Welcome to Qashqadaryo viloyat hokimiyati   Click to listen highlighted text! Welcome to Qashqadaryo viloyat hokimiyati Powered By GSpeech

wrapper

Maxsus imkoniyatlar

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA'LIMI VAZIRLIGI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOG'LIQNI SAQLASH VAZIRLIGINING QARORI
BOLALAR SOG'LOMLASHTIRISH OROMGOHLARI TO'G'RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA


(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2017 y., 13-son, 212-modda)
[O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 31 martda ro'yxatdan o'tkazildi, ro'yxat raqami 2872]
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi 67-son «Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Sog'liqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari to'g'risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Sog'liqni saqlash vazirligining 2014 yil 11 martdagi 9 va 3-son «Bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori (ro'yxat raqami 2572, 2014 yil 7 aprel) (O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2014 y., 15-son, 171-modda) o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Xalq ta'limi vaziri U. INOYaTOV
Toshkent sh.,
2017 yil 24 fevral,
2-mh-son
Sog'liqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
Toshkent sh.,
2017 yil 24 fevral,
80-son
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligining 2017 yil 24 fevraldagi 2-mh, 80-son qaroriga
ILOVA
Bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari to'g'risida
NIZOM
Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi hamda «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to'g'risida»gi qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi 67-son «Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarining (bundan buyon matnda oromgoh deb yuritiladi) maqsadi, vazifalari va funksiyalarini hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oromgoh sanitariya-gigiena, sanitariya-epidemiologiya hamda xavfsizlik talablariga to'liq javob beradigan va qulay sharoitda bolalarning belgilangan kundalik hayot tarziga rioya etishi, sifatli ovqatlanishi, ijodiy salohiyatining rivojlanishi, sog'lom turmush tarzi ko'nikmalarining shakllanishi, dam oldirilishi, salomatliklarining tiklanishi va mustahkamlanishi, jismoniy tarbiya, sport va turizm bilan shug'ullanishlarini ta'minlovchi sog'lomlashtirish muassasasi hisoblanadi.
2. Ushbu Nizom talablari davlat organlari, ular tizimidagi tashkilotlar va kasaba uyushmalari tasarrufida bo'lgan oromgohlar faoliyatiga, shuningdek kasaba uyushmalari mablag'lari yo'naltiriladigan boshqa oromgohlar faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Oromgoh o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga hamda o'z ustaviga amal qiladi.
2-bob. Oromgohning maqsadi, vazifalari va funksiyalari
4. Oromgohning maqsadi — bolalarning o'qishdan tashqari vaqtini sermazmun o'tkazish, ularning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan hordiq chiqarishlarini ta'minlash, ular ongiga milliy g'oyani, vatanparvarlik tuyg'ularini hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish orqali har tomonlama barkamol avlodni voyaga etkazishdan iboratdir.
5. Quyidagilar oromgohning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarning dam olishi va sog'lomlashtirilishini tashkil etish;
bolalarning jismoniy, intellektual, ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ko'maklashish;
bolalarni o'zbek xalqining tarixiy va milliy an'analari hamda ma'naviy qadriyatlari bilan tanishtirish;
bolalarda «ommaviy madaniyat»ning turli illatlariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ular ongiga umuminsoniy va milliy qadriyatlarni singdirish;
bolalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish.
Oromgoh qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
6. Oromgoh o'ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
bolalarning har tomonlama kamol topishi, xususan, ularning shaxsi, qiziqishlari, iqtidorining rivojlanishi, mustaqil bilim olishi va ijodiy mehnat qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
bolalarning ehtiyojlariga muvofiq ularning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan to'garaklar tashkil etadi;
qo'shimcha ta'lim xizmatlari ko'rsatadi;
bolalar bilan san'at va hunarmandchilik yo'nalishlari bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazadi;
qobiliyatli, iqtidorli bolalarni aniqlaydi, ularning shaxsini rivojlantirishga qaratilgan musobaqalar, texnik, badiiy ijodiyot, o'lkashunoslik, ekologiya va boshqa yo'nalishlardagi tadbirlarni tashkil etadi.
Oromgoh qonun hujjatlariga muvofiq o'z maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Oromgohlar faoliyatini tashkil etish
1-§. Umumiy qoidalar
7. Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi 67-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish konsepsiyasiga muvofiq oromgohlar 2 turga ajratiladi:
1) stasionar oromgohlar — stasionar baza asosida qurilgan yoki vaqtinchalik ijaraga olingan ob'ektlarda tashkil etilib, unda bolalar smena davomida yashaydi;
2) kunduzgi oromgohlar — umumta'lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, sport, ijtimoiy xizmat ko'rsatish, sanatoriy-kurort muassasalari va boshqa tashkilotlar qoshida vaqtinchalik tashkil etilib, unda bolalar faqatgina kunduz kuni dam oldiriladi va sog'lomlashtiriladi.
8. Oromgoh davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar (bundan buyon matnda Balansda saqlovchi deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi.
Oromgoh bir nechta Balansda saqlovchi va kasaba uyushmalarining birgalikdagi mablag'lari asosida tashkil etilishi mumkin.
9. Oromgoh faoliyatiga Balansda saqlovchi tomonidan, Balansda saqlovchilar bir nechta bo'lganda kelishuv asosida ulardan biri tomonidan tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi.
10. Oromgohda bolalarni sog'lomlashtirish muddatlari Balansda saqlovchi(lar) tomonidan belgilanadi. Bunda sog'lomlashtirish muddatlari yozgi mavsumda 10 kundan, kuzgi, qishki va bahorgi mavsumda 7 kundan kam bo'lmasligi lozim.
11. Oromgohda bolalarning yoshini hisobga olgan holda guruhlar tuziladi. Guruhlardagi bolalar soni 7–9 yoshdagi bolalar uchun 30 nafardan, 10–18 yoshdagi bolalar uchun 40 nafardan oshmasligi kerak.
12. Oromgohlarda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi 67-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish konsepsiyasida nazarda tutilgan xizmatlar ko'rsatiladi.
13. Oromgohlarda dam oluvchilar uchun ovqatlanish va boshqa maishiy sharoitlarni tashkil etishda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga rioya qilinishi zarur.
2-§. Stasionar oromgohning faoliyatini tashkil etish
14. Stasionar oromgoh yuridik shaxs hisoblanadi, o'z ustaviga, mustaqil balansiga, bank hisobvarag'iga, o'z nomi yozilgan muhrga, yuridik manzili ko'rsatilgan shtamp va blankalarga ega bo'ladi.
15. Bolalar stasionar oromgohlarga Balansda saqlovchi tomonidan beriladigan yo'llanma asosida yuboriladi. Yo'llanmalar bolalarning ota-onalari yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar (bundan buyon matnda ota-onalar deb yuritiladi) ishlayotgan tashkilotlar, ota-onalar, homiylar, kasaba uyushmalarining mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar hisobidan xarid qilinadi.
16. Stasionar oromgohda bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasi tuziladi.
Bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasining tarkibi stasionar oromgoh rahbarining buyrug'iga muvofiq besh kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi hamda komissiya raisi (oromgoh rahbari) va a'zolaridan (tarbiyachi, etakchi, bosh shifokor va hamshira) tashkil topadi.
17. Bolalar stasionar oromgohga quyidagi hujjatlar asosida qabul qilinadi:
Balansda saqlovchi tomonidan beriladigan yo'llanma;
bolaning tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomasi yoki pasporti nusxasi;
davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bolaning sog'lig'i haqida berilgan tibbiy ma'lumotnoma (079/x-shakl).
18. Stasionar oromgohga bolalar mazkur oromgoh tibbiyot xodimlari ko'rigidan o'tkazilgan holda qabul qilinadi. Tibbiy ko'rik jarayonida bolada biror kasallik alomati aniqlansa, bola oromgohga qabul qilinmaydi va uning davolanishi uchun 3 kun muddat beriladi.
Bola 3 kun ichida davolanib kelgan taqdirda, stasionar oromgohga qabul qilinadi va joriy smenaning yakuniga qadar oromgohda dam oldiriladi. Davolanish muddati uch kundan ortiq davom etgan taqdirda, ota-onasining 10 kun ichida berilgan yozma murojaatiga asosan bolaga berilgan yo'llanma Balansda saqlovchi tomonidan qaytarib olinadi va yo'llanma uchun to'langan mablag'ning 85 foizi to'lovchiga qaytariladi.
19. Bir smenada dam oldirilgan va sog'lomlashtirilgan bolalar stasionar oromgohga mazkur Nizomda belgilangan tartibda keyingi smenalarda ham qabul qilinishi mumkin.
20. Stasionar oromgoh xodimlarining shtatlar jadvali Balansda saqlovchi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Stasionar oromgoh xodimlari mehnat shartnomasi asosida oromgoh boshlig'ining buyrug'i bilan ishga qabul qilinadi va lavozimidan ozod etiladi.
22. Tibbiyot xodimlari stasionar oromgohga tegishli hududiy sog'liqni saqlash organlari bilan kelishgan holda ishga qabul qilinadi. Tibbiyot xodimlari va oromgoh rahbariyati bolalarning hayoti, sog'lig'i va jismoniy rivojlanishi, ular bilan mavsum davomida davolash-profilaktika ishlari olib borilishi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga rioya qilinishi uchun mas'ul hisoblanadi.
Dam oldirilayotgan va sog'lomlashtirilayotgan bolalar hamda oromgoh xodimlariga birinchi tibbiy yordam bepul ko'rsatiladi.
23. Stasionar turdagi oromgoh xodimlari uchun dam oldirish va sog'lomlashtirish mavsumi davomida yashash va ovqatlanish bepul amalga oshiriladi va buning uchun sarflanadigan xarajatlar Balansda saqlovchi hisobidan qoplanadi.
24. Stasionar oromgoh sog'lomlashtirish mavsumidan tashqari vaqtlarda shartnoma asosida turli tashkilotlar bilan seminarlar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni o'tkazishi, shuningdek o'z bazasida dam olish maskanlarini tashkil etishi mumkin.
3-§. Kunduzgi oromgohning faoliyatini tashkil etish
25. Kunduzgi oromgohning kundalik faoliyati Balansda saqlovchining qaroriga ko'ra hududiy sharoitdan kelib chiqib quyidagicha tashkil etiladi:
soat 08.30 dan 14.00 gacha;
soat 08.30 dan 17.00 gacha.
26. Har bir kunduzgi oromgohda bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasi tuziladi.
Bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasining tarkibi oromgoh faoliyati tashkil etilayotgan muassasa rahbarining buyrug'iga muvofiq besh kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi hamda komissiya raisi (oromgoh rahbari) va a'zolaridan (uch nafar pedagog va tibbiyot xodimi) tashkil topadi.
27. Ota-onalar farzandini oromgohda dam oldirish uchun oromgoh faoliyati tashkil etilishidan 15 kun oldin bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ota-onalar tomonidan oromgoh rahbari nomiga yozilgan ariza;
ota-onalardan birining fuqarolik pasporti nusxasi;
bolaning tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomasi yoki pasporti nusxasi;
davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bolaning sog'lig'i haqida berilgan tibbiy ma'lumotnoma (079/x-shakl);
to'lov to'langanligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya, to'lov topshiriqnomasi) nusxasi.
28. Kunduzgi oromgoh rahbari tomonidan dam olish mavsumi boshlanguniga qadar oromgohda smena bo'yicha dam oldiriladigan va sog'lomlashtiriladigan bolalar ro'yxati tasdiqlanadi.
29. Bir smenada dam oldirilgan va sog'lomlashtirilgan bolalar kunduzgi oromgohga mazkur Nizomda belgilangan tartibda keyingi smenalarda ham qabul qilinishi mumkin.
4-bob. Oromgoh faoliyatini ixtisoslashtirish
1-§. Umumiy qoidalar
30. Oromgohlar bolalarning yoshini e'tiborga olgan holda tarbiyaviy ishlarning mazmuni bo'yicha turli ixtisoslashgan yo'nalishlarda tashkil etilishi mumkin.
31. Stasionar oromgoh quyidagi ixtisoslashgan yo'nalishlarda tashkil etilishi mumkin:
intellektual rivojlantirish oromgohlari;
sport-sog'lomlashtirish oromgohlari;
sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlari;
harbiy-sport oromgohlari;
ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlari;
ixtisoslashgan bolalar oromgohlari.
32. Kunduzgi oromgoh quyidagi ixtisoslashgan yo'nalishlarda tashkil etilishi mumkin:
mehnat va dam oldirish oromgohlari;
sport-sog'lomlashtirish oromgohlari;
ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlari.
33. Stasionar va kunduzgi oromgohlarning faoliyati bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirishni amalga oshirish bo'yicha mutasaddi tashkilotchilarning taklif va tashabbuslari bilan boshqa yo'nalishlarda ham tashkil etilishi mumkin.
2-§. Intellektual rivojlantirish oromgohlari
34. Intellektual rivojlantirish oromgohlari fan olimpiadalari, ta'lim sohasining turli darajadagi musobaqalari g'oliblari bo'lgan 10–14 yoshdagi bolalarni dam oldirish va sog'lomlashtirish uchun tashkil etilgan bo'lib, unda bir yoki bir nechta fanlar yoxud tillar chuqurlashtirilgan tarzda o'rganilishiga e'tibor beriladi.
35. Intellektual rivojlantirish oromgohlari intellektual o'quv mashg'ulotlari va madaniy-ma'rifiy tadbirlar dasturlari asosida faoliyat ko'rsatadi.
36. Intellektual o'quv mashg'ulotlari dasturi fan yo'nalishlari bo'yicha dars va to'garak mashg'ulotlari, mahorat darslari, fan kechalari, turli musobaqa, viktorina va boshqa tanlovlar shaklida amalga oshiriladi.
Madaniy-ma'rifiy tadbirlar dasturi sport musobaqalari, ijodiy uchrashuvlar, adabiy-badiiy kechalar va konsert dasturlari, insho va rasmlar tanlovlari, shuningdek oromgohlar uchun tavsiya etilgan filmlar namoyishi shaklida tashkil etiladi.
37. Intellektual o'quv mashg'ulotlari va madaniy-ma'rifiy tadbirlar dasturlarini amalga oshirishda olimlar va oliy ta'lim muassasalarining professor-o'qituvchilari, adabiyot va san'at arboblari ular bilan kelishilgan holda taklif etiladi.
3-§. Sport-sog'lomlashtirish oromgohlari
38. Sport-sog'lomlashtirish oromgohlari 8–18 yoshdagi bolalar va o'smirlar uchun sport yo'nalishidagi ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining o'quv-mashq mashg'ulotlarini davom ettirishlari, ularning sport mahoratini takomillashtirish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish, sog'lig'ini mustahkamlashga yo'naltirilgan bo'lib, unda bolalarning yoshi va sport turining o'ziga xos xususiyatlari asosida har xil guruhlar tuzilishi mumkin.
39. Sport-sog'lomlashtirish oromgohlaridagi o'quv-mashq mashg'ulotlari bolalar sport maktablarida o'tkaziladigan o'quv jarayonining davomi bo'lib, mazkur muassasalar uchun mo'ljallangan dasturlar asosida murabbiylar tomonidan olib boriladi.
40. Sport-sog'lomlashtirish oromgohiga tarbiyachi va etakchilar sifatida bolalar uchun sport yo'nalishidagi ta'lim muassasalarining murabbiylari kelishuv bo'yicha jalb etiladi.
4-§. Sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlari
41. Sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlari yurak qon-tomir tizimining kasallanishi, nafas olish, ovqat hazm qilish organlari, tayanch-harakat apparatining o'ziga xos bo'lmagan xususiyatlari bilan betob bo'lib turadigan 7–14 yoshdagi bolalarni dam oldirish va sog'lomlashtirish uchun tashkil etiladi.
42. Sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlari stasionar baza asosida qurilgan sog'lomlashtirish oromgohlari, sanatoriya turidagi maktab-internatlar, sanatoriy-profilaktoriylar bazasida, shuningdek o'rmon, daryo va boshqa suv havzalari yonida joylashgan hamda etarli darajada ko'kalamzorlashtirilgan, faoliyat yuritishi uchun zarur jihozlar bilan ta'minlangan ob'ektlarda tashkil etilishi mumkin. Mazkur oromgohlarda bolalarning sog'lomlashtirilishini tashkil etish davolash-sog'lomlashtirish rejimiga qat'iy rioya qilgan holda chiniqish bilan birga olib boriladigan davolash badan-tarbiyasi, to'yimli ovqatlanish hamda kasallik turi va xususiyatiga mos keluvchi profilaktik muolajaga asoslanishi kerak.
43. Sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlarida bolalarning jismoniy tarbiyasi tibbiy nazorat ostida olib boriladi. Ushbu oromgohlarda sog'lomlashtirilayotgan bolalar uchun jismoniy zo'riqish darajasi va rejimi shifokor tomonidan belgilanadi.
44. Sanatoriy-sog'lomlashtirish oromgohlarida olis masofaga va uzoq davom etuvchi sayohatlar, harbiy o'yinlar va sport musobaqalarini o'tkazish tavsiya etilmaydi, uzoqqa yoki tez yugurishni, chidamlilikni nazarda tutuvchi boshqa mashg'ulot turlari cheklangan holda o'tkaziladi.
5-§. Harbiy-sport oromgohlari
45. Harbiy-sport oromgohlari 12 — 17 yoshdagi bolalarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yoshlarni Vatan mudofaasiga, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga tayyorlash maqsadida yozgi ta'til mavsumida ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi voyaga etmaganlar uchun maxsus dastur asosida tashkil etiladi.
46. Harbiy-sport oromgohlarida voyaga etmaganlar bilan sport mashg'ulotlari, psixologlar ishtirokida seminar-treninglar va turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladi.
6-§. Ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlari
47. Ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlarida 7 — 14 yoshdagi bolalar uchun sayyohlik-o'lkashunoslik va ekskursiya ishlarining serqirra turlari tashkil etiladi, bolalarga mamlakatimizning tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy jihatdan o'ziga xos jihatlari chuqur o'rgatiladi.
48. Ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlarida bolalar uchun sayyohlik, o'lkashunoslik, tabiatshunoslik va ekologiya yo'nalishlarida to'garaklar tashkil etiladi.
Mazkur to'garaklarda bolalarga tabiat hodisalarini kuzatish va taqqoslash, ekologik muammolarni o'rganish va muhokama qilish, shuningdek ushbu maqsadlarda bevosita tajriba o'tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
49. Ekologik-biologik, o'lkashunoslik oromgohlari tomonidan ularda o'tkaziladigan mashg'ulotlarning xususiyatini inobatga olgan holda turli yo'nalishlar bo'yicha sayohatlar tashkil etiladi.
7-§. Ixtisoslashgan bolalar oromgohlari
50. Ixtisoslashgan bolalar oromgohlari 7 — 14 yoshdagi bolalarda etakchilik va faollikni shakllantirish, ularning ijtimoiy moslashuv ko'nikmalarini oshirishga yo'naltiriladi.
51. Ixtisoslashgan bolalar oromgohining faoliyati, qoida tariqasida, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan o'quvchilarning ta'til paytida dam olishlari va salomatliklarini mustahkamlashni hamda ularga qo'shimcha ta'lim-tarbiya berishni nazarda tutgan holda tashkil etiladi.
52. Ixtisoslashgan bolalar oromgohida tarbiyachi sifatida Mehribonlik uylarining xizmatchilari, to'garak rahbarlari sifatida esa, «Barkamol avlod» bolalar markazlarining pedagog xodimlari jalb etilishi mumkin.
8-§. Mehnat va dam oldirish oromgohlari
53. Mehnat va dam oldirish oromgohlari umumta'lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarining 15 — 18 yoshdagi o'quvchilarining ijtimoiy foydali mehnati dam oldirish va sog'lomlashtirish bilan birga qo'shib olib borilishiga yo'naltiriladi. Unda bolalar ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlanadi, ularning mehnat ko'nikmalari shakllantiriladi. O'quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlarini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish oromgohni tashkil etishning asosiy sharti hisoblanadi.
54. Mehnat va dam oldirish oromgohlari kunduzgi oromgoh sifatida turli tashkilotlar, shu jumladan fermer xo'jaliklari bazasida tashkil etiladi. Mazkur oromgohlarda har bir mavsum 12 kundan ko'p bo'lmagan muddatga belgilanadi.
55. Bolalarni ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlash va ularning mehnat ko'nikmalarini shakllantirishda bajarayotgan ishining turi va muddatlaridan qat'i nazar, 18 yoshga etmagan shaxslar uchun belgilangan sanitariya-epidemiologik qoidalar va mehnatni muhofaza qilish qoidalari talablariga rioya qilinishi shart. Mazkur muassasalarga qabul qilingan bolalar O'n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo'llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro'yxatida (ro'yxat raqami 1990, 2009 yil 29 iyul) nazarda tutilgan ishlarga jalb qilinmasligi lozim.
56. Mehnat va dam oldirish oromgohlarining kun tartibini ishlab chiqishda bolalarning mehnat faoliyatini jismoniy sog'lomlashtirish va madaniy-ommaviy tadbirlar bilan uyg'unlashtirilgan holda olib borish nazarda tutiladi.
5-bob. Dam oldirish va sog'lomlashtirish jarayoni
57. Oromgohda bolalarning dam oldirilishi va sog'lomlashtirilishi o'quv va madaniy-ma'rifiy dasturlar hamda sog'lomlashtirish tadbirlari asosida tashkil etiladi.
58. Oromgohning har bir to'garagida kamida 10 nafar bolalardan iborat guruhlar tashkil etiladi.
59. Oromgohda barcha yo'nalishdagi to'garak mashg'ulotlari uchun haftada 4 akademik soat, sayyohlik-o'lkashunoslik yo'nalishidagi to'garaklar uchun haftada 6 akademik soat ajratiladi.
60. To'garaklarning faoliyati oromgoh rahbari tomonidan tasdiqlanadigan o'quv reja hamda bolalarning yoshi, psixofiziologik xususiyatlari va sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlari inobatga olingan holda tuzilgan mashg'ulotlar jadvali asosida bepul amalga oshiriladi.
6-bob. Dam oldirish va sog'lomlashtirish jarayoni ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
61. Bolalar, ota-onalar va pedagog xodimlar dam oldirish va sog'lomlashtirish jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi.
62. Bolalar quyidagi huquqlarga ega:
oromgohning ichki tartib-qoidalari bilan tanishish;
oromgohda qiziqishiga ko'ra to'garak turini tanlash va unda bepul ta'lim olish;
oromgohning tibbiy va qo'shimcha ta'lim xizmatlaridan foydalanish;
oromgohning moddiy-texnik bazasidan samarali foydalanish;
oromgohdagi sharoit, ovqatlanish, tibbiy xizmat va o'quv jarayoni masalalarida yuzaga kelgan muammolar bo'yicha oromgoh rahbariyatiga murojaat qilish;
oromgoh faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish.
Bolalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishlari mumkin.
63. Bolalar quyidagilarga majbur:
oromgoh ichki tartib-qoidalariga rioya qilish;
oromgoh hududini rahbariyat ruxsatisiz va pedagoglar kuzatuvisiz tark etmaslik;
sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga amal qilish;
oromgoh xodimlariga hurmat bilan munosabatda bo'lish;
o'zi va atrofidagilarning sog'lig'iga zarar etkazadigan harakatlar qilmaslik;
oromgohning mol-mulkini asrab-avaylash va unga ziyon etkazmaslik;
atrof-muhit va o'simliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish.
Bolalarga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
64. Ota-onalar quyidagi huquqlarga ega:
oromgoh xodimlaridan farzandiga hurmat bilan munosabatda bo'lish va sifatli xizmat ko'rsatilishini talab qilish;
oromgohning ichki tartib-qoidalari, kun tartibi va taomnoma bilan tanishish;
farzandini oromgohdan o'z xohishiga ko'ra muddatidan oldin olib ketish;
oromgoh faoliyatini takomillashtirish yuzasidan oromgoh rahbariyatiga taklif berish.
Ota-onalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishlari mumkin.
65. Ota-onalar quyidagilarga majbur:
dam oldirish va sog'lomlashtirish davrida farzandini zarur kiyim-bosh va shaxsiy gigiena vositalari bilan ta'minlash;
farzandini oromgohga o'z vaqtida olib kelish va olib ketish;
to'lovni o'z vaqtida amalga oshirish.
Ota-onalarga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
66. Oromgohning pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
oromgohning ichki tartib-qoidalari bilan tanishish;
o'z kasbiy sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
oromgohni boshqarishda ishtirok etish;
oromgoh rahbariyatiga oromgoh faoliyatini takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritish.
Oromgohning pedagog xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishlari mumkin.
67. Oromgohning pedagog xodimlari quyidagilarga majbur:
ushbu Nizom talablariga va oromgohning ichki tartib-qoidalariga rioya qilish;
kasbiga xos bo'lgan xulq-atvorda bo'lish;
to'garak mashg'ulotlarini tasdiqlangan o'quv reja asosida tashkil etish;
bolalarga hurmat bilan munosabatda bo'lish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish ruhida tarbiyalash;
oromgohda bo'lgan davrida bolaning hayoti va salomatligini muhofaza qilish.
Oromgohning pedagog xodimlariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
68. Oromgoh rahbari quyidagi huquqlarga ega:
oromgoh xodimlari va dam oluvchilardan oromgohning ichki tartib-qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
o'quv va madaniy-ma'rifiy dasturlar, sport tadbirlari hamda to'garak mashg'ulotlarini takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritish;
bolalar tomonidan oromgohning ichki tartib-qoidalariga rioya qilinmagan taqdirda, ularning ota-onalariga xabar berish;
oromgohning ichki tartib-qoidalarini qo'pol ravishda buzgan bolalarni oromgohdan chetlashtirish va keyingi smenalarga qabul qilmaslik.
Oromgoh rahbari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishlari mumkin.
69. Oromgoh rahbari quyidagilarga majbur:
ushbu Nizom talablariga rioya qilish;
oromgoh faoliyatini tashkil etishda sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga rioya qilish;
bolalarning dam oldirilishi va sog'lomlashtirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
to'garaklarni bolalarning yoshi, psixofiziologik holati va qiziqishlarini inobatga olgan holda tashkil etish;
moddiy-texnik bazadan samarali foydalanilishi va asrab-avaylanishini ta'minlash;
dam oldirish va sog'lomlashtirish jarayoni ishtirokchilariga bepul tibbiy xizmat ko'rsatish va ularni dori-darmon bilan ta'minlash;
bolaning salomatligi jiddiy yomonlashgan hollarda uning ota-onasini hamda oromgohga biriktirilgan tibbiyot muassasasini xabardor qilish.
Oromgoh rahbariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
7-bob. Oromgohni moliyalashtirish
1-§. Umumiy qoidalar
70. Bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog'lomlashtirish uchun zarur bo'lgan mablag'lar miqdori dam oldirilishi rejalashtirilgan bolalar sonidan kelib chiqib aniqlanadi.
71. Oromgohning buxgalteriya hisobi va hisoboti buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-§. Stasionar oromgohni moliyalashtirish
72. Stasionar oromgohlarda bolalarni saqlash xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
ijtimoiy sug'urta mablag'lari;
kasaba uyushmasi byudjeti mablag'lari;
oromgohga borish uchun beriladigan yo'llanmalarni sotishdan tushgan mablag'lar;
Balansda saqlovchining mablag'lari;
homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar.
73. Stasionar turdagi oromgohni doimiy saqlash bo'yicha xarajatlar Balansda saqlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar oromgoh bir nechta Balansda saqlovchi va kasaba uyushmalarining birgalikdagi mablag'lari asosida tashkil etilgan bo'lsa, uni moddiy ta'minlash bo'yicha xarajatlar oromgohni tashkil etishda ishtirok etgan tashkilotlar tomonidan oromgohga sog'lomlashtirish uchun jo'natilgan bolalarning soniga mutanosib ravishda qoplanadi.
74. Balansda saqlovchi stasionar oromgohning bolalarni qabul qilish quvvati doirasida oromgohga o'z hisobidan bolalar uchun qo'shimcha o'rinlar tashkil qilishi mumkin. Bunda oromgohdagi bolalar sonining ortishi va ularning ta'minoti bilan bog'liq xarajatlar, shu jumladan, bolalarning ovqatlanishi, davolanishi, oromgoh xodimlarining ish haqi uchun qo'shimcha mablag'lar va boshqa xarajatlar Balansda saqlovchi tomonidan qoplanadi.
75. Stasionar oromgohning moliyaviy-xo'jalik faoliyati muntazam ravishda, lekin dam olish mavsumi davomida kamida bir marta Balansda saqlovchi va kasaba uyushmasi qo'mitasi tomonidan tekshiriladi.
76. Dam olish mavsumi tugagach, stasionar oromgohning moliyaviy-xo'jalik faoliyati Balansda saqlovchi va kasaba uyushmasi qo'mitasi tomonidan taftish qilinadi hamda oromgohning mol-mulki to'liq xatlovdan o'tkaziladi.
3-§. Kunduzgi oromgohni moliyalashtirish
77. Kunduzgi oromgohlarda bolalarni saqlash xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi.
ota-onalar to'lovi;
homiylik xayriyalari;
Balansda saqlovchilarning mablag'lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar.
78. Kunduzgi oromgohni moddiy ta'minlash, bolalarni sog'lomlashtirish, tarbiyaviy ishlarni o'tkazish, ovqatlantirish uchun zarur bo'lgan xarajatlar oromgoh rahbari tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
79. Kunduzgi oromgohda bolalarni uzluksiz ravishda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun zarur bo'lgan mablag'lar bolalarning oromgohda bo'lganligi uchun ota-onalar to'lovi hamda oromgohlar faoliyat samaradorligini oshirishga doir tashkiliy masalalarni o'z vaqtida hal etish, xavfsizlik va tibbiy xizmat, shuningdek bolalarning mazmunli dam olishini ta'minlash bo'yicha hududiy muvofiqlashtiruvchi guruh (bundan buyon matnda Hududiy muvofiqlashtiruvchi guruh deb yuritiladi) tomonidan aniqlashtiriladigan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun zarur bo'lgan mablag'lar Hududiy muvofiqlashtiruvchi guruhning tashabbusi bilan ular tomonidan aniqlashtirilgan moliyaviy manbalar hisobidan 100 foizgacha qoplanishi mumkin.
80. Kunduzgi oromgohda bolalarni ovqatlantirish oromgoh tashkil etiladigan muassasa oshxonasida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlik sub'ekti va oromgoh tashkil etiladigan muassasa o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi 132-son «Umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida sog'lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
81. Ota-onalar tomonidan bir nafar bola uchun amalga oshiriladigan to'lov miqdori oromgohdagi bolalarni ovqatlantirish uchun sarflanadigan mablag'larning boshqa manbalar hisobidan qoplanmaydigan qismini rejadagi bolalar soniga bo'lish orqali Hududiy muvofiqlashtiruvchi guruh tomonidan belgilanadi.
82. Bolalarni ovqatlantirish uchun sarflanadigan mablag'lar miqdori sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarida belgilangan bir kunlik ovqatlanish normativi hamda oromgohda bo'lish muddatidan kelib chiqib, kunduzgi oromgoh tashkil etiladigan muassasa oshxonasida ijara shartnomasi asosida faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlik sub'ektining xarajatlari inobatga olingan holda belgilanadi.
83. Ota-onalar to'lovi mablag'lari to'laligicha kunduzgi oromgohda bolalarni ovqatlantirish xarajatlariga yo'naltiriladi.
84. Kunduzgi oromgohda bolalarni dam oldirish jarayoniga oromgoh tashkil etilgan muassasada faoliyat ko'rsatayotgan pedagog va boshqa xodimlar bilan birga ixtiyoriylik asosida boshqa ta'lim muassasalarining xodimlari ham jalb etiladi. Mazkur xodimlarning asosiy ish joyi bo'yicha ish haqlari saqlab qolinadi hamda ularga oromgohdagi faoliyati uchun qo'shimcha haq to'lanmaydi.
85. Ota-onalar to'lovini to'lash va xarajatlarni amalga oshirish uchun kunduzgi oromgoh tashkil etiladigan muassasaga xizmat ko'rsatuvchi tegishli g'aznachilik bo'linmasida shaxsiy g'azna hisobvarag'i ochiladi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
86. Oromgohni qayta tashkil etish yoki tugatish O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
87. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, O'zbekiston Fermerlari kengashi hamda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri B. XODJAYEV
2017 yil 14 fevral,
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2017 yil 14 fevral,
Ichki ishlar vaziri A. AZIZOV
2017 yil 14 fevral,
Madaniyat va sport ishlari vaziri B. AXMYEDOV
2017 yil 14 fevral,
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori U. SALIMOV
2017 yil 14 fevral,
O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi raisi Q. RAFIKOV
2017 yil 14 fevral
O'zbekiston Fermerlari kengashi raisi S. TURDIYEV
2017 yil 14 fevral
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2017 yil 14 fevral


Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 175 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech