Ta’kidlab o‘tish joiz, paxta yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinlarda turadigan viloyatimizda ham paxta tolasini qayta ishlash salohiyati yuksalib bormoqda. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda bir nechta istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarilgani shunga imkon berayotir.
Buni Koson tumanidagi “Bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ham ko‘rish mumkin. Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona mavjud quvvatlarning ma’nan eskirganligi, sifat talablariga javob bermasligi bois bir necha yildan buyon faoliyat ko‘rsatmay kelayotgandi. Endilikda korxona negizida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, paxta tolasiga chuqur ishlov berishdan tortib, tayyor mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan yirik majmua bunyod etilmoqda.
- Loyihamizning birinchi bosqichida qiymati qariyb 4 million AQSH dollariga yaqin bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirdik, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Jamshid Saydaliyev. - Xorijdan yiliga 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniga ega dastgohlar olib kelib, o‘rnatildi. Biz foydalanayotgan texnologiya paxta tolasini pnevmatik, ya’ni xalqali usulda yigirishga asoslangan. Uning afzalligi shundaki, ip yigirish va pishitish jarayonlari aylanuvchi havo oqimi yordamida bajariladi, energiya kam sarflanadi. Bunday usulda olingan ipdan asosan trikotaj mato to‘qiladi. Bu mahsulotlarga Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya kabi davlatlar asosiy xaridor hisoblanadi.
Darhaqiqat, bugungi kunda dunyo bozorida paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlarning xaridori ko‘p. Buni fevral oyidan faoliyat boshlagan ushbu korxonaga dastlabki davrdayoq xorijlik hamkorlar tomonidan 1,5 million dollardan ortiq hajmda mahsulot sotib olish bo‘yicha takliflar bildirilgani ham anglatib turibdi. Korxona rahbariyati ayni damda bu takliflarni ko‘rib chiqishmoqda va shu oydan boshlab mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirishgan.
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar ishbilarmonlari o‘zi sotib olayotgan ip-kalavaga anchagina jiddiy talablar qo‘yadi. Mahsulot belgilangan pishiqlik va ingichkalik ko‘rsatkichlariga javob berishi lozim. “Bunyodkor” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichi esa ana shunday “injiq” xaridorlarning ham “ko‘zini o‘ynatadigan” mahsulot ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.
- Hozirgi kunda loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun ham ishlarni boshladik, - deydi Jamshid Saydaliyev. – Tez orada chet ellik hamkorlarimiz kelib, texnologiyalarni o‘rnatishni boshlaydi. Qiymati 11 million 600 ming AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha doirasida Germaniyadan eng zamonaviy texnologiyalar olib kelinadi. Shu asosda ikkinchi bosqich ishlab chiqarish to‘liq avtomatlashtirilgan tizimda amalga oshiriladi. Unda 90-nomerli ip-kalava tayyorlanadi. Aytib o‘tishim joiz, bu o‘lchamdagi iplar jahon bozorida, xususan, G‘arb mamlakatlarida juda qadrlanadi. Biz ham mahsulotni yuz foiz Yevropaga eksport qilishni mo‘ljallaganmiz.
Aynan, loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan korxona klaster usulidagi ish tizimiga o‘tadi. Bunda yerni shudgorlashdan tortib, paxta ekish, parvarishlash, hosilni yig‘ib olish va qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar korxona tomonidan va uning nazorati ostida amalga oshiriladi.
Loyihaning uchinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng esa korxona tomonidan ichki bozorga va xorijga faqat ip-kalava emas, balki tayyor matolar, kiyim-kechaklar ham chiqarila boshlaydi. Xorijdan olib kelinadigan zamonaviy texnologiyalar yiliga 2 ming tonnadan ortiq ana shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradi.
2020-yilga qadar mo‘ljallangan loyiha to‘liq amalga oshishi natijasida 900 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Jahongir BOYMURODOV
Suratlarda: korxona faoliyatidan lavhalar.