wrapper



O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "El-yurt hurmati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari sohibi, milliy maqom san’atining chin ma’nodagi jonkuyari Elmurod Boymurodovga 70 yoshlik yubileyi munosabati bilan Prezident sovg‘asi - yangi xonadon kaliti topshirildi.

Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley tantanasida madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorning shogirdlari, do‘stlari, mutasaddi vazirlik va hokimliklar,  OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Kishi qaysi kasb egasi bo‘lmasin, astoydil ishlasa, izlansa, fidoyi mehnat qilsa, albatta, e’tibor ham, e’tirof ham topadi. Elmurod Boymurodov hayotini bunga yaqqol misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu ajoyib inson 1949-yilda Shahrisabz tumanining tog‘li Miraki qishlog‘ida tavallud topdi, u yerdagi o‘rta maktabda ta’lim oldi.

- Ota-onam o‘zlari san’atkor bo‘lmasa-da, san’atni juda yaxshi ko‘rishardi. Mening ham maktabda o‘qib yurgan kezlarimdanoq qo‘shiq aytish, rol ijro etish jonu dilim edi, - deya qalbida san’atga mehr uyg‘ongan bolalik, o‘quvchilik damlarini eslaydi ustoz. - O‘sha yillari Raj Kapur ishtirokidagi filmlar juda mashhur edi. Uning filmlaridan zavq olib, qo‘shiqlarini xirgoyi qilib, raqs tushib yurardim. Orzuyim Raj Kapurdek xalq tanigan, sevgan san’atkor bo‘lish edi.

 

Xuddi ana shu orzu maktabni tamomlagan Elmurodni Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutiga yetaklab keladi. U oliygohdagi 5 yillik tahsil davomida o‘zbek san’atining    darg‘alari bo‘lgan ko‘plab ustoz san’atkorlardan saboq oldi. Tirishqoqligi, izlanuvchanligi, iste’dodi bilan ularning nazariga tushdi. 1971-yilda institutning rejissorlik bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlab, Qori Zokir Sodiqov nomidagi Shahrisabz shahar xalq teatriga ishga keladi. 2014-yilga qadar, ya’ni 43 yil davomida ana shu teatrda rejissor bo‘lib ishladi. U butun faoliyati davomida ish bilan bir qatorda yosh iste’dodlarni tarbiyalash, ularga san’atning sir-sinoatlarini o‘rgatishga e’tibor qaratdi. Shogirdlaridan ilmini, mehrini, vaqtini darig‘ tutmadi. Qalbida san’atkor bo‘lish orzusi bilan ilk bora ana shu teatrga kelgan, hayajon va hadik ila birinchi sahnaga qadamni shu yerda qo‘ygan yoshlarning ko‘pchiligi bugun xalqaro sahnalarnida zabt etgan, el sevgan, ardoqlagan san’atkor.

Qolaversa, Elmurod Boymurodov teatrdagi rejissorlik ishi bilan bir qatorda, 1972-yildayoq Shahrisabzda maqom ansamblini tashkil etgan edi. U muntazam ravishda hududdagi yosh iste’dodlarni ansambl faoliyatiga jalb etib, ularga maqom san’atining sir-asrorlarini o‘rgatib keldi. Uning shogirdlari orasida ham aktyorlar, ham xonandalar borligi boisi ana shunda.

Ustoz san’atkor bir umr o‘zi tug‘ilib o‘sgan tumanda yashab, mehnat qildi. U mashhurlikka intilmadi, katta sahnalarga talpinmadi, zero shuni istaganida, iste’dodi ham, mahorati ham bunga yetardi. U san’atni sevishni haqiqiy mehnatda, o‘zini butun borlig‘i bilan unga bag‘ishlashda, bilganlarini yoshlarga o‘rgatishda, deb bildi. Shu qoidaga amal qilib yashadi, ishladi. Natijada,  mashhurlik ham, e’tibor ham, e’tirof ham topdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Xalqaro maqom san’ati anjumanining aynan Shahrisabzda o‘tkazilishida ham Elmurod Boymurodovning beqiyos xizmati bor. Yarim asr davomida ana shu hududdan uning shogirdi bo‘lgan juda katta avlod yetishib chiqdiki, ular o‘z ijodlari vositasida maqomning haqiqiy jozibasini, sehrini, siru sinoatini keng yoyib kelmoqda. Bu bugun Shahrisabzning maqom diyoriga aylanishiga omil bo‘lgan asosiy jihatlardan biridir.

- Aslida maqom qo‘shiqlarini o‘rganib, uni ijro etishga har kim ham jur’at eta olmaydi, - deydi O‘zbek milliy maqom markazi direktori Soyibjon Begmatov. - Sababi avvalo buning uchun juda katta musiqiy ilm, ovoz, mahorat kerak. Maqomni yoshlarga o‘rgatish esa yanada mashaqqatli ish. Elmurod Boymurodov ana shu ishni har qanday tahsinga munosib tarzda amalga oshirib kelayotgan sanoqli ustoz san’atkorlardan biridir. Xalqaro maqom san’ati anjumani buni yana bir bora ko‘rsatib berdi. Anjumanda ustoz tayyorlagan 150 nafar bola eng qiyin maqomlardan birini shunday kuyladiki, xorijliklar ham hayratini yashirishmadi. O‘zingiz o‘ylang, axir shuncha yosh bolani bir sahnada,  bir ovozda, bitta tonda shunday kuylatishning o‘zi bo‘ladimi?! Buning uchun ozgina mashq, ozgina mehnat, ozgina vaqt ketadimi! Har kim ham qila olmaydi bunday mehnatni. Ana shu zahmatdan qochmagani uchun ham bugun Elmurod Boymurodovning shogirdlari orasidan xalq artistlari, xalq hofizlari, el sevgan san’atkorlar yetishib chiqmoqda.

Tadbirda ustoz san’atkorga    Prezident sovg‘asi topshirilib,  viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning tabrigi o‘qib eshittirildi. Elmurod Boymurodovning ko‘p yillar davomida madaniyat, san’at sohasida amalga oshirgan ishlari, xizmatlari e’tirof etildi. Shogirdlari, do‘stlari, oila a’zolari tomonidan qilingan musiqiy chiqishlar tadbirga yanada zavq bag‘ishladi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 145 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family