wrapper

Maxsus imkoniyatlar

 

Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatiga asossiz aralashishlarga barham berish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

 

 So‘nggi uch yil davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishadigan bo‘lsak, bunga yana bir bor amin bo‘lamiz. Birgina misol, to‘g‘ridan to‘g‘ri tekshirishlar o‘rniga tadbirkorlik subyektlari faoliyatining kameral nazorati samaradorligi oshirildi. Bu orqali kelgusida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holatlari oldini olish maqsad qilingan.

 

Soliq kodeksining 70-moddasiga asosan, kameral nazorat deganda, soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni o‘rganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazorat tushuniladi. Kameral nazorat soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.

 

Agar davlat soliq xizmati organi tomonidan kameral nazorat jarayonida soliq hisobotini to‘ldirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani yoki taqdim etilgan soliq hisobotidagi va davlat soliq xizmati organlaridagi ma’lumotlar o‘rtasida ziddiyatlar borligi aniqlansa, bu haqda soliq to‘lovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan yozma shakldagi xabar yo‘llanadi.

 

Shunga muvofiq, joriy yilning birinchi choragi davomida viloyatdagi hisobot topshirish majburiyatiga ega  29 ming 550 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati kameral nazoratdan o‘tkazilgan. Tahlillar natijasiga ko‘ra, 23 ming 180 xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati shubhali deb topilgan. O‘tkazilgan kameral nazorati natijasida esa ba’zi qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli subyektlarga jami 24 milliard 593 million so‘mlik qo‘shimcha soliqlar hisoblandi. 

 

Masalan, Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “ZARAFSHON EKO” xususiy korxonasining 2016-2017-yillar mobaynidagi moliyaviy xo‘jalik faoliyatida soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan kameral nazorati o‘tkazildi. Korxona mutasaddilari yagona soliq to‘lovi hisobotlarida yalpi tushumni kamaytirib ko‘rsatgan. Oqibatda esa budjet hisobiga undirilishi lozim bo‘lgan 3 milliard 100 million so‘mlik yagona soliq to‘lovi hisoblanmasdan qolgan.

 

Bunday holatda soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini talabnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda taqdim etishi shart. Holat qonuniy jihatdan asoslangach, “ZARAFSHON EKO” xususiy korxonasi tomonidan budjetga  3 milliard 100 million so‘m to‘lab berilishi ta’minlandi.

 

Soliq kodeksining 120-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘lov muddatlarini buzish to‘lovning belgilangan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblashga sabab bo‘ladi, deya qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, korxonaga 96 million 200 ming so‘m penya ham hisoblandi.  

 

Xulosa qilib aytganda, kameral nazoratini o‘tkazish  soliq to‘lovchilar tomonidan soliq qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va kelgusida ularga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ta’sir choralarining oldini olishga xizmat qiladi. 

 

Firdavsiy JABBOROV,  viloyat Davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i

Amerikaning “Honeywell” kompaniyasi asosan elektron boshqaruv va avtomatlashtirish tizimlarini ishlab chiqaradi. Ushbu gigant o‘z yo‘nalishida dunyoda yetakchi hisoblanadi. Ana shu kompaniya yaqin istiqbolda yurtimiz bozoriga kirishni maqsad qilgan. Aniqroq aytganda, mazkur subyekt bugungi kunda mamlakatimizga chetdan katta hajmda import qilinayotgan mahsulot – gaz analizatorlarni qiyoslash uchun foydalaniladigan gaz aralashmasini viloyatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

 

Ahamiyatlisi, biroz avval kompaniyaning Rossiya Federatsiyasidagi distribyutori rasmiy vakillari yurtimizdagi investitsiya muhiti, xorijiy sarmoyadorlarga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaxshiroq tanishish maqsadida vohamizga kelishdi. Mehmonlar viloyat sinov va sertifikatlashtirish markaziga taklif qilindi. Shu munosabat bilan markazda tadbir tashkil etilib, unda kompaniya mutaxassislariga hududda biznes yuritish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bu uchrashuvda yurtimizning neft-gaz sohasida faoliyat olib borayotgan bir qancha manfaatdor korxonalar -“Lukoyl Uzbekistan opereyting kompani” MCHJ, “Enter Engineering Pte Ltd”, “Eriyell” kompaniyasi, “Gissarneftgaz” qo‘shma korxonasi, “Muborakneftgaz”, “Sho‘rtanneftgaz, “Muborak GQZ” va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari vakillari ishtiroki ham ta’minlandi.

- Ma’lumki, mamlakatimizda ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobidan import hajmini kamaytirishga dolzarb masala sifatida qaralmoqda, - deydi viloyat sifat va sertifikatlashtirish markazi rahbari Ulug‘bek Amirqulov. – Chet el kompaniyasini hamkorlikka chorlayotganimizdan ham shu maqsad ko‘zlangan. Aytish joiz, mamlakatimizda, ayniqsa, viloyatda ishlab turgan korxonalarda gaz analizatorlarni qiyoslash uchun foydalaniladigan gaz aralashmasigatalab yuqori. Ammo ayni paytda bu subyektlar ushbu mahsulotni valyuta sarflab chetdan sotib olib kelishga majbur. Xorijiy investorlar esa bu imkoniyatdan samarali foydalanmoqchi, buning uchun zarur yuqori texnologiyaga ega. Asosiysi, mahsulotni realizatsiya qilish uchun yurtimizda xaridor bor. Kompaniya mutaxassislari ham buni e’tirof etishdi. Hozirgi paytda ular mamlakatimizda investorlar huquqlari qay darajada himoya etilganini o‘rganishmoqda. Agar ma’qul kelsa, markazimiz va tegishli kompaniya sherikchiligi asosida qo‘shma korxona barpo etish reja qilingan.

Mutasaddining bildirishicha, bugungi kunda mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Xorijiy kompaniya tomonidan ushbu sohaga katta miqdorda investitsiya kiritish mo‘ljallanayapti. Bu istiqbolli tashabbusning muvaffaqiyatli amalga oshishi kelgusida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qulaylik yaratishi bilan birga, viloyatimizda yangi bir quvvat vujudga kelishi asnosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi evaziga esa katta hajmda valyuta tejab qolinishiga erishilishini ta’minlaydi.

Tadbirda kompaniya vakillari o‘z faoliyati, mahsulotlari haqida ma’lumot beruvchi taqdimot bilan chiqish qilishdi. Mahalliy korxonalar mas’ul mutaxassislari ham loyihaning yuqori ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

MIRJAHON


 

shanba, 26 May 2018 00:00

HAMKORLIK ALOQALARI O‘RNATILDI

Avtor

Qashqadaryo va Ukraina Respublikasining Suma, Eron Islom Respublikasining Qazvin viloyatlari o‘rtasida qator sohalarni qamrab olgan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Bunday kelishuvga mazkurhududlar ma’muriyatlari va ishbilarmon doiralaridan iborat delegatsiyalarning vohamizga amalga oshirgan tashrifi davomida kechgan samarali muzokaralardan so‘ng erishilgani ahamiyatlidir.

 

Ma’lumki, yurtimiz hududlariga xorijiy investorlarni faol jalb qilish, chet el sarmoyadorlari bilan o‘zaro manfaatli asosda turli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Shu orqali ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘zlashtirishga, hududlarga zamonaviy texnologiyalar kirib kelishini ta’minlashga imkoniyat paydo bo‘ladi. O‘z navbatida bu dunyo miqyosida mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga, iqtisodiyotimizga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan chet ellik ishbilarmonlar ko‘payishiga zamin hozirlaydi.

E’tirof etish joiz, so‘nggi vaqtda vohamizga xorijdan ishbilarmonlarning kelishi muntazamlik kasb etayapti. Ular viloyatimizda qulay biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, iliq taassurotlarga ega bo‘lishmoqda, o‘zaro hamkorlikda istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvlar imzolashayotir. Avvalroq Koreya fermerlaridan iborat delegatsiya vohamizda bo‘lib, bu yerda o‘ziga xos va zamonaviy qishloq xo‘jaligi innovatsion parki barpo etish tashabbusini o‘rtaga tashlashganihaqida xabar bergandik.

Ukraina Respublikasining Suma va Eron Islom Respublikasining Qazvin viloyatlari bilan boshlanajak hamkorlik ham vohamiz xalq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

- Bu Suma viloyati sarmoyadorlarining viloyatimizga ilk tashrifi bo‘lsa, qazvinlik investorlar biroz avval ham vohamizga kelishgandi, - deydi investitsiyalar bo‘yicha viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Sa’dulla Boboqulov.

– Tashrif asnosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ikkala tomon uchun ham qiziqarli va samarali kechganini ta’kidlash o‘rinli. Misol uchun, Suma biznesmenlari ishtirokida dastlab viloyat hokimligida “Hududiy hamkorlik istiqbollari” mavzusida biznes-forum o‘tkazildi. Unda hamkorlik istiqbollari, galdagi rejalar muhokama qilindi. Forum doirasida ko‘rgazma ham tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar namoyish etildi. Keyinchalik Suma viloyati rahbariyati va sarmoyadorlari Shahrisabz shahri va Mirishkor tumaniga sayohat qilishdi. Bu yerda ular mavjud korxona va tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Eronlik mehmonlarga ham viloyatimiz iqtisodiy salohiyati haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkoniyati yaratib berildi.

Aytish joiz, tomonlar o‘rtasida imzolangan rasmiy hujjatlarda taraflar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishdan manfaatdor ekanini bayon qilishgan. Aloqalar turizm, sport, madaniyat, san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan-texnika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va savdo kabi sohalarni qamrab oldi. Shuningdek, kelgusida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, viloyatimizda ushbu hududlar sarmoyadorlari ishtirokida zamonaviy quvvatlarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Misol uchun, Eron tomoni bilan erishilgan kelishuvda turizmni yanada ravnaq toptirish, hududlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ayni jabhada ikkala viloyat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni keng ommalashtirishga katta e’tibor qaratildi. Qolaversa, mazkur o‘lka ishbilarmon doiralari viloyatimizning baliqchilik, bank-moliya, qurilish, oziq-ovqat va nooziq-ovqat sanoatiga investitsiya yo‘naltirishga xayrixohlik bildirgan.

Suma viloyati ma’muriyati bilan imzolangan memorandumda ham o‘zaro hamkorlikni jadal rivojlantirishga birinchi navbatdagi vazifa sifatida qaralgan. Tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va savdo kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan tashqari eksport va importga keng yo‘l ochish, savdo uyi tashkil etish kabi masalalarni ham ko‘rib chiqadi. Shuningdek, Ukraina ishbilarmonlari bilan birga viloyatimizning Chiroqchi tumanida kichik sanoat zonasi barpo etish ham e’tiborga olingan. Bu maqsadlarda Suma viloyati biznesmenlari sarmoyasini jalb etgan holda qo‘shma korxonalar tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, uzoq muddatga mo‘ljallab amalga oshirilayotgan ushbu hamkorlik aloqalari o‘z samarasini ko‘p kuttirmasligi aniq. Xorijiy sarmoyadorlar vohamiz iqtisodiyoti tarmoqlariga kapital kiritib yuqori naf olishdan manfaatdor. Zero, buning uchun barcha sharoit, qulay investitsiyaviy muhit mavjud. Ularning investitsiyaviy faoliyatidan esa viloyatimizga ham foyda: avvalo, yangi quvvatlar ishga tushadi, zamonaviy texnologiyalar olib kiriladi, odamlarimiz doimiy daromad manbai, mustahkam ish o‘rniga ega bo‘ladi.

M.JO‘RAYEV

 

Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlog‘ida joylashgan 2-sonli shifoxona 3 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev qatnashdi va hudud aholisini zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi ochilishi bilan muborakbod etdi.

2017 yilning avgust oyida Muborak gazni qayta ishlash zavodi tasarrufida “Muborak TEKS” paypoq ishlab chiqarish fabrikasi ish boshlagan edi. Har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirilgan loyiha o‘zini oqladi. O‘tgan sakkiz oy davomida korxona sezilarli yutuqlarga erishdi.

Ayni vaqtda subyektda paxta tolasidan oyiga 300-350 ming juft paypoq tayyorlanmoqda. Mahsulot o‘zining sifati va narxi maqbulligi bilan xaridorlarga ega bo‘lib ulgurdi. Ko‘plab xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan istiqbolli shartnomalar imzolangan. Bu esa jamoani yanada ruhlantirib, faoliyatni kengaytirishga, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishga undamoqda.

- Fabrikamizda paypoq mahsulotlaridan tashqari ishchi kiyimlar, maxsus formalar ishlab chiqarishni ham boshladik, - deydi “Muborak TEKS” MCHJ marketing bo‘limi xodimi G‘anisher Xaytaliyev. – Yiliga 18 mingdan oshiq maxsus kiyim ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Hozirgi vaqtda bir qancha korxonalar bilan ana shu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.  Bundan tashqari, ishlab chiqargan mahsulotlarimizni ichki bozorlar orqali sotishga e’tibor qaratayapmiz. Xususan, joriy yilda Qarshi, Shahrisabz, Kitob shaharlarida, shuningdek, Koson, Chiroqchi, G‘uzor va Muborak tumanlarida savdo markazlarimizni ochish bo‘yicha ish olib borayapmiz.

Ahamiyatli jihati, hududlarda bu kabi salohiyatli ishlab chiqarish korxonalarining ko‘payishi eng avvalo hudud aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirlaydi. Birgina, “Muborak TEKS” fabrikasi misolida oladigan bo‘lsak, korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, 123 nafar mahalliy yosh ish bilan ta’minlangan edi. Ishlab chiqarish quvvatining oshishi, faoliyatning kengayishi bilan ularning soni 194 nafarga yetdi. Yangi loyihalar ham to‘liq ishga tushgach, o‘z-o‘zidan yana ellikka yaqin xodimga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Jahongir BOYMURODOV

    Bugungi kunda yurtimiz dehqonlari jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ular ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, intensiv usullarni keng qo‘llash evaziga sifatli va mo‘l hosil olishga erishmoqda. Binobarin bizda shunday sharoit borki, aholi ehtiyojidan ortgan, sara noz-ne’matlarni yil davomida xorij mamlakatlariga uzluksiz yo‘llash mumkin. Bu borada viloyatimizning imkoniyatlari ham yuksak baholanadi.

Eksportbop mahsulot yetishtirishni tashkil etishda Nishon tumanida ham salmoqli ishlarga qo‘l urilmoqda. Hudud sohibkorlari yerdan unumli foydalanish, odatdagidan ertachi hosil olish, xullas, ko‘ringan kichik bir imkoniyatdan ham sezilarli natija chiqarishni maqsad qilgan. Tumandagi “Ismoil eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham bunga misol bo‘ladi. Ushbu agrofirma faoliyati o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tadbirkorlik subyektiga Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi yaqinidan ajratib berilgan 4 gektar yer maydonida qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlar bajarildi. 2,5 gektar joyda zamonaviy issiqxona inshootlari barpo etildi. Yirik majmuada nihollarni o‘stirishda tejamkor texnologiyalardan foydalanilmoqda. Jumladan, o‘simliklarni suvlash uchun tomchilatib sug‘orish tizimi, issiqxona ichini shamollatish uchun ventilyatsiya jihozlari o‘rnatilgan.

- Dehqonchilik ishlarini asosan kuz-qish mavsumida bajaramiz, issiqxonada kerakli haroratni ushlab turish uchun esa  doimiy issiqlik talab etiladi, - deydi agrofirma direktori Kamoliddin Sodiqov. – Biz bunga ham innovatsion yondashdik. Yonimizdagi korxona mavjud quvvatlarni yurgizib turish uchun issiq suv ishlatadi. O‘z vazifasini o‘tagan va ilib qolgan suv qayta isitishga yuboriladi. Ushbu manba issiqxonamizni ham isitishga asqatadi. Bu borada zavod bilan kelishuvga erishib, ikkilamchi suvdan maqsadli foydalanayapmiz.

Albatta, ishlab chiqarish imkoniyati keng bo‘lsa, mahsuldorlik yuqori bo‘lishiga erishiladi. Buni mazkur tadbirkorlik subyektiga tegishli issiqxona misolida ham ko‘rish mumkin. 1 gektar maydonda bodring va pomidorning hosildorligi yuqori navlari parvarish qilinmoqda. Bir muddat avval pishib yetilgan mahsulotlarni terib olishga ham kirishilgan. Shuningdek, 1,5 gektar hudud achchiq qalampir o‘stirishga ajratilgan. Uni issiqxona sharoitida parvarishlash qiyin bo‘lsa-da, dehqonlar ilm asosida ko‘chatlarning to‘liq baravj rivojlanishiga sharoit hozirlagan.

- Achchiq qalampir yer tanlaydi, ekin maydoni unumdor bo‘lishi kerak, - deydi korxona agronomi Jamoliddin Sodiqov. – Bu joy ayni biz kutgandek chiqdi. O‘tgan yili noyabr oyida nihollarni ekib chiqqandik. Ko‘chatlarni o‘zimiz urug‘idan tayyorladik. Hozir achchiq qalampirning ikki xil navini yetishtirayapmiz. Biri mahalliy, boshqasi xorijniki. Ma’lumki, bu mahsulotning sifati uning achchiqlik darajasi bilan belgilanadi. Bizning mahsulot ham ushbu talablarga to‘la javob beradi. Shu bois terib olinadigan hosilning asosiy qismini eksportga yo‘naltiramiz.

Mutaxassislar fikricha, achchiq qalampir yetishtirish serdaromad ish hisoblanadi. Dunyoda uning xaridori ko‘p. Shu sabab so‘nggi vaqtda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mazkur yangi yo‘nalish tez ommalashmoqda. G‘o‘za parvarishlash uchun hosildorligi past maydonlarda ushbu ekinni ekishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bir gektar joyga achchiq qalampir ekib, o‘rtacha 15-20 tonnagacha xosil olish mumkin. Bunda qayta ishlangan hajm 3-4 tonnani tashkil etadi.

Agrofirma rahbarining aytishicha, ochiq joyda xaridorgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. Joriy yilda shu maqsadda tadbirkorga tuman hududidan 7 gektar yer ajratildi. Uning teng yarmida qovun, qolganida achchiq qalampir parvarishlanmoqda. Bu mahsulotlar ham eksportga mo‘ljallangan.

- Yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilgan, bu esa bizni mazkur yo‘nalishda faol ish olib borishga rag‘batlantirdi, - deydi ishbilarmon. – Tashqi bozor talabini o‘rganib, chet ellik hamkorlar bilan aloqa o‘rnatdik. Xususan, rossiyalik hamkorlarimiz bilan manfaatli shartnoma tuzdik. Uning umumiy qiymati 150 ming AQSH dollariga yetadi. Kelishuv doirasida xorijliklarga achchiq qalampir, pomidor, bodring, karam va sabzi kabi sabzavotlarni yetkazib beramiz. Bundan tashqari, yana bir eksportbop dorivor o‘simlik – rozmarin yetishtirishni boshlayapmiz. Shu maqsadda 50 sotix yerni tayyorladik. Yaqin orada ko‘chatlarni o‘tqazamiz.

O‘z o‘rnida ushbu yirik majmuaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun katta ishchi kuchi ham kerak.  Hozirgi kunda dehqonchilik yumushi, parvarish, yig‘ib-terish, ko‘chat o‘stirish bilan 35 nafar kishi shug‘ullanayotgani fikrimizning isbotidir. Ular bugun agrofirmada ishlab, doimiy daromad topish imkoniga ega. Kelgusida mavjud ish o‘rinlari soni yanada ortishi ehtimoli katta. Chunki tadbirkor yana 1 gektar maydonda mahobatli issiqxona qurishni rejalashtirgan. Faoliyatdan kelayotgan daromad va tijorat banki taqdim etadigan kredit ushbu tashabbus tez fursatda amalga oshishiga sharoit yaratadi. Yangi inshootda ham xorijda talabgir mahsulotlar yetishtirishga asosiy urg‘u beriladi.

Mirzohid JO‘RAYEV

Bunga sabab bo‘lgan bir qator omillar bor. Birinchidan, korxona a’zolari oilaviy tadbirkor degan nomga har tomonlama munosib. Chunki bu yerda oilaning har bir vakiliga alohida vazifa yuklatilgan.

Misol uchun, xonadon sohibasi Malohat Aminova ham tashkiliy, ham hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullanadi. Qizi Madina Jo‘rayeva esa tikuvchilik sexini yuritadi hamda bichuv ishiga mas’ul. O‘g‘li, ayni vaqtda oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan Azamat Jo‘rayevga ham yumush tekkan. Grafika, ya’ni kiyimlarga turli yozuv, rasm va logotip bosishni faqat u bajaradi. Muayyan vazifalarga ixtisoslashuvning mavjudligi korxona yutuqlarini oshirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning  xaridorgir bo‘lishiga xizmat qilayapti.

- Faoliyatimizni tashkil etishda o‘z mablag‘imiz va tijorat banki kreditidan foydalanganmiz, - deydi yosh ishbilarmon Madina Jo‘rayeva. – Asosiysi, sarmoyani to‘g‘ri yo‘naltira oldik. 30 donaga yaqin tikuv mashinasi sotib olganmiz. Mavjud binoni tikuvchilik sexiga moslashtirdik va zarur tartibda jihozladik. Hozirgi kunda 5 nafar tikuvchi xotin-qiz bilan ish olib borayapmiz. Asosan buyurtma asosida ishlaymiz. Maxsus kiyimlar, maktab o‘quvchilari formalari, erkaklar va ayollar liboslari ishlab chiqarmoqdamiz. Shuningdek, bolalar kiyim-kechaklarini tikishni ham o‘zlashtirdik. Ustoz-shogird an’anasi asosida esa mahallamiz yoshlariga chevarlik sirlarini o‘rgatayapmiz. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Oilaviy korxona sohiblarining ta’kidlashicha, hozirda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, yaqin istiqbolda keng miqyosda jinsi shimlar ishlab chiqarishni tashkil etish mo‘ljallangan. Yana bir yangi mahsulot – maxsus cho‘milish kiyimlari tikishni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Allaqachon mahsulotlar namunalarini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun savdo do‘koni barpo etish ham rejada yo‘q emas.

M.SHUHRATOV

Manba: Qashqadaryogz.uz

Agar tadbirkor o'z mahsulotini sifatli qilib ishlab chiqarsa, avvalo, boshqalar bilan raqobatda yutib chiqadi, taklif etayotgan tovari esa ichki bozordan   mustahkam joy egallaydi. Albatta, talab darajasidagi mahsulot xorijlik xaridor e'tiboridan ham chetda qolmaydi. Bu esa tashqi bozorga keng yo'l ochadi. Bugun yurtimiz ishbilarmonlari ana shu bosqichlardan o'tib, yakunda eksport faoliyati bilan ham muvaffaqiyatli shug'ullanmoqda.

Ma'lumki, mamlakatimizda joylardagi bo'sh turgan davlat mulki ob'ektlaridan maqsadli foydalanish, ularni muayyan majburiyatlar asosida “nol” xarid qiymatida tashabbuskor tadbirkorlarga berish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ahamiyatlisi, bu amaliyot o'zining yuqori samaralarini bermoqda, foydalanilmay kelinayotgan bino va inshootlar negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, xizmat ko'rsatish shoxobchalari faoliyati yo'lga qo'yilishiga sharoit hozirlanayapti.

    Bugungi kunda mamlakatimiz nafaqat paxta yetishtirish, balki uni qayta ishlash borasida ham dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda yurtimizda ishlab chiqarilgan paxta tolasining atigi 7 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshdi. 2020-yilga borib esa “oq oltin”ni to‘liq o‘zimizda chuqur qayta ishlashni tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun ushbu davrda 120 ta yangi tekstil korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘ndan ortiq ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Ta’kidlab o‘tish joiz, paxta yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinlarda turadigan viloyatimizda ham paxta tolasini qayta ishlash salohiyati yuksalib bormoqda. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda bir nechta istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarilgani shunga imkon berayotir.

Buni Koson tumanidagi “Bunyodkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ham ko‘rish mumkin. Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona mavjud quvvatlarning ma’nan eskirganligi, sifat talablariga javob bermasligi bois bir necha yildan buyon faoliyat ko‘rsatmay kelayotgandi. Endilikda korxona negizida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, paxta tolasiga chuqur ishlov berishdan tortib, tayyor mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan yirik majmua bunyod etilmoqda.

- Loyihamizning birinchi bosqichida qiymati qariyb 4 million AQSH dollariga yaqin bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirdik, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Jamshid Saydaliyev. - Xorijdan yiliga 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniga ega dastgohlar olib kelib, o‘rnatildi. Biz foydalanayotgan texnologiya paxta tolasini pnevmatik, ya’ni xalqali usulda yigirishga asoslangan. Uning afzalligi shundaki, ip yigirish va pishitish  jarayonlari  aylanuvchi havo oqimi yordamida bajariladi, energiya kam sarflanadi. Bunday usulda olingan ipdan asosan trikotaj mato to‘qiladi. Bu mahsulotlarga Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya kabi davlatlar asosiy xaridor hisoblanadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda dunyo bozorida paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlarning xaridori ko‘p. Buni fevral oyidan faoliyat boshlagan ushbu korxonaga dastlabki davrdayoq xorijlik hamkorlar tomonidan 1,5 million dollardan ortiq hajmda mahsulot sotib olish bo‘yicha takliflar bildirilgani ham anglatib turibdi. Korxona rahbariyati ayni damda bu takliflarni ko‘rib chiqishmoqda va shu oydan boshlab mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirishgan.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar ishbilarmonlari o‘zi sotib olayotgan ip-kalavaga anchagina jiddiy talablar qo‘yadi. Mahsulot belgilangan pishiqlik va ingichkalik ko‘rsatkichlariga javob berishi lozim. “Bunyodkor” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichi esa ana shunday “injiq” xaridorlarning ham “ko‘zini o‘ynatadigan” mahsulot ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.

- Hozirgi kunda loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun ham ishlarni boshladik, - deydi Jamshid Saydaliyev. – Tez orada chet ellik hamkorlarimiz kelib, texnologiyalarni o‘rnatishni boshlaydi. Qiymati 11 million 600 ming AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha doirasida Germaniyadan eng zamonaviy texnologiyalar olib kelinadi. Shu asosda ikkinchi bosqich ishlab chiqarish to‘liq avtomatlashtirilgan tizimda amalga oshiriladi. Unda 90-nomerli ip-kalava tayyorlanadi. Aytib o‘tishim joiz, bu o‘lchamdagi iplar jahon bozorida, xususan, G‘arb mamlakatlarida juda qadrlanadi. Biz ham mahsulotni yuz foiz Yevropaga eksport qilishni mo‘ljallaganmiz.

Aynan, loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan korxona klaster usulidagi ish tizimiga o‘tadi. Bunda yerni shudgorlashdan tortib, paxta ekish, parvarishlash, hosilni yig‘ib olish va qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar korxona tomonidan va uning nazorati ostida amalga oshiriladi.

Loyihaning uchinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng esa korxona tomonidan ichki bozorga va xorijga faqat ip-kalava emas, balki tayyor matolar, kiyim-kechaklar ham chiqarila boshlaydi. Xorijdan olib kelinadigan zamonaviy texnologiyalar yiliga 2 ming tonnadan ortiq ana shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradi.

2020-yilga qadar mo‘ljallangan loyiha to‘liq amalga oshishi natijasida 900 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Page 1 of 8

Manzilimiz


Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik Maydoni,1
Pochta indeksi:180100
Telefon
: 0(375)221-12-88, 0(375)221-03-81
Faks
: 0(375)221-13-40
Veb-sayt
http://www.qashqadaryo.uz
Elektron pochta
Yaqin jamoat transport to`xtash joylari 
Milliy bank va Mustaqillik Maydoni bekati
Avtomashrut
1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,
37,44,462,11,21,37,33

Hozir saytimizda

Bizning saytimizda 64 mehmonlar va ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar 0

Bosh sahifa

Qabul kunlari

A- A A+

Rahbariyatga murojaat etish

Rahbariyatga murojaat etish

Viloyat hokimligining umumiy bo'limiga murojjat etish (Yangi oynada ochiladi)

Mobil versiya

Mobil versiyaga o'tish

Bog'lanish

Ishonch telefon raqami 
0(371) 200-55-05 
Ishonch telefon raqami reglament
Yagona telefon raqami
0(375) 221-07-60 
Yagona telefon raqami reglamenti

Batafsil>>>

Biz bilan bog'lanish

Sahifa adressi

Maxsus imkoniyatlar

K'orinish

Pastda o'zingizga kerakli parametrni tanlasng
Blue Green Red Radian
Select menu
Google Font
Body Font-size
Body Font-family