wrapper

Sulton Mir Haydar ota:
Topganlarimni elga, etim-esirga berdim, ilm yo'liga sarf ayladim..."
Ma'lumki, ayni paytda viloyatimizda 1 ming 321 ta madaniy meros ob'ekti bor. Kasbi tumani Kasbi qishlog'idagi Sulton Mir Haydar yodgorlik majmuasi ana shunday qadimiy maskanlardan biri.
Majmuada Sulton Mir Haydar hamda Said Mir Mo'min Samarqandiy maqbarasi, chillaxona, ayvon, minora, qishki va yozgi masjidlar hamda 2 ta sardoba bor. Bu erdagi Temuriylar davriga xos, mohir sangtaroshlar tomonidan ishlov berilgan va mashhur xattotlarning jimjimador yozuvlari chekilgan, bo'yi 1 metr, eni 89 santimetr, sandiqqa o'xshash kulrang marmar qabrtoshi mutaxassislarni qiziqtirib kelgan. Qabrtoshning qimmatli ekanidan ushbu qabrning nufuzli odamga tegishli ekanini bilish qiyinmas. Asrlar davomida xoki-poyi ziyorat qilinib kelinayotgan zot, ulug' avliyo Sulton Mir Haydar ota bo'lib, asl ismi Xoja Shamsiddin ibn Shayx Jamoliddindir.
Haqiqat ilmini aytguvchi
Akmal Saidovning "Amir Temur va Sulton Mirhaydar ota" risolasida yozilishicha, Sulton Mirhaydar otaga atab tarixda uchta qabrtosh qo'yilgan ekan.
Birinchi qabrtoshni Amir Temur qo'ydirgan. Me'moriy majmuaning shimol tarafdagi qabr toshiga Qur'oni karimdagi “Oli Imron” surasining    18-oyati va quyidagi ta'riflar hamda shajara arab tilida bayon etilgan. Uning tarjimasi quyidagicha:
 "Bu qabr ulug', faxrli imom, shayx, Allohga ibodat qiluvchi, va'z mulkining sultoni, nozik ilmlarni echuvchi, haqiqat ilmini aytuvchi, notiq, ulug' zot, fiqh ilmining olimi, insonlarni hidoyatga boshlovchi, o'ta taqvodor, ahli sunna val-jamoa imomlaridan, dunyoga mashhur olim, shayxlar qutbi, avliyolar faxri, ulug' hoji, er yuzidagi eng saodatmand insonlardan biriga mansub. Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning qizlari Bibi Fotima va kuyovlari Hazrat Ali (r.a.) avlodidan bo'lgan Sulton Mir Haydarning shajaralari quyidagicha: Amir Shamsiddin Haydar amirul kabirul karim ibn Jamoliddin ibn Shamsiddin amirul-kabir Haydar al-Husayn Nasafiy ibn amir Ahmad ibn Said amir Husayn ibn amir Abdulloh ibn amir Ja'far ibn Ibrohim Murtazo ibn amir Muso al-Qozim ibn amir Imom Ja'far Sodiq ibn Imom Boqir Imom Zaynul Obid Imom Husayn Hazrati Ali Murtazo raziallohu taolo (ramazon oyi, sana 766 hijriy)".
Qabr toshidagi bitiklarning o'ziyoq Amir Temur Sulton Mirhaydar otaga nisbatan qanday munosabatda bo'lganini va uni qanday ulug'laganini ko'rsatib turibdi.
Hakim otaning bashorati
"Manoqibi al xosa al xoja Mir Haydar Sulton" kitobida yozilishicha, Xoja Shamsiddinning dunyoga kelishi Hakim ota tomonidan bashorat qilingan. Ya'ni Sulaymon Boqirg'oniy Shayx Jamoliddin xonadonida avliyo dunyoga kelishini ul zotning amakisi Hazrat Sayyid Muhammad Abdullohga aytgan.
Sulton Mir Haydar ota 1275 yilda Xurosonning Qoyim shahrida dunyoga kelgan. Oilada to'rtinchi farzand bo'lgan. Otasi Shayx Jamoliddin madrasada talabalarga dars bergan. Shu bois Mir Haydarni asosan amakisi Sayyid Muhammad Abdulloh tarbiya qilgan. 4 yoshida madrasaga borib, besh yoshida alifbo va yozuvni o'rgangan, 6-7 yoshligida hadisni yod olib, qorilarga shogird tushgan. U Shayx Jaloliddin Ko'hakiy, Abdullo Zamaxshariy, ustoz Olovuddovla va Shayx Xurosoniydan Qur'on, hadis, fiqh, masala, ijmo, qiroat ilmi va tavjid qoidasini o'rganadi. To'qqiz yoshligida Qur'oni karimni etti xil qiroat qiladigan darajaga etgan. O'n yoshida amakisi bilan hajga borgan. U erdagi madrasada Makkai mukarrama amirining o'g'li Ramziddin bilan do'stlashadi. Naql qilishlaricha, Xoja Shamsiddin duo bilan Ramziddinning dardiga shifo topilishiga sababchi bo'lib, amirning nazariga tushgan. Bundan xursand bo'lgan Makka amiri o'g'li va Sulton Mir Haydarni tahsil olish uchun Misrga jo'natadi. Makkaga qaytgandan so'ng, amir saroyida etuk shayxlar tomonidan imtihondan o'tkaziladi. Sinovdan muvaffaqiyatli o'tgan Xoja Shamsiddin 14 yoshida Makka va Madinaga imom hamda ikki Haram toliblariga ustoz deb e'lon qilinadi.
Tushda buyurilgan amal
Balog'atga etganida shariat, tariqat, ma'rifat, haqiqatdan amru-ma'ruf qilib, o'z ilmi bilan etuk olim sifatida tanilgan. Hattoki, Misr madrasa ahli, Bag'dod va Istambul toliblari echa olmagan savollarga ahli sunna val-jamoa va Imom Buxoriy hadislaridan javob topib bergani yoziladi. Bu esa uning "Valiulloh Mir Haydar" deb ulug'lanishiga sabab bo'ladi. Maqomatlarda qayd etilganidek, "Ul azizning maqsadi oxir zamon payg'ambari (s.a.v.)ning sunnat va yo'llarini hamda islom dinini elga etkazib, shogirdlariga ustozlik qilib, ilm daryosidan bir qatra bo'lsa ham o'rgatib, o'zlaridan ibratli iz qoldirish edi". Albatta Sulton Mir Haydar o'z maqsadi yo'lida qat'iy harakat qildi.
Maqomatda yozilishicha, Xoja Shamsiddin yigirma to'qqiz yoshida tush ko'radi. Tushida Hazrat Ali (r.a.), Ahmad Yassaviy, Hakim Ota va Oyxoja Valiy unga Xorazmga borib, ilm ahli hamda islom himoyachisi bo'lishni buyurishadi. Ya'ni bu bilan Xoja Shamsiddinning tariqatda pirlik darajasiga va sulton maqomiga etganligi haqida aziz-avliyolar g'oyibdan xabar berishgani ma'lum bo'ladi. Shunga ko'ra, o'ttiz yoshida Balxdan Qunduzga, so'ng Chorjo'yga kelgan. Hubbi Xoja, Hasan Xoja va Polvoni Ahmad uni kutib olib, Urganchga Hakim ota marqadiga olib borishgan. Xoja Shamsiddin marqadda qirq kun  xatmi Qur'on bilan mashg'ul bo'lgan. O'ttiz ikki yoshida esa Qarshi cho'lining Kasbi qo'rg'oniga kelgan.
"Adab yo'lida sizga ibrat bo'ldim"
Sulton Mir Haydar ota 1366 yilda 92 yoshida vafot etgan. U qazo qilish oldidan so'fiylik hirqasi va hassasini Abu Turob Naxshabiyga topshiradi va deydi: "Bu tariqat Ahmad Yassaviydan Hakim otaga, so'ngra Zangiotaga va keyin menga tegdi. Men ham ularning o'git va hikmatlariga amal qilib, yo'lini bekamu ko'st oxiriga etkazdim, hech bir o'zgarishsiz o'rgatdim, kishining ushoq nonini emadim, mehnatim ortidan o'z nonimni topdim. Alloh suvidan va rizqidan rizqlandim. Biror kishidan ta'ma yoki hadya olmadim. Topganlarimni elga, etim-esirga berdim, ilm yo'liga sarf ayladim. Allohdan boshqaga sig'inmadim, bosh egmadim, shariat olimlari ilmini kamoliga etkazdim. Muhammad alayhissalom yo'lidan chetga chiqmadim. Adab yo'lida sizga ibrat bo'ldim". Mir Haydar ota bu vasiyati bilan shogirdlarini uning yo'lini davom ettirishga da'vat etgan.
Bu ulug' zot haqidagi ba'zi rivoyatlarda yozilishicha, u Fuzorda yashagan,    uni o'zlariga amir etib saylagan janda kiyimli darveshlar Kasbiga tobut ko'tarib kelib, Mir Haydar ota jasadini olib ketgan va Mirijanda qadamjosiga dafn qilgan. Yana Ahmad Xorazmiy ham Sulton Mir Haydar ota xokini Xorazmga olib borib, Hakim Ota marqadiga dafn etgan. Biroq bu ulug' zotning avlodlari har gal mayitni Kasbiga qaytarib kelishgan. Shunday qilib, boshqa avliyolar singari uch erda Sulton Mir Haydar ota maqbarasi paydo bo'lgan.
Ulug' avliyo Sulton Mir Haydar ota maqbarasiga bugun mahalliy va xorijlik sayyohlar ko'p borishadi. Shunga monand tarixiy yodgorlik atrofi obodonlashtirilgan.
Manbalar asosida S.ALLAYoROVA tayyorladi.
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 325 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family