wrapper


Bandlik muammosi global ahamiyat kasb etayotgan dunyoning ko'plab davlatlarida mavsumiy ishlar aholining moddiy ehtiyojlarini ta'minlashda muhim manba bo'lib xizmat qilmoqda.
 
Ma'lumotlarga ko'ra,  Braziliya, Kolumbiya, Indoneziya, Vetnam, Efiopiya, Nikaragua, Gvatemala va yana bir qator davlatlarda qariyb 50 millionga yaqin odam qahva hosili yig'iladigan vaqtni orziqib kutadi. Chunki, hozir ham aksariyat mamlakatlarda qahva hosilini yig'ish, qolaversa, qahva donlarini navlarga ajratish qo'l mehnati yordamida bajariladi. Ya'ni, har qanday zamonaviy texnikadan farqli ravishda, faqat inson qo'llarigina sifatsiz, mog'or bosgan qora yoki nordon donlarni bir chetda qoldirib, eng sara qahva donlarini tanlab olishi mumkin. Shu bois, fermerlar qahva hosilini yig'ish va uni saralash ishiga ko'plab mavsumiy ishchilarni jalb etadi. Ular esa bundan unumli foydalanib, yaxshigina mablag' ishlab topadi. Shuningdek, O'rta YEr dengizi bo'yida joylashgan va “YEvropaning bog'i” hisoblanadigan Gresiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya kabi davlatlarda ham juda ko'p aholi apelsin, mandarin, zaytun, yong'oq, bodom, uzum va shu kabi mevalar hosilini yig'ish davrida qisqa muddat yollanib ishlab, buning ortidan moddiy ehtiyojlarining bir qismini qoplab olishadi.
 
Yoki boshqa bir misol, ayni vaqtda butun dunyo bo'yicha etishtiriladigan sholining 90 foizi Xitoy (190 million tonna), Hindiston (110 million tonna), Indoneziya, Bangladesh, Tailand, Myanma, Yaponiya (126 million tonna) kabi Osiyo davlatlari hissasiga to'g'ri keladi. Ma'lumki, ushbu davlatlarda yuqori va sifatli hosil olish maqsadida sholi asosan ko'chat usulida ekiladi. Bu yumushni esa faqatgina qo'lda bajarish mumkin. Shu bois sholi ekish mavsumida millionlab insonlar uni etishtiruvchi fermerlar bilan shartnoma tuzib, ularning ishiga ko'maklashadi va qilgan mehnatiga munosib haq oladi.
 
Xullas, bugun dunyoda mavsumiy ishlar aholining foydali mehnat bilan bandligini ta'minlash, real daromadlarini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. E'tiborli jihati, so'nggi yillarda mamlakatimizda ham bu borada ijobiy ko'rsatkichlar ko'zga tashlanayapti. Bu eng avvalo mehnat va unga haq to'lash tizimining to'g'ri shakllantirilgani, ya'ni qilingan mehnat o'zining munosib bahosiga ega bo'layotgani natijasidir.
 
Misol uchun, ilgari paxta yig'im-terimiga hasharchilarning qay tartibda jalb etilganini bilamiz. Bu yumush asosan talabalar, o'qituvchilar, shifokorlar yoki boshqa idora va tashkilotlar xodimlari zimmasiga tushgani ham sir emas. Vohalanki, ularning o'z ishlari bor. Ayni vaqtda doimiy ish bilan band bo'lmagan mehnatga yaroqli aholi vakillarida esa bu faoliyatga rag'bat yo'q edi. Xo'sh, nega? Chunki tizim to'g'ri yo'lga qo'yilmagandi. Qo'lda bajarilayotgan mehnat munosib baholanmasdi.
 
So'nggi yillarda ish bilan band bo'lmagan aholining paxta yig'im-terimida ishtirok etishga bo'lgan ishtiyoqi oshib borayotgani esa ana shu kamchiliklarning bartaraf qilinayotgani, mehnat uchun munosib haq taklif etilayotgani bilan bog'liq.
 
- Oilamizda faqat turmush o'rtog'im va o'g'lim ishlaydi, - deydi Chiroqchi tumanilik Muazzam Berdiyorova. – O'tgan yili terim mavsumida kelinim va ikki qizimni yonimga olib, qishlog'imizdagi fermer xo'jaliklari dalasidan paxta terdik. Bir oydan ko'proq vaqt davomida har birimiz o'rtacha uch yarim, to'rt millon so'mdan pul ishlab oldik. Bu bilan oila byudjetiga juda katta yordamimiz tegdi. Bu yil esa terim puli yanada oshibdi, shunga mutanosib, bizdagi g'ayrat ham jo'shib turibdi.
 
Darhaqiqat, mamlakatimizda qo'lda terilgan har kilogramm paxta uchun to'lanadigan pul miqdori keyingi ikki yilda sezilarli darajada oshdi. Natijada odamlarning mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, oila byudjetiga qo'shimcha daromad olib kirish ishtiyoqi ham yanada ortayapti. Agar 2016 yilda qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun  285 so'm miqdorida haq to'langan bo'lsa, 2017 yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshib,  dastlab 450 so'm, 1 oktyabrdan esa 500 so'm etib belgilandi.
 
Joriy yilda esa 2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig'ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risidagi Hukumat qaroriga asosan,   paxta xom ashyosining qo'lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda-kontraktasiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so'm, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so'm, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so'm mehnat haqi to'lash belgilandi. Qolaversa, shu mavsumdan boshlab paxta yig'im-terimi bo'yicha qishloq xo'jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamg'armasi uchun sug'urta badallari undirilmaydi.
 
Endi hisoblab ko'ring, deylik, birinchi terimda bir oilaning doimiy ish bilan band bo'lmagan  uch nafar a'zosi terimda ishtirok etib, birgalikda kuniga o'rtacha 300 kilogrammdan paxta terdi. Bu bir kunda 195 ming so'm pul naqd degani. Agar 15 kun shu taxlit ishlashsa, oilaga qariyb 3 million so'm qo'shimcha daromad keladi. Mavsum davomida esa bu ko'rsatkichni bemalol 10 million so'mdan oshirish mumkin.
 
Yana bir jihatga ham e'tibor qaratish joizki, joriy yilda viloyatimizning Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida (paxta-to'qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo'lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo'shimcha 150 so'm, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so'm, jami 300 so'm ustama haq to'lanishi nazarda tutilgan.
 
Bu degani, boshqa tumanlarda birinchi terimdagi qo'lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 650 so'mdan pul berilsa, viloyatimizda etishtiriladigan paxtaning katta qismini etkazib beradigan Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida bu miqdor mavsum boshida 950 so'mni, keyinroq 1150 so'mni, oxirgi terimlarda esa 1300 so'mni tashkil etadi.
 
Demakki, ushbu hududlarda bir kunda o'rtacha 100 kilogramm paxta tergan kishi bir oyda 5 million so'mdan ortiq pul ishlab topadi.
 
Bundan tashqari, viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan ilg'or terimchilarni turli sovg'alar, pul mukofotlari bilan taqdirlab borish rejalashtirilgan. Mavsumda terimchilarning ovqatlanishi, dam olishi hamda madaniy hordiq chiqarishini  yuqori saviyada tashkil etish uchun keng hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
 
- Bu yil tumanimizda 21 ming 500 gektar maydonda paxta parvarishlandi, - deydi Koson tumani hokimligi mutaxassisi Jobir Narziev. – Tuman mirishkorlari 62 ming tonnalik paxta xirmoni yaratishni maqsad qilishgan. Hosilni asosan qo'lda, sifatli yig'ib olishni rejalashtirganmiz. Mavsum davomida terimchilarning yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida dala shiyponlari ta'mirlanib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo'lgan barcha sharoitlar yaratilmoqda.
 
Ta'kidlab o'tish joizki, joriy yilda Shahrisabz tumanida 5 ming 200, Yakkabog' tumanida 7 ming 200, Qamashi tumanida 8 ming 500, Chiroqchi tumanida esa 8 ming 600 gektar maydonda g'o'za parvarishlandi. Ushbu hududlarda paxta hosilini yig'ib olish esa yordamchi kuchlarisiz amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ya'ni, bu tumanlarda paxta to'liq fermer xo'jaliklari a'zolari, ular tomonidan jalb etiladigan mavsumiy ishchilar yordamida yig'ib olinadi. Bu ham aholining ushbu yumushdan manfaatdorligi oshgani sari paxta yig'im-terimida ishtirok etib, moddiy imkoniyatlarini yaxshilab olish istagi ortib borayotgani natijasidir. Binobarin, bugun osmonga qarab, chalpak yog'ishini kutib yotgan odam faqat va faqat fursatni boy beradi, xolos.
 
Jahongir BOYMURODOV
Qashqadaryogz.uz ma'lumotlari asosida

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 214 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family