wrapper

Maxsus imkoniyatlar

    O‘tgan bir yil mobaynida mamlakatimizni taraqqiy ettirish, xalqimizning farovon turmushini ta’minlash yo‘lida ko‘plab choralar ko‘rildi. Bu ishlarning  huquqiy asosini yaratish maqsadida  qator qonunlar, Prezident qarorlari, farmonlari qabul qilindi. Ularning ayrimlari yoxud ma’lum bandlari yuridik jihatdan aynan 2018-yilning 1-yanvaridan kuchga kirdi. Quyida joriy yil avvalidan amal qila boshlagan ana shunday tartib-qoidalardan bir nechtasini e’tiboringizga havola etamiz.


VALYUTA OLIB KIRISH VA OLIB CHIQISHDA YANGI TARTIB

Prezidentning 2017-yil 6-dekabrdagi farmoni va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq endilikda O‘zbekiston Respublikasiga jismoniy shaxslar tomonidan 2 ming AQSH dollarigacha miqdordagi naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish talabi bekor qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizga olib kiriladigan va olib chiqiladigan, ekvivalenti 2 ming AQSH dollaridan ko‘p miqdordagi naqd xorijiy valyuta yozma deklaratsiyalash va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, agar bojxona nazorati qoidalariga rioya qilinsa, yurtimizga chetdan naqd xorijiy valyutani cheklanmagan miqdorda olib kirishga ruxsat etiladi. O‘zbekiston Respublikasidan naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqish bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda ekvivalenti 5 ming AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda ruxsat etiladi. Rezidentlar tomonidan belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.

RAHBARLAR FAOLIYATI YANGI TIZIMDA BAHOLANADI

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul rahbarlar, ya’ni tuman hokimi, prokurori, soliq idorasi, ichki ishlar boshlig‘i faoliyatini baholashning yangi mezoni tatbiq etildi.

Bunda baholash rasmiy statistika hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Ya’ni shahar va tumanlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan sektorlar rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish, xalq bilan muloqot, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni yechish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligiga asosiy ko‘rsatkichlar sifatida qaraladi.

Tizimdagi mezon-indikatorlarni baholash bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich 100 ballni tashkil etadi.

Bunda rasmiy statistik ma’lumotlar bo‘yicha maksimal 80 ball, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha maksimal 20 ball berilishi belgilangan.

Hisobot davri sifatida har chorak olinadi va chorak yakuni bo‘yicha yagona ko‘rsatkichning o‘zgarish dinamikasi orqali tegishli hududdagi rahbarning faoliyatiga asoslangan baho beriladi.

Baholash natijalari o‘rnak ko‘rsatgan sektorlar rahbarlari va davlat organlari mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklari uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarining qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

DAVLAT XIZMATLARI MARKAZLARI ISH BOSHLADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi farmoniga asosan, 1-yanvardan e’tiboran “Yagona darcha” markazlari Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlardagi Xalq qabulxonalari qoshida faoliyat ko‘rsatadigan Davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha, shu jumladan, olis joylarga chiqqan holda davlat xizmatlari ko‘rsatadi.

Farmonda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish belgilangan.

ICHIMLIK SUVI UCHUN OLDINDAN HAQ TO‘LANADI

Joriy yildan boshlab barcha guruh iste’molchilariga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda, mazkur iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi farmonida belgilangan.

Yangi tartibga ko‘ra, suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda I guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi. Iste’molchi esa suv iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar bo‘ladi.

XUSUSIY BOG‘CHALAR KO‘PAYADI

Prezidentimizning 2017-yil 9-sentabrdagi qaroriga ko‘ra, Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etila boshlandi.

Buning uchun investorlarga yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolar, shu jumladan, faoliyat yuritmayotgan va tarbiyalanuvchilar soni kam bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini beg‘araz ajratish ko‘zda tutilgan.

Investorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun sohadagi davlat talablariga, sanitariya-gigiyena normalariga qat’iy rioya etish, xizmat narxining ijtimoiy hammabopligini ta’minlash, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish shartlari qo‘yiladi.

AVTOMOBILLAR TEXNIK KO‘RIGINI TASHKIL ETISH TADBIRKORLARGA BERILADI

Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi tegishli qaroriga asosan, jismoniy shaxslarga qarashli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishni yuridik shaxslar - tadbirkorlik subyektlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish boshlandi.

Shu vaqtga qadar bu ishni IIVning  Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalari bajarib kelayotgan edi.

ISHONCHNOMANI RO‘YXATDAN O‘TKAZISH TALABI BEKOR QILINDI

Avtomobildan foydalanish ishonchnomalari, ijara shartnomalari, beg‘araz foydalanish, garov, lizing shartnomalarini yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi bekor qilindi.

Endilikda ishonchnomalarning elektron shakllari notariuslar tomonidan Ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati bo‘linmalariga yuboriladi.

ISHIGA QARAB YO RAG‘BAT, YOKI JARIMA

Mamlakatimiz rahbarining 2017-yil 13-dekabrdagi tegishli farmoniga asosan, joriy yildan boshlab moliya va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.

Ya’ni soliq va moliya organlari rahbarlari mahalliy budjet daromadlarini oshirish, soliq qarzdorligini qisqartirish borasida amalga oshirgan ishlari miqdoriga qarab har oyda o‘z lavozim maoshlariga nisbatan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorda mukofotlanadi.

Aksincha, yuqorida ko‘rsatilgan mezonlarning ijrosi ta’minlanmagani uchun ularga nisbatan lavozim maoshlarining 30 foizigacha miqdorida jarima sanksiyalari qo‘llaniladi.

TADBIRKORNING MEHNAT STAJINI ELEKTRON HISOBGA OLISH JORIY ETILDI

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, endilikda yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari a’zolari, qoramol o‘stirish va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan shaxslar hamda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan boshqa subyektlarning mehnat stajlari elektron tarzda hisobga olinadi.

Mehnat staji (shu jumladan lavozim mavqei, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davrlari, mehnat ta’tilidagi va uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan davrlar) haqidagi ma’lumotlar har bir jismoniy shaxs bo‘yicha ish beruvchilar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari bo‘yicha soliq hisoboti tarkibida taqdim etiladi.

 PENSIONER SHIFOKORLARGA NAFAQA TO‘LIQ TO‘LANADI

Joriy oydan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha turdagi tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan pensioner shifokorlarga nafaqa to‘liq hajmda to‘lanadi.

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan.

TAMAKI VA ALKOGOL MAHSULOTLARI AKSIZ SOLIG‘I OSHDI

1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tamaki mahsulotlarining aksiz solig‘i stavkalari 2,2 barobarga oshirildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi tegishli qarorida belgilab berilgan.

Shuningdek, mazkur qarorga ko‘ra respublikada ishlab chiqarilayotgan alkogol mahsulotlariga ham aksiz solig‘i stavkasi oshirildi.

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 715 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family