wrapper

Qarshi tumanilik Sherzod Rahimov o'z xonadonida baliq etishtirishni yo'lga qo'ygan. Aytishicha, shu maqsadda u bultur tomorqasidan 1 sotix er ajratib, o'ziga xos inshoot barpo qilgandi. To'g'ri, ancha-muncha xarajatga tushdi, ammo shu ishga qo'l urganiga sira afsuslanmadi. Aksincha, oilaga yaxshi foyda keltiruvchi mashg'ulot topgani rost. Asosiysi, baliqchilik tarmog'ini rivojlantirish uchun u qadar katta havza shart emasligiga o'zi ham ishonch hosil qildi. Baliq ko'paytirishga mo'ljallangan havza yuzasi 50 kvadrat metr atrofida. Ushbu basseyn atigi 40 kub metr suv sig'imiga ega. Shugina joydan qancha ham baliq ovlash mumkin, dersiz. Tonnalab, desak, mubolag'aga yo'yarsiz. Ammo bu haqiqat.

Ishbilarmonning bildirishicha, barcha talablarga amal qilinsa, bunday sharoitda bir mavsumda luqmai halol hosilini 10 tonnadan ham oshirish mumkin. Birinchi yili xonadon sohiblari 3 tonnadan ko'p baliqni aholi dasturxoniga taqdim etishibdi. Joriy yilda esa mahsuldorlik bundan-da yuqori bo'lishi kutilmoqda. Muvaffaqiyatning siri esa ular qo'llayotgan intensiv usulda. Fan tilida ushbu usul yopiq suv aylanma tizimi deb ataladi.

 - Mazkur yangilik yurtimiz baliqchilik tarmog'iga endi-endi kirib kelyapti, - deydi Sherzod Rahimov. – Bu texnologiyani chet eldan o'rganib qaytdim. Hech ikkilanmay, o'zimizda ham qo'llashga qaror qildim. Usti yopiq bino ichida 5 ta maxsus boks qurdik. Har biri 4 metrga 2,5 metr o'lchamda bo'lib, yonma-yon joylashtirildi. Ayni texnologiyaning o'ziga xosligi shundaki, bu holatda qishin-yozin baliq boqish bilan shug'ullanish mumkin. Negaki, ushbu tizim qurilmasidagi suvni isitish imkoni mavjud. Havo sovuq kunlarda ham boksda muayyan iliq harorat o'rnatilsa, baliqlar bemalol jon saqlaydi.  Shuningdek, havza suvini kislorodga to'yintirish chorasi ham ko'rilgan. Bunda aerasiya usuli juda qo'l keladi. Boshqacha aytganda, bir tomondagi quvur orqali suv havzaga oqib tursa, boshqa tomondan chiqib ketadi. Shu orqali sirkulyasiya ta'minlanadi, suv doim filtrlab turiladi. Natijada ozuqa ham, suv ham tejaladi.

Darhaqiqat, bu texnologiya dunyo baliqchilik sanoatida ancha ommalashib ulgurgan. Kichik   hajmli havzada baliqlar harakati cheklanishi hisobiga ularning rivojlanishi tezlashadi. Parvarishlash jarayoni davomiyligi uzayishi evaziga    jonivorlarning vazn to'plash sur'ati ham oshadi.

Albatta, yaxshi yangilik tez ovoza bo'ladi. Tez orada Sherzod Rahimovdan o'rnak olgan tadbirkorlar ham topildi. Qarshi tumanidagi, shu yil tashkil etilgan “Big agro fish” mas'uliyati cheklangan jamiyati qoshida xuddi shu usulda baliq ko'paytirish boshlanganiga 6 oydan o'tdi.

- Ko'p yillar baliqchilik bilan shug'ullanganman, asosan ochiq suv havzalarida tabiiy sharoitda mahsulot etishtirganmiz, - deydi tadbirkorlik sub'ekti rahbari A'zam Rajabov. -  Yaqinda ko'rib, mazkur intensiv yo'nalishga ham qiziqib qoldim. Samarasini bilgach, sarmoya tikishga ahd qildim. Bankdan 150 million so'm miqdorida kredit oldik. O'z hisobimizdan 100 million so'm mablag' ham sarfladik. Tasarrufimizdagi binoning bir qismini yangi usulda baliq boqishga moslashtirdik. Kichik-kichik 9 ta hovuz barpo etildi. Hozirgacha uchta boksni suv aylanma tizimi bilan jihozladik. 8 mingta chavoq tashlaganmiz. Mana, ayrim baliqlar qisqa fursatda 1,5 kilogrammdan ortiq tosh bosadigan bo'ldi.

Tadbirkorning so'zlariga ko'ra, hamma turdagi baliqlarni ham bu usulda boqib bo'lmaydi. Baliqlarning sanoatlashgan zotlarigina bu sharoitga moslasha oladi. Ishbilarmon bugungi kunda Afrika laqqasini parvarishlashga asosiy e'tibor qaratgan. Chavoqlarni sotib olayotgani mahsulot tannarxiga ta'sir qilayotganini aytadi. Shu bois kelgusida inkubasiya sexi ochish maqsad qilingan. YEtishtirilajak chavoqning bir qismi korxona ehtiyoji uchun ishlatilsa, qolgani buyurtma asosida hududdagi xo'jaliklarga etkazib beriladi. Tovar baliq realizasiyasini yanada engillashtirish niyatida baliqxona yonida maxsus choyxonani ishga tushirish ko'zda tutilgan.

Ahamiyatlisi, keyingi yillarda viloyatimizda ham baliq ishlab chiqarishda intensiv texnologiyalarni faol joriy etuvchi sub'ektlar soni yanada ko'payadi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ularni yanada ruhlantirdi. Ushbu hujjatga asosan, mamlakatimizdagi baliqchilik xo'jaliklarini intensiv usulda baliq etishtirishga ixtisoslashtirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi. Yangi tartibga muvofiq, endilikda sun'iy suv havzalarida baliq etishtirish loyihasi uchun er uchastkasi faqat intensiv usul va resurstejamkor texnologiya qo'llanishi sharti bilan ajratiladi.

Prezident qarorida baliq etishtirish inshootlari va qurilmalarini barpo etishga ham alohida to'xtalib o'tilgan. 2019 yilda viloyatimizda mavjud inkubasiya sexlari soni yana bittaga ko'payadi. Ushbu quvvat yiliga 50 million dona chavoq etkazib berish imkoniga ega bo'ladi. Havzalarda 100 ta qafas moslamasi o'rnatiladi. Intensiv usul qo'llanadigan kichik suv havzalari maydoni 36 gektarga, ularda baliq ishlab chiqarish 1800 tonnaga ko'payadi. Bitta yopiq suv aylanma tizimi ham bunyod etiladi. Baliqni saqlash va qayta ishlashni yo'lga qo'yish bo'yicha ham choralar belgilangan. Shu yo'nalishda ish olib boruvchi yangi sexlarning barpo etilishi natijasida vohamizda bu boradagi quvvat qo'shimcha ravishda 800 tonnaga ortadi.

 

- Ushbu qaror bilan soha vakillariga ko'plab qulaylik va imtiyozlar taqdim etildi, - deydi Qamashi tumanidagi “Abdurahimov Boburjon” fermer xo'jaligi rahbari G'ani Haydarov. – O'z navbatida baliqchilik xo'jaliklariga zarur talablar ham qo'yildi. Yangilikka intilish, resurstejamkor texnologiyalarni faoliyatga tatbiq etish shulardan biridir. Hujjatda baliqchilik klasterini ommalashtirish haqida ham so'z borgan. Ya'ni tadbirkorlik sub'ekti baliq uvildirig'i, chavog'i etishtirish, ozuqa ishlab chiqarishdan tortib, tayyor mahsulotni qayta ishlashgacha bo'lgan barcha jarayonni o'zida jamlashi kerak. Agar yangi ish boshlaydigan klasterning baliq ishlab chiqarish quvvati kamida ellik tonna bo'lsa, u 2019 yil 1 yanvardan boshlab uch yilga barcha turdagi soliqlardan ozod etilishi mumkinligi ta'kidlandi. E'tiborlisi, xo'jaligimizda ham bunga barcha sharoit mavjud. Tumanimiz hududidagi suv omborini muayyan muddatga ijaraga olganmiz. Joriy mavsumda 40 tonnadan ortiq tovar baliq ishlab chiqardik. Bu degani, yana harakat qilsak, bu talabni ham bajara olamiz. Asta-sekin boshqa yo'nalishlarni ham yo'lga qo'yamiz. Hozirdan chavoq etishtirishni o'zlashtirish bo'yicha ish boshlaganmiz.

Turli vitamin va oqsillarga boy, salomatlik uchun foydali baliqdek tansiq mahsulot doim xaridorgir bo'lgan. Mavjud yuqori ehtiyojni qoplash esa baliqchilik xo'jaliklari zimmasiga alohida mas'uliyat yuklaydi. Joriy yilda vohamizda ham bu borada zarur choralar ko'rildi. Mavsum avvalida mavjud havzalar 7 million 820 ming dona chavoq bilan baliqlantirilgandi. Ko'zlangan maqsadga erishish uchun baliqchilik xo'jaliklariga 8,8 ming tonna omixta em, ming tonnadan ziyod mineral o'g'it etkazib berildi. Bu yo'nalishdagi loyihalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 16 milliard so'mdan ko'p moliyaviy ko'mak taqdim etildi. 1 noyabr holatida esa viloyatimiz miqyosida 5 ming 831 tonna baliq ovlanib, aholi dasturxoniga tuhfa etildi. Yil oxiriga qadar bu ko'rsatkichni 10 ming tonnaga etkazish rejalashtirilgan.

Mirzohid JO'RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

 

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 60 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family