wrapper

Qarshi shahar hokimi bilan suhbat

Fozilov Jamshid G'ayratovich, ma'lumoti oliy, mutaxassisligi elektronika muhandisi va davlat boshqaruvi. 2016 yil 15 iyuldan buyon Qarshi shahri hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.

- O'tgan muddat davomida hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, aholi hayot darajasi yuksalishiga qay darajada hissa qo'sha oldim, deb hisoblaysiz? Buning uchun qanday islohotlarga qo'l urdingiz?

 

- Qarshi shahri qiyofasi yil emas, oy sayin o'zgarmoqda. Shunga monand, aholi hayot darajasi ham sezilarli yuksaldi. Ko'chalarimiz, yashash manzillarimiz kundan-kunga obod bo'lib bormoqda. Yangi-yangi tadbirkorlik sub'ektlari, korxona va muassasalar faoliyati yo'lga qo'yildi, ish o'rinlari ochilayapti. Eng muhimi, buni Qarshi aholisi o'z ko'zi bilan ko'rib, guvohi bo'lib turibdi, yashash tarzi o'zgarib borayotganida his etmoqda. Hududda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasining amalga oshirilishi turli huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim omil bo'layapti.

- Oxirgi marta qaysi mahalla aholisi uchun sayyor qabul o'tkazdingiz va unda aytsa arzigulik qanday muammolar hal bo'ldi? Umuman, aholi vakillari to'g'ridan-to'g'ri hokimga murojaat qilishi uchun “yo'l” ochiqmi? Ayrim murojaatchilar Sizni o'zlarini obdan tinglamaslikda ayblashlariga qanday qaraysiz?

- Odamlar dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo'lish, og'irini engil qilish, pirovardida, aholining davlat va jamiyatga bo'lgan ishonchini mustahkamlash, ularni hayotdan rozi qilishda joylarda tashkil qilinayotgan sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda ko'tarilayotgan muammolarning aksariyatiga joyida echim topilayapti. Aholini qiynayotgan, o'ylantirayotgan masalalar bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Masalan, Qarshi shahrida 62 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lsa, ularda har hafta ishlab chiqilgan tegishli grafik asosida sayyor qabullar o'tkazib borilayapti.

Ma'lumki, har bir ma'muriy hududda ishlar 4 ta sektor tizimi asosida yo'lga qo'yilgan. O'tgan davrda men rahbarlik qiladigan 1-sektor hududiga kirgan 16 ta mahalladagi 11 ming 379 ta aholi xonadonlari to'liq o'rganib chiqilgan. Ana shu yo'sindagi faoliyat asosida joriy yilning uchinchi choragida 97 ta muammo aniqlanib, ularning 65 tasi joyida bartaraf etilgan bo'lsa, 32 masala yuzasidan takliflar tayyorlanib, shahar (26 ta), viloyat (3 ta), respublika (3 ta) “Yo'l xarita”lariga kiritildi va ijrosi ta'minlanmoqda.

Bundan tashqari, 1-sektor rahbari tomonidan 2018 yilning 9 oyi davomida 72 marotaba jismoniy va yuridik shaxslar qabuli tashkil etilgan bo'lsa, 9 marotaba mahallalarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda sayyor qabul o'tkazildi. Ularda fuqarolar tomonidan bo'lgan murojaatlar asosida o'rtaga tashlangan 30 dan oshiq muammoni hal etish chorasi ko'rilib, ko'plab fuqarolarga huquqiy tushunchalar berib borildi.

Shuningdek, haftaning dushanba va juma kunlari Qarshi shahridagi Xalq qabulxonasida muntazam ravishda fuqarolar bilan gaplashib turamiz. Ularda 100-120 nafar murojaatchini qabul qilayapmiz.

Shu bilan ham ba'zi murojaatchilar bizni o'zlarini obdan tinglamaslikda ayblashadi. Vaholanki, shunday holatlar borki, ayrim qog'oz shaklidagi murojaatlar 50-60 varaqdan iborat bo'ladi. Ancha vaqt sarflab, xatni oxirigacha o'qiysizu, unda aynan nima maqsad ko'zda tutilgan, fuqaro qanday masalada ko'mak kutayapti, degan savolga javob topish mushkul. Ayonki, murojaat qancha muxtasar va aniq bo'lsa, uni tushunish shuncha oson kechadi.

Nima bo'lganda ham kimning qanday murojaati bo'lsa, Qarshi shahar hokimiga, uning vakillari huzuriga “yo'l” 24 soat ochiq.

- Keyingi vaqtlarda hokimlik vakillari, xususan hokim o'rinbosarlarining korrupsiya bilan bog'liq jinoyatlari tez-tez sodir bo'lmoqda. Shunga yo'l qo'ymaslik uchun Siz tomoningizdan qanday choralar ko'rilmoqda va ular samara beradi deb o'ylaysizmi? Deylik, keyingi 3 yilda hokimlik apparatida korrupsiya bilan bog'liq biror jinoyat yuz bermaydi, deb ishonch bilan ayta olasizmi?

- Qarshi shahar hokimligining barcha yig'ilishlarida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori ijrosini so'zsiz ta'minlash borasida zarur tushunchalar berib borayapmiz.

Mazkur odob-axloq qoidalarida ko'zda tutilganidek, shahar hokimligi tizimi xodimlariga o'z xizmat vazifalarni bajarishi munosabati bilan biron bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy va yuridik shaxslardan boshqacha naf ko'rish qat'iyan taqiqlanishi uqtirilgan. Xizmat majburiyatlarini beg'arazlik bilan, xolisona, vijdonan bajarishi, korrupsiyaga oid biror bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan o'zini tiyishi shartligi qayd etib o'tilgan. Ularning har biridan korrupsiya holatlariga yo'l qo'ymaslik, ichki mehnat tartib-qoidalariga rioya etish bo'yicha “Kafolat xati” olingan va jinoyatga jazo muqarrarligi tushuntirilgan.

- Mashhur davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchill: “Ba'zilar tadbirkor deganda sog'in sigirni, faqat sanoqli odamlargina tadbirkor deganda og'ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi”, degan ekan. Siz uchun tadbirkor kim? Shaxsan aralashuvingiz bilan shu yilda qancha tadbirkorning qanday muammosi hal qilib berildi?

- Tadbirkorlik bu - ilg'or g'oyalar ro'yobi, iqtisodiy yuksalish, ijtimoiy hayot barqarorligi va xalq turmushi farovonligini yuksaltiruvchi muhim omil.

Tadbirkorga nima kerak, avvalo qulay tadbirkorlik muhiti. Uning tashabbusi qo'llab-quvvatlansa, byurokratik holatlarga to'qnash kelmasa, kam vaqt va pul sarflaydi, ishi tez rivojlanadi. Shu nuqtai nazar bilan Qarshi shahrida tadbirkor va ishbilarmonlarni o'ylantirayotgan muammolarni tezkor hal qilish hamda yangi istiqbolli g'oya va takliflarini qo'llab-quvvatlash bosh maqsadga aylangan.

- Oxirgi marta qay maqsadda xorij xizmat safarida bo'ldingiz? Ushbu safar natijalari bo'yicha hudud hayotida qanday o'zgarish bo'ldi yoki bo'lishi kutilayapti? Aniq natijaga ilinj bormi?

- Tolyatti shahri hokimi S.A.Antashevning taklifiga asosan Qarshi shahar hokimligining 5 kishidan iborat delegasiyasi 2018 yil 21-24 aprel kunlari Rossiya federasiyasining Moskva shahri va Samara viloyatida bo'ldi. Savdo iqtisodiy aloqalarni o'rnatishga qaratilgan mazkur xizmat safari mobaynida “Tolyattinskiy transformator”, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “SlaSti” korxonalari bilan muzokaralar olib borilib, hamkorlikda Qarshi shahrida korxonalar tashkil etish bo'yicha o'zaro kelishuvlarga erishildi. Amaliy harakatlar davom ettirilib, umumiy kapitali 400 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi 3 ta MChJ shaklidagi qo'shma korxonaga asos solindi.

- Viloyat markazida bunyodkorlik ishlari ko'lami juda keng. Kecha bo'sh turgan joyda hech fursat o'tmay yangi ob'ekt paydo bo'layapti. Nima deb o'ylaysiz, mazkur ob'ektlarning joylashtirilishida shaharsozlik qoidalariga qanchalik rioya qilinayapti? Agar rioya qilinmagan holat yoki o'zboshimchalik uchragan bo'lsa, u qay tarzda bartaraf etilayapti?

- Tegishli hujjatlar ijrosi doirasida 2017-2020 yillarda Qarshi shahrida jami 40 ta 1701 xonadonga mo'ljallangan ko'p qavatli turar joy binolari qurilishi belgilangan. Shundan 2017 yilda 7 ta 5 qavatli 315 xonadonli, 2018 yilda 14 ta 5 qavatli 630 xonadonli uy-joy qurildi. 2019 yilda esa 14 ta 7 qavatli (2, 3 xonali) 588 xonadonga mo'ljallangan uy-joy  bunyod etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Obod mahalla” dasturi doirasida Shayxali va Otchopar mahallalarida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, shahardagi maktabgacha ta'lim, ta'lim, tibbiyot, sport muassasalari, dam olish maskanlarida bo'layotgan qurilishlar shahar qiyofasiga o'zgachalik kasb etayapti. Qolaversa, ajratilgan erlarda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan tiklanayotgan ob'ektlar ham o'ziga xos me'moriy echimga ega.     

- “Qashqadaryo” gazetasining 2018 yil 14 avgustdagi sonida “Aholi “teri zavod”idan nega norozi?”, 18 avgustdagi sonida “Uy “snos”ga tushdi” sarlavhali maqolalar chop etilgandi. Ularda ko'tarilgan muammolar echimi xususida nima deya olasiz?

- Birinchi maqola yuzasidan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan joyida o'rganish olib borildi. Qarshi shahar DSENM bosh vrachining yozma axborot berishicha, “Qarshi leather” MChJ qo'shma korxonasiga 4,5228 gektar er maydoni ajratib berilgan. Ushbu maydon uchun O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining ijobiy ekologik     ekspertiza xulosasi olingan. Ekologik me'yorlashtirish va monitoring markazi DUK viloyat filiali tomonidan qo'shma korxonaning “Atrof-muhitga ta'sir ko'rsatish to'g'risidagi bayonot loyiha”si ishlab chiqilgan.

Korxona ma'muriyatiga zavod binosi ichi va atrofida kunlik tozalash ishlarini sifatli o'tkazishni yo'lga qo'yish, chiqindilarni o'z vaqtida chiqarish talablariga rioya qilgan holda faoliyat ko'rsatish to'g'risida sanitariya ko'rsatmalari jo'natildi.

 Gazetaning 18 avgustdagi sonida berilgan “Uy “snosga tushdi” sarlavhali maqola yuzasidan shuni qayd etish lozimki, Darvozatutak mahallasidagi ayrim uy-joylar ham Qarshi shahrining bosh rejasiga binoan buzilish (snos)ga tushgani to'g'risida ular egalariga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori bilan tasdiqlangan Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo'yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash tartibi to'g'risidagi Nizom asosida ogohlantirish xati berilgan. Ammo mahallaning Avangard ko'chasida bunyod etilishi rejalashtirilgan ko'p qavatli uyni bank tavsiyasiga asosan tanlangan quruvchi tashkilot uddalay olmagani sabab tashlab ketgan. Natijada hozircha eski uylar buzilmasdan turibdi. Fuqarolar esa ularda yashashda davom etmoqda.

Shuni tushunish lozimki, katta shaharda katta ishlar ketayotgan bir paytda bunday holatlar ham uchrab turadi va biz bu masalani tez kunlarda bartaraf etish choralarini ko'ramiz.

- Hokim uchun eng muhimi bu...

- Xalq farovonligi, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, xalqni rozi qilish uchun tinim bilmay ishlash, uning dardi va tashvishlari bilan yashash, har bir fuqaro, har bir oila va uning negizida har bir yosh avlodning kelajagi uchun fidoyilik ko'rsatib, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Shuningdek, hududning yo'nalish va maqsadlarini aniqlashtirish, odamlarni ilhomlantirish, ularni bir maqsad yo'lida birlashtirish va rivojlanish sari boshlash ham hokim uchun muhim.

Suhbat viloyat hokimligi matbuot xizmati ko'magida uyushtirildi.

 

Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

 

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 67 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family