wrapper

Amir Temur tavalludining 682 yilligi viloyatimizda yangi shakl va mazmunda, ilk marotaba xalq sayli shaklida keng nishonlandi.

 Dastlab davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ul xodimlari, keng jamoatchilik, nuroniylar va yoshlar Shahrisabz shahrida o‘rnatilgan Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishib, buyuk ajdodimiz ruhiga hurmat bajo keltirishdi.

 Tadbir ishtirokchilari e’tirof etgani kabi Sohibqiron qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi bo‘lish bilan birga, tarixiy o‘zgarishlar pallasida hal qiluvchi o‘rin tutgan, dunyo tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan zotdir.

 - Afsuski, bir mahallar Amir Temur shaxsiga munosabat butunlay boshqacha edi, - deydi mehnat faxriysi Said hoji Qosimov. – Shu sabab Sohibqirondan juda uzoq yillar “uzilib” qoldik. Endi o‘sha bo‘shliqni ul zot faoliyati va moddiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bilan to‘ldirishimiz kerak.

 Aytish joizki, joriy yilda Sohibqiron tavalludi oilaviy tarzda temurxonlik kechalarini o‘tkazish, yosh bolalarga Amir Temur hayotidagi ajoyib voqealarni ertak yoki rivoyat tarzida so‘zlab berish, sarkarda  sevgan shaxmat o‘yini bo‘yicha sport turnirlari o‘tkazish, turli xil jismoniy tarbiya mashqlarini tashkillashtirish, ko‘cha va xonadonlarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish kabi xayrli, ezgu ishlar bilan davom etmoqda. O‘z navbatida, bu bilan Amir Temurning hayotiy ibrati har bir o‘zbek xonadoniga kirib borishi maqsad qilindi.

 Amir Temur tug‘ilgan qishloq – Xo‘jailg‘or esa tarixiy qiyofa kasb etgan.  Sohibqiron tug‘ilgan deb taxmin qilinadigan, tarixiy xaritalar yordamida topilgan ko‘hna quduq joylashgan manzil erta tongdanoq gavjumlashdi. Maydonda otlar bog‘langan, o‘tovlar tikilgan, temuriylar, malikalar, jangchilar qiyofasi gavdalantirilgan. Sal narida o‘sha quduq, Takina xotun tug‘ilajak farzandi taqdiridan qayg‘urib, qamishzorlar osha quduq yoniga yetib keladi. Chunki bashoratlarda har 800 yilda Sohibqiron dunyoga kelishi va u dunyoni zabt etishi aytilgan. Shu sabab g‘animlar tomonidan Keshda yangi tug‘ilgan go‘daklar qilichdan o‘tkazila boshlangan. Bo‘lajak Sohibqiron onasi shu yerda shitob bilan kelayotgan dushman nazaridan yashirinadi va keyin bolasini dunyoga keltiradi.

 - Bu endi bir afsona, - deydi tarixchi Mo‘min Azizov. – Aynan shu quduq bo‘lmasligi mumkin, lekin Amir Temur Xo‘jailg‘orda tug‘ilgani aniq.

 Amir Temurning dunyoga kelgunicha, tug‘ilish, bolalik va balog‘at yoshidagi hayoti, vatanini bosqinchilar zulmidan ozod etish, davlatchilik asoslari, mamlakat boshqaruvidagi eng muhim falsafiy jihatlar teatrlashtirilgan sahnalar orqali ochib berildi.

 Qumloqda esa yoshlar Amir   Temur yoshligida ko‘targan, deb hisoblanadigan, 100 kilogramm atrofidagi polvontoshni ko‘tarishga urinadi. Garchi mazkur polvontoshning aynan Amir Temur yoki uning davriga tegishli ekanini tasdiqlovchi manbalar bo‘lmasa-da, xalq tilida bu xususda rivoyatlar yuradi. Holbuki, har qanday rivoyatda ozgina bo‘lsin haqiqat uchquni bo‘ladi. Yosh musavvirlar esa o‘z asarlarida Sohibqiron siymosini akslantirish harakatida. Amir Temur davlatiga kelgan xorij sayyohlari o‘sha davr haqida o‘ziga xos tasavvur beradi.

 Sahna atrofida milliy hunarmandlik namunalari, xalq o‘yinlari namoyishi, etnografik chiqishlar, Amir Temur davrini eslatuvchi uyg‘un kompozitsiya xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otgan.

 Xo‘jailg‘or qishlog‘ida, shuningdek, viloyat hokimligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Milliy teleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi hamkorligida Xalqaro press-klubning “Xo‘jailg‘or: qayta kashf qilingan tarix – yangi sayyohlik yo‘nalishi” mavzusida sayyor sessiyasi ham tashkil etildi.

 Sessiyada asosiy e’tibor Sohibqiron bobomiz va temuriylar davrini qaytadan kashf qilish, Amir Temur davrining nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo xalqlari davlatchiligida tutgan o‘rni o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish, bu jihatlarning yoshlarimiz hayotidagi tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga qaratildi. Maqsad esa aniq: tahlikali va mo‘g‘ul istibdodi hukm surayotgan bir davrda buyuk davlatga asos solgan bobomiz siymosini ulug‘lash,  Xo‘jailg‘orda yangi sayyohlik manzilini yaratish.

 Eng asosiysi, bu qishloq o‘zining tarixiy ildizlari va o‘ziga xos noyob obidalari bilan har qanday sayyoh e’tiborini torta oladi.

 Birgina ko‘hna quduqni oladigan bo‘lsak, Yakkabog‘ tumani hokimligi bosh mutaxassisi Sobir Aripovning aytishicha, undagi suv shifobaxsh bo‘lib, tarkibida inson organizmi uchun foydali 17 xil elementni jamlagan.

 Islom dunyosining taniqli vakillaridan biri, milodiy VIII  asrda vafot etgan va xalq o‘rtasida Xo‘ja Ilg‘or deb atalgan Xo‘ja Muhammad ibn al-Qosim maqbarasi poyida esa Chillabuloq nomli chashma bo‘lib, undan teridagi turli kasalliklar va yaralarni davolashda foydalaniladi.

 Bundan tashqari, Sohibqiron yoshlik yillarini aks ettiruvchi muzey tashkil etildi. Xo‘jailg‘or qabristoni hududida qoldiqlari topilgan masjid tiklanadi.

 - Xalq sayli ko‘rinishida ilk bor o‘tkazilayotgan bugungi tadbir xalqimiz kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Endi bunday sayillar har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladi, - dedi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev. – Majmua esa yil davomida ochiq bo‘ladi. Umuman, viloyatdagi Amir Temur bilan bog‘liq barcha manzilgohlar yanada rivojlantiriladi, ularga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ishlar kuchaytiriladi.

 Tadbir doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 Shuningdek, Amir Temur ruhini xotirlab, qur’on tilovat qilindi va ehson oshi tarqatildi.

 N.XO‘JAYEV

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 879 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family