wrapper

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi "Boshoqli don etishtirishni yanada rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bilan mamlakatimizda boshoqli don etishtirish bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan tizimli ishlar belgilab berildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi bosh inspektori Sherzod Sarmanov ushbu qarordan kelib chiqadigan asosiy o'zgarishlar va belgilangan vazifalar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
Xarid narxi 60 foizga oshirildi
- Keyingi yillarda davlat xaridi uchun sifatli don etishtirish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo sohada yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar ham talaygina. Xususan, erlarning sifatsiz tayyorlanishi, agrotexnika qoidalariga to'liq rioya qilinmayotgani, ayniqsa, ekish ishlarining kechiktirib yuborilishi, talab qilingan moddiy-texnika resurslari o'z vaqtida etkazib berilmasligi kabi qator omillar sabab g'alladan kutilgan hosil olinmayapti.
Shu bilan bir qatorda, yuqori natija qayd etgan fermerlarni shunga munosib tarzda rag'batlantirish yoki aksincha, past natija ko'rsatgan xo'jaliklarga nisbatan keskin choralar ko'rishni belgilovchi tartiblar ishlab chiqilmagan. Bu jihatlar ham boshoqli don ekinlari parvarishlovchi xo'jaliklar o'rtasida o'zaro raqobatni ta'minlash, ishga nisbatan mas'uliyatini oshirish imkonini bermaydi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarorida mana shu kabi jihatlarga e'tibor qaratilib, don etishtiruvchi fermer xo'jaliklari uchun olingan hosilga munosib narx taklif etish, ularni qanday samaradorlikka erishganiga qarab ustama yoki chegirma qo'llash tartiblari belgilandi. Jumladan, 2019 yil hosili uchun bug'doyning har bir tonnasiga kafolatlangan davlat xaridining o'rtacha narxi 1 million 200 ming so'm miqdorida belgilandi. Ushbu narx joriy yilgiga nisbatan 60 foizga yuqoridir.
Albatta, etishtirilgan mahsulotga nisbatan yuqori narx taklif etilayotgani xo'jaliklarning moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatib, imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Ko'p hosil olgan qimmat, kam hosil olgan arzon sotadi
- Endilikda davlat xaridi uchun etishtirilgan mahsulotlarni tabaqalashtirilgan narxlarda, ya'ni ustama va chegirmalar qo'llagan holda sotib olish tartibi joriy qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, etishtirilgan boshoqli don ekini hosildorligiga qarab, davlat sotib oladigan mahsulot xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo'llaniladi.
Jumladan, sug'oriladigan maydonlarning har gektaridan olingan hosildorlikka qarab, barcha boshoqli don ekinlari bo'yicha don xarid narxiga quyidagi tarzda ustama yoki chegirma qo'llaniladi:
- 30 sentner va undan kam bo'lganida - 25 foiz chegirma;
- 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo'lganida - 15 foiz chegirma;
- 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo'lganida - 10 foiz ustama;
- 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo'lganida - 20 foiz ustama;
- 61 sentner va undan yuqori bo'lganida - 25 foiz ustama qo'llaniladi.
Soliq ham hosildorlikka qarab hisoblanadi
- Qaror bilan amalga oshirilishi belgilangan muhim yangiliklardan yana biri - 2019 yildan e'tiboran O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlariga sug'oriladigan erlarda   boshoqli don ekinlari etishtiruvchi fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi korxonalariga yagona er solig'ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffisientlar qo'llash tartibi kiritilganidir.
Ya'ni, kelgusi yildan boshlab er solig'ini hisoblashda gektaridan o'rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda 2 barobar, hosildorlik 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo'lganida esa 1,5 barobar ko'paytiruvchi koeffisientlar qo'llaniladi.
Bu albatta, g'alla etishtiruvchi xo'jaliklarni oltinga teng bo'lgan sug'oriladigan erlardan samarali foydalanish, mahsulot etishtirish hajmlarini ko'paytirish borasidagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
100 foizgacha imtiyozli kredit beriladi
- Qarorda xo'jaliklarni kreditlashni takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Agar amaldagi tartibga ko'ra, imtiyozli kredit davlat xaridi uchun etkazib beriladigan don qiymatining 60 foizi miqdorigacha ajratib kelingan bo'lsa, yangi tartib asosida bu  100 foizni (tayyorlov korxonasi tomonidan bo'nak tariqasida etkazib berilgan urug'lik qiymatini inobatga olgan holda) tashkil etadi.
Ta'kidlab o'tish joizki, moliyalashtirish tizimidagi ushbu o'zgarish fermer xo'jaliklarining aylanma mablag'i taqchilligiga barham berish bilan birga, ular tomonidan resurs va xizmatlar uchun to'lovlarni oldindan amalga oshirish, agrotexnika tadbirlarini o'z vaqtida va sifatli o'tkazish, g'alla etishtirish hajmini ko'paytirish, pirovardida, yuqori daromad olishiga imkon beradi.
Favqulodda holatlarda fermer himoyaga olinadi
- Ma'lumki, oldindan bilish, oqilona choralar bilan oldini olish mumkin bo'lmagan favqulodda xususiyatga ega hodisalar (qurg'oqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlar) oqibatida fermer qancha harakat qilmasin kutilgan hosilni etishtira olmasligi mumkin.
Endilikda fermer bunday vaziyatda Qishloq xo'jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo'yicha hududiy komissiyaga murojaat etishi lozim. Agar holat komissiya tomonidan tasdiqlansa, davlat xaridi uchun etkazib berilgan don xarid narxida hisob-kitob qilinishi belgilandi. Ya'ni, fermer etishtirgan don qanchaligidan qat'iy nazar, bir xil - belgilangan davlat narxida xarid qilinadi.
Vaholanki, shu paytga qadar mahsulot etishtiruvchilar turli tabiiy ofatlardan etarli darajada himoyalanmagan edi.
Yaxshi ishlamagan fermer erni topshiradi
- Bilamizki, shu vaqtga qadar ayrim fermer xo'jaliklari ishni to'g'ri tashkil etmas, agrotexnik tadbirlarni o'z vaqtida bajarmas va buning natijasida erdan juda kam hosil olardi. Hatto, bir necha yillab davlatga don sotish bo'yicha tuzilgan shartnoma rejasini bajarmay kelayotgan xo'jaliklar bor.
Endilikda sug'oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish "erga nisbatan xiyonat" deb baholanadi. Bu er ijara shartnomasi bekor qilinishigacha bo'lgan choralar ko'rilishiga olib kelishi mumkin.
Ishlar tizimli nazoratga olinadi
- Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, sug'oriladigan maydonlarda 2019 yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo'yicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan "yo'l xaritalari" ishlab chiqildi.
Boshoqli don etishtirishda agrotexnika tadbirlarini o'z vaqtida sifatli o'tkazish va kafolatlangan hosil olishni tizimli tashkil etish bo'yicha esa respublika Ishchi guruhlarining tarkibi tasdiqlandi. Ular zimmasiga "yo'l xaritalari"dan kelib chiqib, har bir fermer xo'jaligi tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlari rejasini alohida yozma ravishda tayyorlab etkazish va uning ijrosini ta'minlash vazifasi yuklatildi.
Don etishtirish va o'rib-yig'ib olish bilan bog'liq agrotexnika yumushlarining o'z vaqtida va sifatli o'tkazilishi, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini to'liq hajmda va o'z vaqtida etkazib berilishi, yakuniy hisob-kitoblar 2019 yil 1 sentyabrga qadar to'liq amalga oshirilishi, mazkur yo'nalishdagi ishlar bo'yicha tizimli nazorat o'rnatilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarning shaxsiy javobgarligi belgilab qo'yildi.
Xulosa o'rnida aytish joizki, ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, g'allachilikda er maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish, fermer xo'jaliklari mas'ullari mas'uliyatini yanada oshirish hamda ularning moddiy manfaatdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahongir BOYMURODOV yozib oldi.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida


Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 65 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family