wrapper

Maxsus imkoniyatlar
Hujjatlar

Hujjatlar (16)

2017-yil 18-mart shanba dam olish kunini 2017-yil 20-mart dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

 

 

 

Umumxalq Navro‘z bayramining yurtimiz ma’naviy hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida: 

2017-yil 18-mart shanba dam olish kuni 2017-yil 20-mart dushanba kuniga ko‘chirilsin va ish kuni deb hisoblansin; 

2017-yil 20-mart dushanba kuni dam olish kuni deb e’lon qilinsin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.Mirziyoyev 

Toshkent shahri, 2017-yil 16-mart

Batafsil

Kasb-hunarga o'qitish markazlariga o'qitishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirining buyrug'i

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 sentyabrdagi 270-son «Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o'qitish markazi faoliyatini ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi hamda 2015 yil 15 maydagi 122-son «Koreya Respublikasi Hukumatining grantini jalb etgan holda Samarqand shahrida Kasb-hunarga o'qitish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Kasb-hunarga o'qitish markazlariga o'qitishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O'zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012 yil 29 noyabrdagi 74-son «Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o'qitish markaziga o'quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o'qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug'i (ro'yxat raqami 2408, 2012 yil 25 dekabr) (O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2012 y., 52-son, 597-modda) o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2017 yil 27 yanvar,

3-B-son
O'zbekiston Respublikasi mehnat vazirining 2017 yil 27 yanvardagi 3-B-son buyrug'iga
ILOVA
Kasb-hunarga o'qitish markazlariga o'qitishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 sentyabrdagi 270-son «Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o'qitish markazi faoliyatini ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi hamda 2015 yil 15 maydagi 122-son «Koreya Respublikasi Hukumatining grantini jalb etgan holda Samarqand shahrida Kasb-hunarga o'qitish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorlariga muvofiq Kasb-hunarga o'qitish markazlariga (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) o'quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o'qitishga qabul qilish hamda kirish va yakuniy malaka imtihonlarini o'tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari Markaz tomonidan to'lov asosida tashkil etiladigan qisqa muddatli o'qitish kurslariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Markazga ishga joylashtirishni kafolatlovchi uch tomonlama (ish beruvchi, tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi, jismoniy shaxs) shartnoma va mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi yo'llanmalari mavjud bo'lgan ishsizlar va vaqtincha band bo'lmagan aholi, shu jumladan kasb-hunar kollejlarini va akademik liseylarni bitirgan doimiy ishga ega bo'lmagan shaxslar tanlov asosida o'qishga qabul qilinadi.
2-bob. Markazga o'qishga qabul qilish
3. O'qishga qabul qilishni tashkil etish uchun o'qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan kamida oltmish kun oldin Markaz direktori tomonidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan kelishgan holda qabul rejasi tasdiqlanadi.
4. Qabul rejasida o'qishga hujjatlarni qabul qilish boshlanadigan kun, yo'nalishlar bo'yicha qabul kvotasi ko'rsatiladi.
5. Tasdiqlangan qabul rejasi asosida Markaz tomonidan:
o'qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt;
tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishlari va mutaxassisliklari ro'yxati;
Markazning manzili va murojaat uchun telefon raqamlari ko'rsatilgan xabar o'qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan kamida ellik besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Markazning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
6. O'qishga qabul qilishni tashkil etish uchun Markaz direktorining buyrug'i bilan kamida besh kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Bunda Markazning Marketing va ishga joylashtirish monitoringi sho''basi boshlig'i ishchi guruh rahbari hisoblanadi.
7. Quyidagilar ishchi guruhning vazifalari hisoblanadi:
nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish;
kirish imtihonlarini o'tkazish jadvallarini tuzish va tasdiqlash;
kirish imtihonlarini o'tkazish bilan bog'liq ishlarni tashkillashtirish.
8. O'qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish o'qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan ellik kun oldin boshlanadi va o'ttiz kun davom etadi.
9. O'qishga kirish uchun nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
pasport nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida pasportning asl nusxasi ko'rsatiladi);
ishga joylashtirishni kafolatlovchi uch tomonlama (ish beruvchi, tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi, jismoniy shaxs) shartnoma nusxasi;
tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi tomonidan berilgan yo'llanma;
3,5 x 4,5 sm o'lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.
Nomzodlardan mazkur bandda ko'rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
10. Hujjatlarni topshirgan shaxsga ularning qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi.
11. Nomzodlarning hujjatlari saqlanishi uchun ishchi guruh rahbari mas'ul hisoblanadi.
3-bob. Kirish imtihonlarini o'tkazish
12. Kirish imtihonlarini o'tkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan kelishilgan holda Markaz direktorining buyrug'i bilan kamida 9 kishidan iborat quyidagi tarkibda komissiya tuziladi:
komissiya raisi — tegishli Mehnat bosh boshqarmasi boshlig'i (u bo'lmaganda, uning vazifasini bajaruvchi shaxs);
komissiya raisi o'rinbosari — Markaz direktori;
komissiya kotibi — Markaz direktorining o'quv ishlari bo'yicha o'rinbosari;
komissiya a'zolari — Markazning mas'ul xodimlari hamda kelishuv asosida turdosh kasb-hunar kollejlarining ishlab chiqarish ta'limi ustalari.
13. Kirish imtihonlari o'qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan o'n besh kun oldin boshlanadi va har bir yo'nalish bo'yicha alohida kunda o'tkaziladi.
Kirish imtihonlari bo'lib o'tadigan kunlar haqidagi ma'lumotlar e'lonlar taxtasiga osib qo'yiladi va bir vaqtning o'zida Markazning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
14. Kirish imtihonlari test shaklida o'tkaziladi.
15. Test savollari matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari hamda tegishli tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishiga oid mutaxassislik bo'yicha tuziladi.
16. Test savollari komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi.
17. Test savollari va ularning javoblari komissiya kotibida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligi uchun mas'ul hisoblanadi.
18. Imtihon o'tkazish uchun Markaz tomonidan alohida auditoriyalar ajratiladi va har bir auditoriyaga Markaz xodimlari orasidan auditoriya rahbari tayinlanadi.
19. Kirish imtihonlari komissiya tomonidan belgilangan kunda soat 9:30 da boshlanadi. Nomzodlar soat 9:00 dan 9:20 gacha imtihon o'tkaziladigan auditoriyaga kiritiladi.
Kirish imtihoniga kelmagan (soat 9:20 dan keyin imtihon o'tkaziladigan auditoriyada bo'lmagan) nomzodlar uchun qo'shimcha imtihon o'tkazilmaydi.
20. Kirish imtihoni o'tkazilayotgan auditoriyaga mikrokalkulyator, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
21. Nomzodga test topshiriqlarini bajarish uchun 50 ta test savoli beriladi.
Test savollari 4 ta blokdan iborat bo'lib, matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo'yicha — 15 tadan hamda tegishli tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishiga oid mutaxassislik bo'yicha — 5 ta test savoli bo'ladi.
22. Test savollarini echish uchun 2 soat vaqt beriladi.
23. Nomzodlarga beriladigan test savollari kitob shaklida bo'ladi va uning titul varag'ida nomzodning F.I.O., tegishli tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishi nomi, kirish imtihoni o'tkazilgan kun va auditoriya raqami, auditoriya rahbarining F.I.O., test savollariga berilgan javoblarni tekshirish natijalari va tekshirgan shaxsning (shaxslarning) F.I.O. va imzosi ko'rsatiladi.
24. Har bir test savolida 4 tadan javob varianti beriladi. Nomzodlar test savollarini echishda faqat bitta to'g'ri javobni belgilashi lozim.
To'g'ri javob test savoli kitobidagi test savolining o'zida belgilanadi. Bunda test savolida berilgan variantlardan (A, B, C, D) biri havorang pastali sharikli ruchkadan foydalanilgan holda doiraga olish orqali belgilanadi.
Test savolida faqat bitta to'g'ri javob belgilanishi lozim.
Javoblarni belgilashda o'chirish va tuzatishlarga hamda bir nechta javobni belgilashga yo'l qo'yilmaydi.
Javoblar to'g'ri belgilanishi uchun nomzod shaxsan javobgardir. Javoblarni noto'g'ri belgilagan nomzodlarning e'tirozi ko'rib chiqilmaydi.
25. Kirish imtihonini topshirish vaqtida nomzodning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, nomzodning sog'lig'i yomonlashgan holatlar bundan mustasno.
26. Nomzodga kirish imtihonini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
27. Test sinovlarini o'tkazish vaqtida test sinovlari o'tkazilayotgan auditoriyada nomzodlar, auditoriya rahbari va komissiya a'zolaridan tashqari boshqa shaxslarning bo'lishi taqiqlanadi.
28. Test sinovlarini o'tkazishni boshlashdan avval auditoriya rahbari nomzodlarga kirish imtihonlarini o'tkazish tartibini tushuntirishi shart.
29. Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagach, nomzodlar test materiallarini auditoriya rahbariga topshiradi.
30. Komissiya a'zolari imtihon o'tkazilgan kundan boshlab ikki kun ichida test savollariga berilgan javoblarni tekshirib, natijalarni (to'g'ri va noto'g'ri javoblar soni) tegishlicha har bir nomzodning test kitobi titul varag'iga yozib qo'yishi shart.
31. Nomzodning test savollariga bergan to'g'ri javoblari komissiya tomonidan quyidagicha baholanadi:
matematika fani bo'yicha berilgan har bir to'g'ri javob uchun — 4,1 ball;
fizika fani bo'yicha berilgan har bir to'g'ri javob uchun — 3,1 ball;
axborot texnologiyalari va informatika fani bo'yicha berilgan har bir to'g'ri javob uchun — 2,1 ball;
tegishli tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishiga oid mutaxassislik bo'yicha berilgan har bir to'g'ri javob uchun — 1,1 ball qo'yiladi.
32. Markazga nomzodlarni o'qishga qabul qilish test sinovlari natijalariga ko'ra to'plangan ballarning reyting tizimi bo'yicha amalga oshiriladi.
Test sinovlari natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan nomzodlar tegishli kvota doirasida o'qishga qabul qilinadi.
33. Kirish imtihoni natijalari komissiya tomonidan test savollariga berilgan javoblar natijalarini barcha nomzodlarning test kitobi titul varag'iga yozilgandan keyin bir kun ichida e'lon qilinadi. Test sinovlari natijalari Markazning e'lonlar taxtasiga osib qo'yiladi va bir vaqtning o'zida Markazning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
34. Test sinovlari natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan (tegishli kvota doirasida) nomzodlarning ro'yxati komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi.
35. Komissiya majlisining bayoni asosida Markaz direktori tomonidan nomzodlarni o'qishga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqariladi.
Markazda o'qitish boshlangan kundan boshlab 10 kun ichida o'z xohishiga ko'ra o'qish istagi bo'lmagan o'quvchi ariza bilan murojaat qilganda, uning o'rniga qabul kvotasi doirasida to'plangan ballarning reytingi bo'yicha o'qishga qabul qilinadigan nomzodlar chizig'ining pastki qismida eng yuqori ball to'plagan nomzod o'qishga qabul qilinadi.
36. O'qishga qabul qilingan o'quvchilar haqidagi ma'lumot buyruq chiqarilgan kundan boshlab uch kun ichida Markaz tomonidan yo'llanma bergan tegishli tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markaziga yuboriladi.
37. Kirish imtihoni natijalaridan norozi bo'lgan nomzod Markaz direktorining buyrug'i bilan tuziladigan apellyasiya komissiyasiga apellyasiya berish huquqiga ega.
38. Apellyasiya komissiyasi tarkibiga komissiya faoliyatida ishtirok etmagan Markaz xodimlari orasidan komissiya raisi va kamida to'rt nafar, qoida tariqasida, xar bir yo'nalish bo'yicha bittadan a'zo kiritiladi.
Nomzod kirish imtihoni natijasidan norozi bo'lgan taqdirda, kirish imtihoni natijasi e'lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyasiya berishi mumkin. Nomzod tomonidan berilgan appelyasiya apellyasiya komissiyasi tomonidan 24 soat ichida ko'rib chiqilishi lozim.
4-bob. Markazda o'quvchilarni o'qitish
39. O'qitish kunduzgi o'qish shaklida amalga oshiriladi.
40. O'qitish O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan kelishgan holda Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan o'quv dasturiga (bundan buyon matnda o'quv dasturi deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladi.
41. O'qitish jarayoni 6 oygacha Markazda nazariy va amaliy darslarni hamda 4 oygacha ishlab chiqarish amaliyotini o'z ichiga oladi.
42. O'quvchilarning o'quv dasturini o'zlashtirish darajasini aniqlash uchun Markazda joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari o'tkaziladi.
43. O'quvchining o'qitish (qayta tayyorlash) mobaynidagi har bir fan bo'yicha o'zlashtirishi «5» ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi.
44. Markazning ichki tartib va odob-axloq qoidalarini muntazam ravishda buzgan yoki o'quv dasturini o'z vaqtida o'zlashtirmagan yoxud uzrsiz sabablarga ko'ra 36 soatdan ortiq dars qoldirgan o'quvchilar o'quvchilar safidan chiqariladi.
5-bob. Yakuniy malaka imtihonlarini o'tkazish
45. O'quvchilarning o'qitish jarayonida egallagan bilimini va o'quv dasturini o'zlashtirish darajasini belgilash uchun Markazda yakuniy malaka imtihonlari o'tkaziladi.
46. Yakuniy malaka imtihonlari o'quvchilarning ishlab chiqarish amaliyoti tugagandan so'ng o'n besh kun ichida o'tkaziladi.
47. O'quv dasturini o'zlashtirgan o'quvchilar Markaz direktorining buyrug'iga asosan yakuniy malaka imtihoniga qo'yiladi.
48. Yakuniy malaka imtihonlari nazariy savol va kasbiy amaliy topshiriq shaklida o'tkaziladi. Bunda imtihon biletida 1 ta nazariy savol va 2 ta kasbiy amaliy topshiriq beriladi.
Imtihon savollari va kasbiy amaliy topshiriqlar o'quv dasturida o'rin olgan fanlar bo'yicha tuziladi.
Imtihon savollari va kasbiy amaliy topshiriqlar yakuniy malaka imtihonlari boshlanishidan ikki oy oldin Markazning rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali o'quvchilar e'tiboriga etkaziladi.
49. Yakuniy malaka imtihonlarini o'tkazish jadvali yakuniy malaka imtihonlari boshlanishidan kamida o'n besh kun oldin Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi va e'lonlar taxtasiga osib qo'yish orqali o'quvchilar e'tiboriga etkaziladi.
50. Yakuniy malaka imtihonlarini o'tkazish bo'yicha Markaz direktorining buyrug'i asosida malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
51. Malaka komissiyasiga Markaz joylashgan hududdagi tegishli Mehnat bosh boshqarmasi boshlig'i (u bo'lmaganda, uning vazifasini bajaruvchi shaxs) raislik qiladi. Markaz direktori Malaka komissiyasi raisi o'rinbosari hisoblanadi.
52. Malaka komissiyasiga har bir yo'nalish bo'yicha (4 ta yo'nalish bo'yicha) Markazning o'qituvchi va ustalari hamda boshqa korxona, tashkilot va muassasalarning (kelishuv asosida) soha mutaxassislari orasidan 4 tadan a'zo kiritiladi.
53. O'quvchilar nazariy savollarga bergan javoblariga qarab quyidagi mezonlar asosida «5» ballik tizimda baholanadi:
o'quvchi to'g'ri xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, amalda qo'llay oladi, mohiyatini to'liq tushunadi, biladi va aytib beradi deb topilganda — «5» ball;
o'quvchi mushohada yuritadi, amalda qo'llay oladi, mohiyatini tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — «4» ball;
o'quvchi mohiyatini qisman tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — «3» ball;
o'quvchi bilmaydi, aytib bera olmaydi va tasavvurga ega emas deb topilganda — «2» ball.
54. O'quvchilar kasbiy amaliy topshiriqni bajarishi quyidagi mezonlar asosida «5» ballik tizimda baholanadi:
o'quvchi topshiriqni to'g'ri va to'liq, mustaqil hamda amaliy metodik qo'llanmalardan foydalanmasdan bajardi deb topilganda — «5» ball;
o'quvchi topshiriqni to'g'ri va to'liq, mustaqil bajardi, biroq tegishli amaliy metodik qo'llanmalardan foydalandi deb topilganda — «4» ball;
o'quvchi topshiriqni to'g'ri va to'liq bajardi, biroq tegishli metodik qo'llanmalardan hamda ustaning og'zaki maslahatidan foydalandi deb topilganda — «3» ball;
o'quvchi tegishli metodik qo'llanmalardan hamda ustaning og'zaki maslahatidan foydalangan holda topshiriqni to'g'ri va to'liq bajara olmagan deb topilganda — «2» ball.
55. O'quvchi tomonidan nazariy savolga javob berilgandan hamda kasbiy amaliy topshiriq bajarilgandan so'ng, tegishli yo'nalish bo'yicha Malaka komissiyasining har bir a'zosi nomzodga o'zining bahosini qo'yadi. Komissiya a'zolari tomonidan qo'yilgan baholar muhokama qilinib, o'quvchiga o'rtacha arifmetik ball qo'yiladi.
56. Yakuniy malaka imtihoni natijalari imtihon yakunlangandan so'ng o'quvchilarga e'lon qilinadi.
57. O'rtacha arifmetik balli «3» balldan kam bo'lgan o'quvchi yakuniy malaka imtihonidan o'tmagan hisoblanadi.
58. Yakuniy malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o'tgan (o'rtacha arifmetik balli «3» va undan yuqori bo'lgan) o'quvchilarga Malaka komissiyasi qaroriga asosan tegishli namunadagi diplom beriladi.
59. Yakuniy malaka imtihonidan o'tmagan o'quvchilarga Malaka komissiyasi qaroriga asosan imtihonni bir marta qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Yakuniy malaka imtihonini qayta topshirishi lozim bo'lgan o'quvchilar ro'yxati, qayta topshirish kuni va vaqti Malaka komissiyasi qarorida ko'rsatiladi.
60. Yakuniy malaka imtihoniga uzrli sabablarga ko'ra kelmagan o'quvchilar Malaka komissiyasi qaroriga asosan 1 yil davomida o'tkaziladigan navbatdagi yakuniy malaka imtihoniga kelish va uni topshirish huquqiga ega.
61. Yakuniy malaka imtihonlari natijasidan norozi bo'lgan o'quvchilar Markaz direktorining buyrug'i bilan tuziladigan apellyasiya komissiyasiga apellyasiya berish huquqiga ega.
62. Apellyasiya komissiyasi tarkibiga komissiya faoliyatida ishtirok etmagan Markaz xodimlari orasidan komissiya raisi va kamida to'rt nafar, qoida tariqasida, har bir yo'nalish bo'yicha bittadan a'zo kiritiladi.
O'quvchi yakuniy malaka imtihonlari natijasidan norozi bo'lgan taqdirda, yakuniy malaka imtihonlari natijasi e'lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyasiya berishi mumkin. O'quvchi tomonidan berilgan appellyasiya apellyasiya komissiyasi tomonidan 24 soat ichida ko'rib chiqilishi lozim.
6-bob. Yakuniy qoida
.63. Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan kelishilgan.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori U. SALIMOV


Batafsil

2017 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go'zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o'zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o'lmas meros sifatida bezavol o'tib kelayotgan Navro'zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat'iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma'nodagi umumxalq bayramiga aylanib qoldi.
Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg'onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo'lmish Navro'zning yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag'rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o'rni va ta'siri tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug' ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
1. 2017 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Tashkiliy qo'mita Navro'z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o'tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'naviy tadbirlar rejasini o'n kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratilsin:
Navro'z kunlarida insonning tabiat bilan uzviyligini, o'zini uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne'matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg'usi bilan yashashga da'vat qiladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarda bo'lib o'tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro'z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog'liq urf-odatlar, an'analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
Navro'zning ruhi va falsafasida o'z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug' insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e'zozlash, ko'makka muhtoj insonlarga beg'araz yordam berish bilan bog'liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo'lmish Navro'z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko'lamdagi obodonchilik va ko'kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste'dodli estrada artistlarini keng jalb etish;
sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o'yinlari, folklor san'atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg'ularni tarannum etadigan kuy va qo'shiqlar, o'lan va laparlarga keng o'rin berish.
3. Belgilab qo'yilsinki, o'tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
4. O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Jahon» axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini ta'minlash O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Ushbu qaror «Xalq so'zi» gazetasining 2017 yil 2 martdagi 44 (6738)-sonida e'lon qilingan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoYEV


Batafsil

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash tizimini tubdan takomillashtirish, pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini so'zsiz ta'minlash, ularning O'zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to'lovlarni to'siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi rahbarlarining e'tibori O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o'z vaqtida to'lanmayotgani, to'lov terminallari va bank apparatlari tizimi etarli darajada rivojlanmagan holda to'lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o'tkazilayotgani to'g'risida ko'plab murojaatlar kelib tushayotganiga qaratilsin.

2. Belgilab qo'yilsinki, 2017 yilning fevral oyidan boshlab:

barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to'liq hajmda naqd shaklda beriladi;

ilovada keltirilgan tog'li va olis tumanlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to'lash, ijtimoiy to'lovlar hech qanday cheklovlarsiz to'liq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi;

oliy o'quv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.

3. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi, “O'zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati pensiyalar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan muddatda, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to'lanishini ta'minlasin.

4. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

tijorat banklari bilan birgalikda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to'lovlarni to'lashda yo'l qo'yilayotgan doimiy suiiste'molliklarni so'zsiz bartaraf etishga doir choralarni ko'rsin, to'lovlarning birinchi talabga binoan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar hisob raqamlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta'minlasin;

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, tijorat banklari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud to'lov terminallari infratuzilmasini hisobga olgan holda ish haqini naqd shaklda va plastik kartalarga o'tkazish yo'li bilan to'lashni tanqidiy qayta ko'rib chiqsin va bu borada maqbul nisbatlarni belgilasin. Qabul qilingan chora-tadbirlar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berilsin.

5. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 5 avgustdagi 147-sonli “Banklardagi depozit hisobvaraqlardan naqd pul to'lovlarini uzluksiz ta'minlash kafolatlari to'g'risida”gi qarorining 3- va 4-bandlarida ko'zda tutilgan naqd pul mablag'lari o'z vaqtida berilishini ta'minlamayotgan tijorat banklari rahbarlari va mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish bo'yicha normalar amalda qanday qo'llanilayotganini o'rgansin.

6. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tijorat banklari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda naqd pul mablag'larining bankdan tashqari aylanmaga chiqib ketishiga yo'l qo'ymaslik hamda uning savdo va xizmat ko'rsatish sohasidan tijorat banklari kassalariga o'z vaqtida qaytarilishini ta'minlashga qaratilgan aniq tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta'minlasin.

7. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o'z vaqtida va uzluksiz to'lanishini ta'minlash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullaev, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari R.S.Azimov va Markaziy bank raisi F.M.Mullajonov zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh.Mirziyoev


Toshkent shahri, 2017 yil 2 fevral

* * *


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi,
pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash
mexanizmini takomillashtirishga doir qo'shimcha
chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaroriga

ShARH

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorida pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli va samarali himoya qilish, ular O'zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to'lovlarni to'siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga doir qat'iy choralar belgilangan.

Mazkur qaror mamlakatimiz hududlarida ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to'lashdagi mavjud ahvolni tanqidiy tahlil qilish natijasida qabul qilindi. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlar tahlili ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o'z vaqtida to'lamaslik, to'lovlarni plastik kartochkalarga naqdsiz shaklda asossiz ravishda o'tkazish holatlari ko'paygani hamda to'lov terminallari va bank apparatlari tizimi etarli darajada rivojlanmaganini ko'rsatmoqda.

2016 yil 27 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon 7 mingdan ortiq shunday mazmundagi murojaatlar kelib tushgan.

Ushbu salbiy holatlarga barham berish maqsadida qarorda 2017 yil fevral oyidan boshlab:

birinchidan, barcha turdagi pensiyalarni to'lash hech qanday cheklovlarsiz to'liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi;

ikkinchidan, 58 tog'li va olis tumanlarda joylashgan byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to'lash, shuningdek, ushbu tumanlar aholisiga ijtimoiy to'lovlar ham hech qanday cheklovlarsiz to'liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi;

uchinchidan, oliy o'quv yurtlari talabalariga stipendiya to'lash 50 foizdan kam bo'lmagan miqdorda naqd shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi, Pensiya jamg'armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to'lanishini ta'minlashga doir qat'iy topshiriq berilgan.

Bundan tashqari, hududlarda shakllangan ish haqini naqd shaklda hamda plastik kartalarga o'tkazish yo'li bilan to'lashdagi nisbatlar tanqidiy qayta ko'rib chiqiladi. Bu jarayonda odamlar o'z ish haqidan foydalanishda muammolarga duch kelmasligi va o'zlariga kerakli tovar va xizmatlarni erkin xarid qilishlari uchun mavjud to'lov terminallari infratuzilmasi hisobga olinadi.

Markaziy bank tijorat banklarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to'lovlarni to'lashda yo'l qo'yilayotgan qoidabuzarliklar va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etishga doir ishlarini tashkil etishi lozim. Birinchi talabga binoan pul mablag'lari xo'jalik yurituvchi sub'ektlar hisobvaraqlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta'minlashi zarur.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o'z vaqtida va to'liq to'lanishi Bosh prokuratura tomonidan qat'iy nazoratga olinadi. Shuningdek, Bosh prokuratura tijorat banklari mansabdor shaxslarining belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi to'g'risidagi qonunchilik normalarining amalda qo'llanilishini o'rganadi.

Shu bilan bir qatorda, qarorda tijorat banklarini ish haqi, pensiyalar va boshqa ijtimoiy to'lovlarni to'lash uchun kerakli naqd pul mablag'lari bilan ta'minlash maqsadida pul mablag'larining savdo va xizmat ko'rsatish sohasidan to'liq va o'z vaqtida tijorat banklari kassalariga topshirilishini ta'minlashga qaratilgan hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos keladigan tizimli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Prezidentimiz qarori ijrosini ta'minlash ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to'lovlarni amalga oshirish bilan bog'liq vaziyatni tubdan yaxshilash va fuqarolarning o'z pul mablag'larini o'zlariga qulay shaklda olish bo'yicha qonuniy huquqlarini to'la ta'minlashga xizmat qiladi.

Batafsil

Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Iqtisodiyotning innovasion rivojlanishida akademik fanning ahamiyatini yanada oshirish, Fanlar akademiyasining nufuzini yuksaltirish va faoliyatini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovasion faoliyatni boshqarish va tartibga solishning yagona tizimini shakllantirish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning o'rnini oshirish maqsadida:

Batafsil

Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qayd etib o'tilsinki, mustaqillik yillarida xalqimizning boy madaniy merosini qayta tiklash, yuksak ma'naviyat, milliy o'ziga xoslik va xalq an'analarining mavjud ko'p asrlik sarchashmalarini butun choralar bilan rivojlantirish, jismonan sog'lom, ma'nan etuk va har tomonlama barkamol shaxslar jamiyatini barpo etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Aholining madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada to'la qondirishga, teatr, musiqa, tasviriy san'at hamda boshqa san'at turlarini rivojlantirishga, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam ko'rsatishga alohida e'tibor qaratildi. Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish bo'yicha tizimli va aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nufuzli xalqaro musobaqalarda O'zbekiston sharafini munosib himoya qilish va yuksak marralarni zabt etishga qodir mahoratli sportchilar tayyorlashning samarali tizimi yaratildi.

Batafsil

Yo'l xo'jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni



Avtomobil yo'llari va sun'iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo'l xo'jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo'l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to'laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida:

Batafsil

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi. U nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.

Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining qalbidan chuqur joy olgan Birinchi Prezidentimizning so‘nmas xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mamlakatimiz fuqarolaridan ko‘plab takliflar tushmoqda.

Xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2016-yil oktabr oyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzilgani;

Toshkent shahar, Yashnobod tumanining Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan jome masjidga “Islom ota jome masjidi” deb nom berilgani;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrda “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish chora-tadbirlari rejasini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin.

Shu munosabat bilan quyidagi vazifalar topshirilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasini barpo etish;

tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosini yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovda g‘olib deb topilgan haykallarni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘rnatish;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari birgalikda: Birinchi Prezidentimiz ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida (O‘zbekiston ko‘chasi, 45) Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasini tashkil etish va Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini ham ushbu manzil bo‘yicha joylashtirish; Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyini tashkil etish;

quyidagi muassasa va obyektlarga:

Toshkent davlat texnika universitetiga;

Asaka shahridagi avtomobil zavodiga;

Farg‘ona shahridagi San’at saroyiga;

Toshkent xalqaro aeroportiga;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berish;

har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30-yanvar kunini keng nishonlash, 2-sentabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish. Ushbu sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatini keng yoritish;

oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish;

Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish;

Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish.

3. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish bilan bog‘liq tadbirlar keng yoritilsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri, 2017-yil 25-yanvar

Batafsil

Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida:

Batafsil

2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo'yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Keyingi yillarda qishloq joylarda aholi uchun namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilganligi qayd etilsin. Faqat 2009-2016 yillar davrida qishloq joylarda 1308 turar joy massivida umumiy maydoni 9 573 ming kvadrat metr bo'lgan 69 557 ta shinam uy-joy qurildi. Qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi.

Batafsil

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 129 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family