish davrida qisqa muddat yollanib ishlab, buning ortidan moddiy ehtiyojlarining bir qismini qoplab olishadi.
 
Yoki boshqa bir misol, ayni vaqtda butun dunyo bo'yicha etishtiriladigan sholining 90 foizi Xitoy (190 million tonna), Hindiston (110 million tonna), Indoneziya, Bangladesh, Tailand, Myanma, Yaponiya (126 million tonna) kabi Osiyo davlatlari hissasiga to'g'ri keladi. Ma'lumki, ushbu davlatlarda yuqori va sifatli hosil olish maqsadida sholi asosan ko'chat usulida ekiladi. Bu yumushni esa faqatgina qo'lda bajarish mumkin. Shu bois sholi ekish mavsumida millionlab insonlar uni etishtiruvchi fermerlar bilan shartnoma tuzib, ularning ishiga ko'maklashadi va qilgan mehnatiga munosib haq oladi.
 
Xullas, bugun dunyoda mavsumiy ishlar aholining foydali mehnat bilan bandligini ta'minlash, real daromadlarini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. E'tiborli jihati, so'nggi yillarda mamlakatimizda ham bu borada ijobiy ko'rsatkichlar ko'zga tashlanayapti. Bu eng avvalo mehnat va unga haq to'lash tizimining to'g'ri shakllantirilgani, ya'ni qilingan mehnat o'zining munosib bahosiga ega bo'layotgani natijasidir.
 
Misol uchun, ilgari paxta yig'im-terimiga hasharchilarning qay tartibda jalb etilganini bilamiz. Bu yumush asosan talabalar, o'qituvchilar, shifokorlar yoki boshqa idora va tashkilotlar xodimlari zimmasiga tushgani ham sir emas. Vohalanki, ularning o'z ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band bo'lmagan mehnatga yaroqli aholi vakillarida esa bu faoliyatga rag'bat yo'q edi. Xo'sh, nega? Chunki tizim to'g'ri yo'lga qo'yilmagandi. Qo'lda bajarilayotgan mehnat munosib baholanmasdi.
 
So'nggi yillarda ish bilan band bo'lmagan aholining paxta yig'im-terimida ishtirok etishga bo'lgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bog'liq.
 
- Oilamizda faqat turmush o'rtog'im va o'g'lim ishlaydi, - deydi Chiroqchi tumanilik Muazzam Berdiyorova. – O'tgan yili terim mavsumida kelinim va ikki qizimni yonimga olib, qishlog'imizdagi fermer xo'jaliklari dalasidan paxta terdik. Bir oydan ko'proq vaqt davomida har birimiz o'rtacha uch yarim, to'rt millon so'mdan pul ishlab oldik. Bu bilan oila byudjetiga juda katta yordamimiz tegdi. Bu yil esa terim puli yanada oshibdi, shunga mutanosib, bizdagi g'ayrat ham jo'shib turibdi.
 
Darhaqiqat, mamlakatimizda qo'lda terilgan har kilogramm paxta uchun to'lanadigan pul miqdori keyingi ikki yilda sezilarli darajada oshdi. Natijada odamlarning mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, oila byudjetiga qo'shimcha daromad olib kirish ishtiyoqi ham yanada ortayapti. Agar 2016 yilda qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 so'm miqdorida haq to'langan bo'lsa, 2017 yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib,  dastlab 450 so'm, 1 oktyabrdan esa 500 so'm etib belgilandi.
 
Joriy yilda esa 2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig'ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risidagi Hukumat qaroriga asosan,   paxta xom ashyosining qo'lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda-kontraktasiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so'm, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so'm, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so'm mehnat haqi to'lash belgilandi. Qolaversa, shu mavsumdan boshlab paxta yig'im-terimi bo'yicha qishloq xo'jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamg'armasi uchun sug'urta badallari undirilmaydi.
 
Endi hisoblab ko'ring, deylik, birinchi terimda bir oilaning doimiy ish bilan band bo'lmagan  uch nafar a'zosi terimda ishtirok etib, birgalikda kuniga o'rtacha 300 kilogrammdan paxta terdi. Bu bir kunda 195 ming so'm pul naqd degani. Agar 15 kun shu taxlit ishlashsa, oilaga qariyb 3 million so'm qo'shimcha daromad keladi. Mavsum davomida esa bu ko'rsatkichni bemalol 10 million so'mdan oshirish mumkin.
 
Yana bir jihatga ham e'tibor qaratish joizki, joriy yilda viloyatimizning Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida (paxta-to'qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo'lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo'shimcha 150 so'm, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so'm, jami 300 so'm ustama haq to'lanishi nazarda tutilgan.
 
Bu degani, boshqa tumanlarda birinchi terimdagi qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 650 so'mdan pul berilsa, viloyatimizda etishtiriladigan paxtaning katta qismini etkazib beradigan Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida bu miqdor mavsum boshida 950 so'mni, keyinroq 1150 so'mni, oxirgi terimlarda esa 1300 so'mni tashkil etadi.
 
Demakki, ushbu hududlarda bir kunda o'rtacha 100 kilogramm paxta tergan kishi bir oyda 5 million so'mdan ortiq pul ishlab topadi.
 
Bundan tashqari, viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan ilg'or terimchilarni turli sovg'alar, pul mukofotlari bilan taqdirlab borish rejalashtirilgan. Mavsumda terimchilarning ovqatlanishi, dam olishi hamda madaniy hordiq chiqarishini  yuqori saviyada tashkil etish uchun keng hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
 
- Bu yil tumanimizda 21 ming 500 gektar maydonda paxta parvarishlandi, - deydi Koson tumani hokimligi mutaxassisi Jobir Narziev. – Tuman mirishkorlari 62 ming tonnalik paxta xirmoni yaratishni maqsad qilishgan. Hosilni asosan qo'lda, sifatli yig'ib olishni rejalashtirganmiz. Mavsum davomida terimchilarning yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida dala shiyponlari ta'mirlanib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo'lgan barcha sharoitlar yaratilmoqda.
 
Ta'kidlab o'tish joizki, joriy yilda Shahrisabz tumanida 5 ming 200, Yakkabog' tumanida 7 ming 200, Qamashi tumanida 8 ming 500, Chiroqchi tumanida esa 8 ming 600 gektar maydonda g'o'za parvarishlandi. Ushbu hududlarda paxta hosilini yig'ib olish esa yordamchi kuchlarisiz amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ya'ni, bu tumanlarda paxta to'liq fermer xo'jaliklari a'zolari, ular tomonidan jalb etiladigan mavsumiy ishchilar yordamida yig'ib olinadi. Bu ham aholining ushbu yumushdan manfaatdorligi oshgani sari paxta yig'im-terimida ishtirok etib, moddiy imkoniyatlarini yaxshilab olish istagi ortib borayotgani natijasidir. Binobarin, bugun osmonga qarab, chalpak yog'ishini kutib yotgan odam faqat va faqat fursatni boy beradi, xolos.
 
Jahongir BOYMURODOV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida


Qashqadaryo viloyati “Yoshlar markazi”da Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi Qonunining mazmun mohiyati va yoshlar hayotida tutgan o'rniga doir “Yoshlar masalasiga oid istiqbolli vazifalar: tanqidiy-tahlil va strategiya” mavzusida muloqot tashkil etildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali ro'yobga chiqarishga, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etishga xizmat qilmoqda.

Viloyatimizda bugungi kunda 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar soni
17 mln. 716 238 ming nafarni, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar esa 10 mln 122 316 ming nafarni tashkil etadi. Ushbu ko'rsatkich mamlakat aholisining 61 % dan ko'prog'ini tashkil etadi.

- Viloyatda O'zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi” qonunining qabul qilingan kunni respublikamizning barcha hududlarida keng nishonlash, unda har bir yoshning dunyoqarashini o'zgartirish, eng chekka hududlargacha etib boradigan, izchil mexanizmga ega bo'lgan, yoshlarda vatanga muhabbat, yuksak faxr-iftixor tuyg'ularini uyg'otuvchi, bugungi zamonning har jabhasini o'z ichiga qamrab oladigan, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma'rifiy, mehr-muruvvat, ishchanlik, kitobni sevish, oilapavarlik, madaniyat, san'at, sport tadbirlarini amalga oshirish maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati targ'iboti oyligi” tashkil etilmoqda, - deydi bo'lim mudiri M.Shukurova.

Birgina, joriy yilning o'tgan davrida Yoshlar ittifoqi tomonidan viloyatimizda 97 nafar ikoniyati cheklangan yoshlarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi va kerakli buyumlar olib berildi. O'tgan 2 yil davomida 245 (2016-2018 yillar) nafar yoshlarga jami 24 mlrd. 463 mln 485 ming so'mlik imtiyozli kreditlar ajratilishida ko'maklashildi. Ayniqsa, bu borada 2018 yilda joriy etilgan “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat Dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.  Birgina joriy yilda 12 mlrd. 516 mln so'm kreditlar imtiyozli ravishda yoshlarga taqdim etildi.
Shuningdek, 3 214 nafar yoshlarning bandligini ta'minlashga ko'maklashildi. Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko'rsatgichi o'tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygani yoshlarning huquqiy bilimlarining yuksalayotganidan darak beradi.
Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi tomonidan sudga 4 nafar shaxsga nisbatan kafolat xati taqdim etildi va ularning barchasi qanoatlantirilib, sud zalidan ozod etildi.
Muloqotda so'z olganlar tomonidan ta'kidlandiki, yoshlarga oid davlat siyosati yurtimizda bugungi kunda muhim siyosiy yo'nalish sifatida izchil jarayon bo'lib, u yoshlar mavqei va hayoti bilan bog'liq bo'lgan voqelikning bosh xususiyatlarini o'zida mujassam etmoqda.
Ahror Sodiqov.







«Vatanparvar» tashkilotining Qarshidagi avtomobil maktabida yangi chaqirilganlarni qabul qilish tadbiri o'tkazildi
        2018 yilning 12 sentyabr kuni O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar”  tashkiloti Qarshi avtomobil maktabida II-oqim chaqiriluvchilarini qabul qilish va ochiq eshiklar kuni tadbiri o'tkazildi.
          Joriy yilning 12 sentyabr kuni O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qarshi avtomobil maktabida “Vatanparvar” tashkilotining Qashqadaryo viloyati tashkiloti, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Milliy gvardiya, Davlat ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat bo'limi hamkorligida O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari uchun harbiy-texnik mutaxassislarini II oqim chaqiriluvchilarini qabul qilish va ochiq eshiklar kuni tadbiri o'tkazildi.
         Hamkorlikda faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan yoshlar va fuqarolar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, yuksak ma'naviy-ahloqiy sifatlarni tarbiyalash borasida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirish maqsadida Qarshi shahridagi Nuriston akademik liseyi o'quvchilari hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari va oila a'zolari tadbirga taklif etildi.
        “Vatanparvar” tashkiloti o'quv muassasalarida O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarga harbiy-texnik mutaxassislar tayyorlash rejasiga asosan 2018-2019 o'quv yilining II-oqimida Qarshi avtomobil maktabi hamda tuman (shahar) Mudofaa ishlari bo'limlari tomonidan100 nafar chaqiriluvchilar saralab olindi. Saralab olingan chaqiriluvchilardan harbiy-texnika mutaxassisliklari bo'yicha 4 ta o'quv guruhlari tuzilgan bo'lib, bulardan:
1)“VS” toifali haydovchi                       -25 nafar
2)“Radiotelefonist”                              -25 nafar
3)“Dizelchi-elektrik”                              -25 nafar
4)“Aloqa liniya nazoratchisi”                -25 nafar
         Tadbirda Mudofaa ishlari boshqarmasidan F.Xusanov, Milliy gvardiyada xizmat qiluvchi kichik serjant R.Boymatov, “Vatanparvar” tashkilotining Qashqadaryo viloyatitashkiloti raisi B.Yazdanov, Qarshi avtomobil maktabi boshlig'i S.Botirov hamda tashrif buyurgan ota-onalar so'zga chiqib chaqiriluvchilarning o'qishlariga va bundan keyingi harbiy xizmatda Vatanga sodiq xizmat qilishlarini vabundan keyingi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladilar.
          Tadbirda Milliy gvardiya va chaqiriluvchilarning harbiy ko'rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Kun.uz ma'lumotlari asosida


 

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari natijasi qanday? U kutilgan samarani berayaptimi? Aniqlanayotgan holatlar aholining tinch-to'kis hayotini ta'minlaydimi? Buni birgina o'tgan hafta raqamlari misolida oladigan bo'lsak, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 6 sentyabr kuni huquqbuzarlik sodir etgan 177 fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy choralar ko'rilgan. Ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida 2 nafar shaxs ma'muriy nazoratga olingan.
Davomat tadbirlari asosida 3 nafar ota-onaga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 47-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sababsiz dars mashg'ulotlarida qatnashmayotgan 11 nafar o'quvchi ta'limga qaytarilgan.


Shuningdek, yong'in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki davlat yong'in nazorati organlarining yozma ko'rsatmalari bandlarini bajarmayotgan 11 fuqaroga ma'muriy choralar ko'rilgan, yong'in sodir bo'lishiga olib kelishi mumkin bo'lgan 2 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha to'xtatilgan va nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlab qo'yilgan.
Bungacha esa...

Kalishdagi opiy

Inson yoshi ulg'aygani sari hayotning past-balandini, oq-qorasini tanib, anglab boradi. Qari bilganni pari bilmas, deganlari chin. Ammo hayotda shunday kishilar ham borki, yoshi keksayib, nevaralariga, yoshlarga o'rnak bo'lish o'rniga odam nomiga isnod keltiradigan yumushlar bilan shug'ullanib yurishadi. To'ringdan go'ring yaqin, insofga kelsang-chi, deydigan mardum ham topilmaydi bunday chog'larda.
Mirishkor tumani Madaniyat mahallasida yashovchi nafaqaxo'r B.Xolboeva ham oz emas, ko'p emas, 63 yoshda. Bir qarashda bu onaxon qonunga xilof ish qiladiganga o'xshamaydi. U tuman markazidagi FHDYo bo'limi yonida ketib borarkan, uning xatti-harakatlari ichki ishlar xodimida shubha uyg'otdi. Tekshiruv jarayonida esa B.Xolboevaning kalishi ichida sellofan paketga o'ralgan sarg'ish rangli, nam holatdagi o'simlik talqoni va qoramtir rangli modda borligi aniqlandi. Ekspertiza tahlillari o'simlik talqoni ko'knor xashagi ekani va sof og'irligi 1,2 grammligi, narigisi esa og'irligi 0,15 gramm bo'lgan opiy giyohvand moddasi ekanligini ko'rsatdi.
To'g'ri, mazkur holatni xaspo'shlaydigan vajlar ko'p. Kimdir tirikchilikni, kimdir bilmaganini, yana birov bilib turib adashganini aytadi. Nima bo'lganda ham javobgarlik muqarrar. Yana bir jihati, giyohvandlikning ayanchli oqibatlaridan bugun bexabar odam topilmagani holda bunday ishga qo'l urayotgan har bir ongli kishi qilmishi qonun-ku mayli, vijdon va axloqqa ham to'g'ri kelmasligini tushunishi kerak.
Mazkur holat bo'yicha Mirishkor tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksi 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Tuman FHDYo bo'limi yonida xuddi shunday yana bir jinoyat sodir etildi.    Muborak tumani 2-mittitumanda ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan       Sh.Nazarov G. ismli shaxsga 1 million so'm pul evaziga giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda ushlandi. U bilan birga bo'lgan, Chiroqchi tumani Qo'chqorbuloq qishlog'ida ro'yxatda turuvchi, 1975 yilda tug'ilgan    R.Elmurodov boshqaruvida bo'lgan “Vaz-21011” rusumli avtomashina ichki qismi orqa oyna tagidan esa gugurt qutisi ichidagi qoramtir-malla rangli, o'tkir hidli modda aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.
Viloyat IIB EKB eksperti ma'lumotnomasiga ko'ra, avtomashinadan topilgan modda tarkibida morfin, kodein, tebain alkaloid giyohvand moddalari bor va u opiy deb ataladi, og'irligi 3 gramm. G. ismli shaxsga sotilgan modda ham opiy bo'lib, vazni 3,81 grammga teng.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Tilla o'g'rilari


Bozor – o'z nomi bilan bozor, unda o'g'riyam, to'g'riyam bo'ladi. Shuning uchun bu erga ehtiyotini qilib kirgan kishi xotirjam tarzda chiqib ketishi mumkin.
Chiroqchi tumani G'allakor qishlog'ida yashovchi, 1976 yilda tug'ilgan S.A.ga bozor begona edi, deb bo'lmasdi. Tillavor savdosida suyagi qotib kelayotgandi. Tumandagi Qoraburuq qishlog'ida joylashgan “Ko'ktosh Barakasi” MChJ bozorida ekan, nimadir bo'ldiyu, charm sumkasidagi 97 million 348 ming so'mlik tilla taqinchoqlari va    3 ming AQSh dollari hamda o'zi bilan bir qishloqda yashovchi K.G.ga tegishli 19 million so'mlik tilla taqinchoqlar o'g'irlab ketilganini payqab qoldi.
Chiroqchi tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan 4 nafar xotin-qiz qo'lga olindi va Jinoyat kodeksi 169-modasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yashirin sex faoliyati to'xtatildi

Yashirin faoliyat ko'rsatishning zarari shundaki, avvalo, bu qonunga zid, qolaversa, tayyorlanayotgan mahsulotning aholi salomatligiga jiddiy ziyon etkazmasligiga kafolat yo'q, davlat byudjetiga belgilangan soliq va to'lovlar to'lanmaydi va hokazo.
Shahrisabz shahri Kunchiqar mahallasida yashovchi, 1948 yilda tug'ilgan S.Avloqulov yashash xonadonida tashkil qilgan sex yuqoridagi fikrimizga dalil bo'la oladi. Bugun yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan bir vaqtda S.Avloqulovning yashirin yo'lni tanlagani g'alati. To'g'ri, soliq to'lamay qanchadir daromadga ega bo'lish mumkin, biroq tokaygacha?! Ko'za kunda emas, kunida sinadi, deb bejiz aytishmagan axir.
O'rganish davomida xonadonda yog'-moy ishlab chiqarish sex qurilmasi, 3 dona juvoz uskunasi, 29 qop chigit, 16 qop zig'ir va 140 kilogramm yog' borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB TB tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qimorda tillodan ham qimmatini yutqazishdi

Profilaktika tadbirlari davomida Qarshi tumani Mirmiron mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug'ilgan S.M. o'z uyida mahalladoshlari M.M. va S.M. bilan 176 ming so'm pul tikib, qimor o'ynayotgani aniqlangan.
Qarshi tumani Quyi Beshkent qishlog'ida yashovchi X.Sh. ham o'z mahalladoshlari bilan 120 ming so'm pul tikib, qimor o'ynagan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 191-moddasi bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman ma'muriy sudi tomonidan ularning har biriga eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bu aytishga oson, biroq ushbu yigitlar hayotining oltinga teng davrini qimorga tikkani va boy berganini anglarmikan? Axir, umr bir marta beriladi, uning har oni g'animat, har fursatidan unumli foydalanib qolish kerak.
Yana bir jihati, qimorbozlik bugun asosan yoshlar orasida “urf”ga aylangan. Kattalarning ko'zi qaerda, degan savol tug'iladi. Aynan qimor sabab qancha odamning umri xazon bo'lgani, necha-necha oilalarga putur etganini unutib qo'ymadikmi? “Ha, bolalar bir karta o'ynasa o'ynabdi” qabilidagi beparvolik ertaga jiddiy jinoyatlarga yo'l ochishini bilamizmi?

Keskin choralarsiz kamaytirib bo'lmaydi

Hayotda har bir kishi o'z sohilini o'zi belgilaydi: birov ilm yo'lini tanlasa, boshqasi yaxshi bir hunarning boshini tutadi. Yana kimdir umr to'lqinlari qaerga boshlasa, o'sha tomonga ketadi. Ba'zilar borki,   nafsi boshlagan yo'lni ma'qul ko'radi. U keltiradigan isnod, yuzi qoralik, o'chmas dog' esga olinmaydi. Keyingi vaqtlarda tobora ko'payib borayotgan fohisha(boz)lik haqida ayni shu fikrlarni bildirish mumkin. Amaliyot shuni ko'rsatayaptiki, bu borada qat'iy choralarga o'tish vaqti keldi. Chunki fohishalikni kasb qilganlarga aksar hollarda qo'llanayotgan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi jarima ushbu jirkanch qilmishni butkul cheklashga kamlik qilayapti. Jazo keskin bo'lmas ekan, xulqi buzuq kimsalar ko'payib boraveradi.
Masalan, Shahrisabz shahri Teparlik mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug'ilgan X.M. tanishi, 1986 yilda tug'ilgan E.B. bilan 16 ming so'm evaziga munosabatga kirishgan. Mirishkor tumani Yangi Mirishkor mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug'ilgan S.U. mahalladoshi, 1988 yilda tug'ilgan A.O.ga 50 ming so'mga “xizmat ko'rsatgan”. Kitob tumani Yakkasaroy mahallasilik, 1988 yilda tug'ilgan R.G. 20 ming so'm evaziga fohishalik qilgan.
Albatta, holatlar juda ko'p. Ulardan undirilgan jarimalar ham. Ammo asosiy maqsad fohishalardan jarima undirish emas, bunday qilmishga mutlaq chek qo'yish emasmi?!

Eski, biroq baribir qurol-da


Ota-bobolarimiz ov qilish va shunga o'xshash maqsadlarda turli o'qotar qurollardan foydalangan. Ular bugun ancha eskirib, yaroqsiz holga kelgani bilan   nomi qurol, u yoq-bu yog'ini epaqaga keltirib, boshqalarga xavf tug'diradigan vositaga aylantirish mumkin. Shuning uchun Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq tegishli ruxsatnomasiz o'qotar qurol, shuningdek, o'q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o'tish yoki jo'natish mumkin emas. Bordiyu bunday qurollar ota-bobolarimizdan saqlanib qolgan bo'lsa-chi? Ular belgilangan tartibda topshirilishi kerak, aks holda jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Shu asosda olib borilgan targ'ibot tadbirlari natijasida Shahrisabz tumani Vodriq qishlog'ida yashovchi, 1964 yilda tug'ilgan To'ychi Qobilov eski     omborxonasini ta'mirlash vaqtida devor orasidan topib olgan, marhum otasi G'uzor Qobilovga tegishli bo'lgan 1 nilli o'qotar ov qurolining stvolini o'z ixtiyori bilan tuman IIBga topshirdi.
Mirishkor tumani O'zbekiston mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug'ilgan Davlat Kenjaev ham eski molxonasini buzayotgan vaqtida devor orasidan 2 nilli, Toz-8 rusumli, 80903-65 raqamli o'qotar ov qurolini topib olib, qonunga muvofiq ish tutishni ma'qul ko'rdi.
Dehqonobod tumani Cho'qmozor qishlog'ida yashovchi Bashi Xudoyqulova marhum turmush o'rtog'idan qolgan 1 nilli, 16 kalibrli, raqami va ishlab chiqarilgan sanasi noaniq o'qotar ov qurolini ichki ishlar idorasiga keltirib berdi.
Shuningdek, Shahrisabz shahrida tan jarohatlari bilan bog'liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida “Tig'” tadbiri o'tkazilib, shaharda haydovchilik bilan shug'ullanuvchi 28 kishi yonida o'tkir tig'li pichoq olib yurgani aniqlandi va tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Yuqoridagi holatlardan bir savol kelib chiqadi: jinoyat va huquqbuzarliklar soni nega ko'p: qonunni pisand etmaydiganlar ko'payganmi yo huquq-tartibot idoralari yaxshi ishlayapti? Albatta, ikkinchisi bo'lgani hammaga ma'qul. Ammo amaliyot ushbu idoralar xodimlari ko'p hollarda “pojarny metod” asosida, jinoyatning vaqtida oldini olishdan ko'ra uni ro'yxatga olib, oqibatlari bilan ishlayotganini ko'rsatayotgani kishini chuqur mushohadaga chorlaydi…

N.XO'JAEV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

shanba, 22 Sentyabr 2018 00:00

Yosh atletlar bahslashdi

Avtor

Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati manejida sportning engil atletika turi bo'yicha 2003-2004 hamda 2005-2006 yillarda tug'ilgan o'smirlar va qizlar o'rtasida viloyat chempionati o'tkazildi.
Viloyat hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda O'zbekiston engil atletika federasiyasi viloyat bo'limi tashabbusi bilan o'tkazilgan musobaqada150 nafar (shundan 75 nafari qizlar)dan ortiq yosh atletlarimiz munosib ishtirok etdi.
Musobaqada sportchilar 60 metr, 400 metr, 3 ming metrga yugurish, nayza uloqtirish, uzunlikka sakrash, sportcha yurish, balandlikka sakrash bo'yicha o'zaro bellashdilar.
Murosasiz o'tgan bahslarda barcha yo'nalishlar bo'yicha g'oliblar va sovrindorlar aniqlandi. Ularga medal va diplomlar topshirildi.
Dilfuza JUMAYEVA
Qashqadaryogz.uz  ma'lumotlari asosida

yakshanba, 09 Sentyabr 2018 00:00

UZOQ KUTILGAN FORUM

Avtor

    Qashqa vohasining zumrad-gavhari – ko‘hna keshda xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tishi, unda 73 davlat vakillarining ishtirok etayotgani milliy musiqa san’atimiz rivojida muhim yangi bosqichni boshlab berishi bilan barchamizga faxr-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Shu o‘rinda aytish joiz, Shahrisabz ahli azaldan san’atga  ixlosmand. Yaqin tarixni esga olaylik. Sobiq ittifoq mafkurachilarining asosiy sa’y-harakatlari ma’naviyatimizni bo‘g‘ishga qaratilgan bir davrda o‘tgan asrning 70-yillarida aholi tashabbusi bilan Saxovand, Qutchi, Hazora, Shavkan qishloqlarida san’at saroylari qad rostladi. 1971 yilda tumanda  “Shodiyona” amsambli tuzildi. Uning shuhrati tez orada yurtimizdan o‘tib, jahonga yoyildi, xalq ansambli bo‘lib tanildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oygul Xalilova ayni shu ansambl tarkibida elga tanila boshlagandi.

1979 yili Qutchi va Hazora qishloqlari iste’dodli yoshlaridan tarkib topgan “Qaldirg‘och” ansambli tuzildi. 1984 yilda unga ham xalq ansambli unvoni berildi. Uning a’zolaridan biri –Usmon Berdiyev bugun Respublika maqomchilar guruhida  faoliyat olib borayotir.

1991 yilda Ulug‘bek jamoa xo‘jaligida “Sarvinoz” ansambli tuzildi. Uning tarbiyalanuvchilari ham bugun mamlakatimiz teatrlarida faoliyat yuritadi.

Ahamiyatlisi, san’atga oshuftalik boshqa sohalarga ham begona emasdi. Masalan, Shahrisabz paxta tozalash zavodi qoshida “Oltin tola”, pillachilik zavodi qoshida esa “Kumush tola” ansambllari faoliyat ko‘rsatardi.

Mazkur ansambllarni tashkillashtirishda kuni kecha Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan, bugungi kunda Shahrisabz shahridagi     “Baxtli bolalik” namunali bolalar maqomchilar ansambli badiiy rahbari bo‘lgan Elmurod Boymurodovning xizmatlari kattadir.

Yana shuni aytish o‘rinliki, orada ayrim mutasaddilarning beparvoligi sabab mazkur ansambllar tarqab ketdi, san’at saroylari huvillab, binolari xususiylashtirish bahonasida har turli kishilar qo‘liga o‘tdi.

Bugungi voqelik shuni ko‘rsatayaptiki, o‘sha ansambllarni tiklash, san’at saroylarini xalqqa qaytarish fursati yetdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani va shu doirada ko‘zda tutilayotgan tadbirlar esa ayni shu maqsadlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

Jabbor XALIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Shahrisabz tumanlararo

bo‘limi raisi

Juma, 07 Sentyabr 2018 00:00

Maqom sanʼati – umumiy boyligimiz

Avtor

Maqom sanʼati – umumiy boyligimiz

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan sanʼatshunos olimlar, mutaxassislar, xonanda va sozandalar, hukumat vakillari ishtirok etmoqda. OʻzA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Bazaviy interaktiv xizmatlar

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 338 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Foydali resurslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati
www.press-service.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati
www.senat.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi
www.parliament.gov.uz
   
O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali
www.gov.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
www.ombudsman.uz
   
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
www.prokuratura.uz
   
 
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo'yicha davlat inspeksiyasi
http://gis.uz/

 

Mobil ilovalar

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family
Reset