wrapper

“Sen umrlar bahorisan...”

Yoxud mashaqqat, matonat, mahorat va muhabbat fasli

 

Talabalik davrim mening,

Davronlarning zo'risan.

Sen umrlar bahorisan,

Sen umrlar yozisan.

 

Mashhur xonanda tomonidan kuylangan bu qo'shiqni eshitgan borki, ko'z oldida entikib eslanadigan talabalik davrining unutilmas lahzalari o'tib, qalbida go'zal hislarni tuyishi tabiiy.

Bir davrada “Nega bu davrni oltin deb ataymiz, entikib eslaymiz?” degan savol o'rtaga tashlandi. Kimdir: “Talabalik – bu erkinlik demak. Yoshlar bu davrda ota-ona nazoratidan salgina chekinib, ilk bor mustaqil va erkin hayotning goh shirin, goh achchiq ta'mini tatib ko'radilar”, dedi. Yana kimdir: “Bu – izlanish, intilish, harakat va mehnat fasli bo'lgani bois ham biz uchun oltinday bebaho”, deya fikr bildirdi. “Asosiy sababni unutib qo'yayapsiz, – deya e'tiroz bildirdi uchinchi davradoshimiz. – Muhabbat-chi? Dillarni orziqtiradigan go'zal tuyg'ularga boy bo'lgani uchun ham oltin-da bu davr...”.

 

Nazarimizda davradoshlarimizning barchasi o'zlaricha haq edi. Ha, talabalik davri bejizga oltinga mengzalmaydi. Bu davr – kishi hayotiga   mustahkam poydevor qo'yadigan, do'stlar orttiradigan, kasb-kor tanlab, etuk mutaxassis bo'lishga chog'lanadigan fasl bo'lgani bilan  ham qimmatli.

17 noyabr – xalqaro talabalar kuni sanasi tarixi ikkinchi jahon urushi vaqtida Chexoslavakiyada boshlangan fojiali voqealar bilan bog'liq. 1939 yil 28 oktyabr kuni talabalar va o'qituvchilar sobiq Chexoslovakiyaning Praga shahri markaziga ta'lim bayramini nishonlash uchun namoyishga chiqishadi. Bosqinchilar namoyishchilarni tarqatishayotganda tibbiyot fakulteti talabasi Yan Opletal otib o'ldiriladi. 1939 yil 15 noyabr Yan Opletalni dafn etish marosimi norozilik namoyishiga aylanib ketdi. 17 noyabr kuni ertalab gestapochilar va eseschilar talabalar yotoqxonasini o'rab olishadi va 1200 dan ortiq talaba hibsga olinadi. Urushning oxirigacha bu mamlakatdagi hamma oliy o'quv yurtlari yopiladi...

1946 yil 17 noyabrda - Praga butundunyo talabalar kongressi o'tkazildi. Unda mazkur sana Xalqaro talabalar kuni sifatida e'lon qilindi.

 Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimizda, xususan viloyatimizdagi mavjud oliygohlarda turli tadbirlar, ko'ngilochar dasturlar, ko'rik-tanlovlar o'tkaziladi.

Viloyat statistika boshqarmasidan olingan ma'lumotga ko'ra viloyatimizdagi oliy o'quv yurtlarida 16 mingdan ortiq yoshlar oliy ta'limni davom ettirishmoqda. Ularning mingga yaqini o'z iste'dodi, bilimi, yaratuvchanligi, ixtirolari va innovasion g'oyalari bilan tengdoshlariga o'rnak. Yil sayin oliy ma'lumotli bo'lish istagidagi yoshlar ko'payayotgani esa quvonarli.

***

– Yurtimizda oliy ma'lumot olish imkoni ortayapti, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali 4-bosqich talabasi Sardor Berdiev. – Bu borada Rossiyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalari va respublikamizdagi oliy o'quv yurtlari o'rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash bo'yicha kelishuvlar yo'lga qo'yildi. Shunga ko'ra, yurtimizda Rossiyaning qator oliygohlari filiallari ochiladigan bo'ldi. Masalan, (Moskva energetika instituti) Milliy tadqiqotlar universitetining Toshkent shahrida ish boshlaydigan filialida energetika, elektrotexnika, elektronika, informasion texnologiyalar hamda radiotexnika kabi sohalar bo'yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Demak, yaqin yillar ichida bu sohalarda kadrlarga bo'lgan ehtiyoj qoplanadi.

Sardor Berdiev izlanishlari tufayli Beruniy nomli davlat hamda al-Xorazmiy nomidagi stipendiyalariga sazovor bo'ldi. Bilimli, faol talaba sifatida respublika va xalqaro miqyosdagi festivallar, tanlovlarda muntazam qatnashdi. 2017 yilda Rossiyaning Sochi shahrida o'tgan Butunjahon talabalar va yoshlar festivali, Orenburgdagi “YEvraziya - 2018” xalqaro yoshlar forumida     O'zbekiston delegati sifatida ishtirok etib, o'z loyihalari, dasturlarini namoyish etdi.

***

Qarshi davlat universitetining o'zbek filologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi Doston Abatov ham iqtidorli yoshlardan. Yangi o'quv yili uning uchun omadli keldi. Tinimsiz izlanishi, yaxshi o'qishi evaziga Navoiy nomli davlat stipendiyasiga loyiq ko'rildi. Viloyatda o'tkazilgan “Yil talabasi” respublika ko'rik-tanlovida eng bilimdon talaba sifatida g'olib bo'ldi. Ayni kunda 25 noyabrda bo'ladigan tanlovning respublika bosqichiga tayyorgarlik ko'rmoqda.

- Joriy o'quv yilida kirish imtihonlari mamlakatimiz rahbarining 2017 yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o'tkazish tartibini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori asosida adolatli, xolis va shaffof o'tdi, - deydi Doston. – Test sinovlarida universitetda o'qish istagidagi 30 ming 937 nafar o'g'il-qizlarning bilimli va iqtidorlilari saralandi. Bu esa yoshlarda endilikda o'qishga kirish uchun turli qing'ir yo'llar bilan emas, balki bunga faqat o'qib-o'rganib erishish mumkin, degan tasavvur uyg'otdi.

***

Ilgari masofadan boshqarish qurilmalari, quyosh batareyalari  haqida televizorlarda ko'rgan bo'lsak, bugun bunday qurilmalar o'zimizda, mahalliy olimlar va iqtidorli yoshlarimiz tomonidan yaratilmoqda. 7 mingdan ortiq o'g'il-qiz saboq olayotgan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida izlanuvchanlik qobiliyatiga ega talabalar ko'p.

Boburbek Rajabaliev muassasaning neft va gaz fakulteti texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish yo'nalishida o'qiydi. Uning o'z sohasiga bo'lgan qiziqishini ilmiy tadqiqot ishlarida ko'rish mumkin. O'tgan yillar davomida u temperaturani avtomatik nazorat qilish, ko'cha chiroqlarini avtomatik o'chirib-yoqish, namlik signalizatori, elektromotorni masofadan boshqarish, eshiklarni yorug'lik nuriga nisbatan ochib-yopish hamda  donador mahsulotlar sarfini o'lchash (sanash), suv nasoslarining ish rejimini avtomatik boshqarish qurilmalari bo'yicha tadqiqot ishlari olib bordi.

– Keyingi yillarda ta'lim tizimida  olib borilgan ulug'vor islohotlar barchamizning ko'nglimizdagi ish bo'layapti, - deydi talaba. – Birgina o'qituvchi va talabalarning majburiy mehnatdan ozod etilishini olaylik. Bu esa o'qish, yangiliklar yaratish, o'z ustida ishlash uchun ayni muddao bo'ldi. 

Boburbekning suv nasoslarining ish rejimini avtomatik boshqarish qurilmasi nasoslarning ishlash samaradorligini oshirib, elektr energiyasini tejash imkonini beradi. Aqlli nasos idishdagi suv sathi belgilangan miqdorga etib borganda qurilmani manbadan o'chiradi va  suv sathi me'yordan pasayib ketganda nasosni avtomatik yana ishga tushiradi. Unga sezgir elementlar (datchiklar) va tranzistorlar o'rnatilgan.

Talabalar – jamiyat umidi, davlat ishonchi, insoniyatning oqil, dono va bilimdon tabaqasi hisoblanadi. Ularning o'qishi, izlanishi uchun yaratilgan bugungi sharoit ertangi kunga kafolatdir.

Oltin davr... Mashaqqat, matonat, mahorat va muhabbat fasli bu...

Sojida ALLAYoROVA

Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

 

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 64 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family