wrapper



Vatanni his qilish bolalik yillarining beg'ubor sho'xliklari - uyimiz, ko'chamiz, mahallamiz g'ururi uchun "kurashgan" paytlardan boshlanadi. Mahalla oqsoqollari: "Ota-onangni uyaltirib qo'yma, mahalla sha'niga dog' tushirma, qishlog'imizdan haligacha yomon odam chiqmagan", deyishsa, ko'nglimizda g'urur uyg'onib, o'zimizni bolalikka xos katta-kichik qahramonliklarga tayyor qilib ko'rsatar edik. O'zimiz bilmagan holda oilamiz, qishlog'imiz, demakki Vatanimizning yosh himoyachilariga aylanardik. Keyinroq Vatanni himoya qilish nima ekani, keksalarning el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, osmonga musaffolik, xirmonga baraka tilab qilgan duolari ma'nosini to'la angladik.
Vatanni himoya qilish - bu faqat qo'lga qurol olib, chegaralarda hushyor turish emas ekan, yurtimizning moddiy va ma'naviy boyliklarini, ulug' ajdodlardan bizga meros bo'lib qolgan purhikmat an'analarni, bag'rikeng, saxovatli xalqimizning ezgu fazilatlarini, tilimiz, dinimiz, milliy qadriyatlarimiz, yoshlarning dunyoqarashini, qo'yingki, Vatanning gul-rayhonidan novda-giyohigacha, ona er bag'ridan otilib chiqayotgan mitti bulog'idan boshlab hayqirib oqayotgan daryosigacha ko'z qorachig'idek asrashimiz, bemavrid dovullardan himoya qilishimiz, bularning hammasini kelgusi avlodlarga bus-butun, joziba va tarovati bilan etkazishimiz kerak.
Vatan - muqaddas dargoh. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo'lida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Payg'ambarimizdan Sa'id ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qilib: "Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo'lida halok bo'lgan kishi shahid maqomidadir", deganlar (Abu Dovud rivoyati). Hadisda sanab o'tilgan mol, jon, din va oila kishi hayotining mazmuni - uning Vatanini ifoda etadi.
Hakimlar aytadilar: "Kishining vafodorligi uning o'z Vatani uchun qayg'urishi, birodarlarini sog'inishi va umrining zoe ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi". Shunday ekan, insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajasida hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.
Vatan himoyasidan yuz o'girish yoki biror bahonani ro'kach qilib qochib qolish og'ir gunohligi haqida Qur'oni karimda bani Isroil qavmi misolida quyidagicha bayon etilgan:
"Musodan keyin Isroil avlodining zodagonlarini ko'rmadingizmi?! Ular o'zlarining Payg'ambariga: "Bizga bir podshoh yuborgin, (biz u bilan) birga Alloh yo'lida jang qilaylik", - deyishdi. "Balkim sizlarga urush farz qilinsa, urushmassiz", - dedi (Payg'ambar). Ular: "Yurtimizdan va farzandlarimizdan judo qilinib turibmiz-ku, nega Alloh yo'lida urushmas ekanmiz?", - dedilar. Urush farz qilinganda esa, ozgina kishidan tashqarilari (jangga chiqishdan) bosh tortdilar. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir" ("Baqara", 246).
Ushbu oyatdan ko'rinib turibdiki, Vatan uchun kurashish, uning ozodligi, chegaralarining daxlsizligini qo'riqlash muqaddas burchdir.
Vatan himoyasi yo'lida uxlamasdan poyloqchilik qilgan ko'z egasini do'zax otashi ham kuydirmas ekan. Bu haqda Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambar alayhissalom: "Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri - Allohdan qo'rqib yig'lagan, ikkinchisi - Alloh yo'lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini", deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).
Tinchlikni mustahkamlash yo'lida har bir kishi o'z burchini sidqidildan, ixlos va e'tiqod ila bajarmog'i lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o'ziga topshirilgan vazifani Alloh va insonlar huzuridagi ulug' mas'uliyat deb bilmog'i va harbiy qasamyodni, va'dalarini bajarishi vojibdir.
Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiylar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar - o'qituvchi yoki shifokor bo'ladimi, tadbirkor yoxud bog'cha tarbiyachisi bo'ladimi, qaerda bo'lmasin o'z Vatanini himoya qilishi kerak. Hamma o'z vazifasini halol, vijdonan bajarsa, shuning o'zi himoyadir.
Qanchadan-qancha amallar borki, ko'rinishidan oddiy ishga o'xshagani bilan chiroyli va yaxshi niyat ila savobi ulug' amalga aylanadi. Xuddi shu kabi harbiy xizmat ham ana shunday savobli, zarur, muhim amallar qatoriga kiradi. Zero, Hazrati Sarvari olam (a.s.) aytganlaridek: "Insonlarning yaxshisi - insonlarga manfaatlisidir".
Kechagina o'ynab-chopib yurgan kichkintoylar ko'z ochib-yumguncha harbiy xizmat yoshiga etadilar. Payg'ambarimiz (a.s.) ta'lim berganlaridek, farzandlarimizga bolaligidanoq chavandozlik, merganlik, suvda suzish kabi mashqlarni puxta o'rgatib, ona Vatanga, el-yurtga sadoqat ruhida buyuk ajdodlarimiz kabi imon-e'tiqodli qilib tarbiyalash eng muhim vazifamizdir.
Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, harbiylarimizni O'zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmonand diyorimizni yomon ko'zlardan va barcha ofatlardan asrasin!
Rahmatillo USMONOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 146 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family