wrapper



Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida 23 ta oilaviy mehmon uyi ochilib, 50 dan ortiq ish o'rinlari yaratildi.
Joriy yilning 25 sentyabr holatiga ko'ra, respublikada 23 ta oilaviy mehmon uyi ro'yxatga olindi. Mazkur oilaviy mehmon uylari asosan Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ochilib, 50 dan ortiq ish o'rinlari yaratildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta'kidlash joizki, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ochilgan oilaviy mehmon uyi 3 nafargacha xodim yollashi mumkin. Bugungi kunda mazkur oilaviy mehmon uylari xorijiy va respublikaning boshqa viloyatlaridan kelayotgan sayyohlar va mehmonlarni joylashtirish uchun xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qarorining qabul qilinishi turizm faoliyati sub'ektlarini rivojlantirishni yanada qo'llab-quvvatlash, hududlarning turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, aholining bandligi va farovonligini oshirishga qaratilgan.
Mazkur hujjatning mazmun mohiyatini keng targ'ib etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari va aholi o'rtasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek aholi tomonidan o'z uyida oilaviy mehmon uylari ochishga qiziqish tobora ortib bormoqda va O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, uning hududiy bo'linmalariga oilaviy mehmon uylari ochish masalasiga oid 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushib, ular bilan tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan yo'riqnomadaoilaviy mehmon uylarini ochish to'g'risida batafsil ma'lumotga ega bo'lishingiz mumkin.
Gazeta.uz ma'lumotlari asosida

shanba, 20 Oktyaber 2018 00:00

Non va non mahsulotlari doimo xaridorgir

Avtor


Uddaburon tadbirkor mahsuloti uchun bozorni birdaniga uzoqdan qidirmaydi. Avvaliga o'ziga yaqin hududni qamrab oladi.

Qarshi tumanidagi “Mirjahon Akmal” xususiy korxonasi rahbari Akmal Omonov ham shunday yo'l tutgan. 2015 yilda biznesini tashkil etar ekan, ishlab chiqargan mahsulotini o'zi yashayotgan Fayzobod mahallasi ahliga taqdim etdi. Yaxshi bo'lsa, erda qolmaydi, deganicha bor. Sifati xaridorlarga ma'qul keldi, bu esa ishbilarmonning foydasiga xizmat qildi.
 Korxona asosan milliy shirinlik va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Nima ko'p, mahalladoshlarning yaxshi kuni, to'yi ko'p. Shu sabab tadbirkor taklif etayotgan noz-ne'mat hududning o'zidan ortmaydi.
- Chetdan yangi uskuna sotib olib kelib, ishni faqat qolipli non chiqarishdan boshlaganmiz, - deydi tadbirkor. – Mana, bugun ancha o'sishga erishdik. Mahsulot turini ko'paytirdik. Qolipli non yoniga obi non, patir ham qo'shildi. Qolaversa, 3 xil turdagi milliy shirinliklar tayyorlanayapti. Natijada seximizni ancha kengaytirib oldik. Hozir 10 nafarga yaqin qishloqdoshimni ish bilan ta'minlaganman. Asosan buyurtmaga qarab ishlaymiz. Kuniga 100 kilogramm qandolat, 200 dona qolipli non tayyorlab sotamiz. Yaqindan tuman markazi va Qarshi shahriga ham mahsulot etkazib berishni boshladik.
Yosh ishbilarmonning rejasi ko'p. Qo'lga kiritgani bilan ham kifoyalanmoqchi emas. Birinchidan, o'sib borayotgan talabni hisobga olib ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirmoqchi. Qolaversa, tayyorlanayotgan mahsulot turini ham ko'paytirish maqsad qilingan. Loyihani hayotga tatbiq etish uchun moliyaviy yordam olish maqsadida tijorat bankiga zarur hujjatlarni ham topshirgan.
Mirzohid JO'RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan surat.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

shanba, 20 Oktyaber 2018 00:00

Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi

Avtor

Asrlar davomida kishilar ruhiyatiga sokinlik baxsh etib kelgan Sharq xalqlarining nodir san'at namunasi – maqom jozibasi 6–10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida bo'lib o'tgan 1-Xalqaro maqom san'ati anjumanida yana bir bor yorqin namoyon bo'ldi. Unda turli xalqlar vakillari ijrosida  yangragan musiqa va ijrolar zavqi hamon dillarni to'lqinlantirib turibdi. Eng quvonarlisi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 17 noyabrdagi “O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan ushbu xalqaro anjuman endi har ikki yilda bir marta qadim Keshda an'anaviy tarzda o'tkaziladi.

– Bugun maqom san'ati haqida gap ketsa, albatta Shahrisabz, ko'hna Kesh haqida gap ketganda esa maqom san'ati tilga olinadi, – deydi milliy maqom san'ati jonkuyari Boymurod Elmurodov. – Avvallari asosan o'rta yoshdan oshganlar, ziyoli qatlam vakillari ushbu yo'nalishdagi kuy–qo'shiqlarni ko'proq tinglagan bo'lsa, endi har bir O'zbekistonlik qalbida milliy maqomimizga tashnalik paydo bo'ldi, unga bo'lgan qiziqish ortdi. Shunga monand, mazkur yo'nalishni tanlagan yangi–yangi yosh ijrochilar ko'paymoqda.
Darhaqiqat, zamonaviy ijodiy an'analar, asrlar davomida mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan noyob san'at namunalari hech bir san'atga oshno qalbni befarq qoldirmaydi. Binobarin, xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo'lgan milliy maqom san'ati o'zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an'analari bilan ma'naviy hayotimizda alohida muhim o'rin egallaydi.
“Bu noyob boylikni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol etkazish turli qit'a va mamlakatlar vakillarini bu go'zal maskanda mujassam etgan anjumanimizning asosiy maqsadidir”, deya ta'kidlagan edi   Prezidentimiz 1-Xalqaro maqom san'ati anjumani ochilish marosimida.   Shuningdek, uning doirasida tashkil etilgan konferensiya, qizg'in ilmiy muloqotlar bilan bir qatorda, bevosita Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Shaxrisabzda ochilgan va o'zida maqom san'atiga oid hujjatlar, kino, fono, fotomateriallar va turli qadimiy topilma ashyolarini to'plagan “Maqom muzeyi” ham xalqimizning ushbu madaniy merosi bardavomligini ta'minlashga xizmat qiladigan muhim manba bo'ldi.  
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 avgustdagi “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan  shahar madaniyat bo'limi huzuridagi Madaniyat va aholi dam olish markazi binosida joylashtirilgan muassasada, ma'lumotlarga ko'ra, dastlab yuzga yaqin   ekspozisiya namoyishga qo'yilgan edi. Xususan, unda 1937 yilda Surxondaryo viloyatining Ayritom mavzesida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog'ida topilgan va ayni paytda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyida saqlanayotgan qadimiy friz nusxasini uchratish mumkin. Yodgorlikda chang va ud musiqa asboblarini chalayotgan ayollar haykalchalari aks etgani o'lkamizda musiqa ilmi juda ko'p asrlar muqaddam shakllanganidan dalolat beradi.

- “Maqom muzeyi” muassasamiz filiali sifatida faoliyat ko'rsatayapti, - deydi Amir Temur nomidagi moddiy-madaniyat tarixi muzeyi direktori Nabi Xushvaqtov. – Muntazam ravishda undagi eksponatlar tarkibini boyitib borishga harakat qilayapmiz. Ana shu sa'y-harakatlarimiz evaziga hozirda undan joy olgan ashyolar soni 400 dan oshdi. Turli musiqa asboblari, qator etnografik materiallar ushbu muzey fondini to'ldirayapti. Shunga monand, bu muassasaga keluvchilar soni ham ortib bormoqda. Hozir bir oyda o'rtacha ming nafarga yaqin san'at ixlosmandlari “Maqom muzeyi”ni tomosha qilayotgan bo'lsa, shundan yuz nafarga yaqini xorijlik sayyohlar ekanini qayd etish o'rinli.
Maqom san'ati, uning tarixiga oid xalqimizning boy madaniy merosi barchamizda g'urur va iftixor tuyg'ularini kuchaytirishi bilan ham ahamiyatli. Ayniqsa, yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bebaho tarixiy va madaniy merosga hurmat, Vatanga sadoqat tuyg'ularini tarbiyalash, milliy o'zlikni anglash tuyg'usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirishda uning o'rni beqiyosdir. Shundan kelib chiqib mulohaza etsak, Xalqaro maqom san'ati anjumaniga an'anaviy tus berilishi, uning doirasida yo'lga qo'yilgan ilmiy-amaliy jarayonlar, “Maqom muzeyi” faoliyati ma'naviy-madaniy sohada erishgan katta yutug'imiz bo'ldi. 
 
Go'zal FAYZIYEVA,
Shahrisabz tumanidagi 70-maktabning tarix fani o'qituvchisi
Qalbiniso HUSANOVA,
Yakkabog' tumanidagi 75-maktabning tarix fani o'qituvchisi
                                                            Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida